O‘zbekistonda 1-avgustdan nimalar o‘zgaradi? Elektr energiyasi hisob-kitobining yangi tizimi va chiptalarga chegirmalar
2024-yil avgust oyidagi asosiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot beramiz.
2024-yil 1-avgustdan boshlab respublika bo‘ylab aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasini hisobga olish uchun billing tizimi joriy etiladi, unda abonentning ism-familiyasi, pasport maʼlumotlari va hisob-raqami bilan birga kadastr ma’lumotlari va bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi maʼlumotlar mavjud bo‘ladi.
Hozirda u Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida test rejimida ishlamoqda.
Avtomobil raqamlari
Avtomobillar uchun davlat raqami Ichki ishlar vazirligi YHXB elektron tizimining “Davlat raqami belgilari” moduli orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Yer uchastkalari auksionlari
Zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.
Yotoqxonalar
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab barcha talabalar davlat oliy o‘quv yurtlarining talabalar turar joylariga onlayn tarzda joylashtiriladi. Shu bilan birga, arizalar 1-avgustdan o‘quv yili oxirigacha qabul qilinadi.
Chegirmalar
2024-yilning avgust-oktabr oylarida futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar, shuningdek, chempionatga chiptaga ega bo‘lgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yo‘l chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy etiladi.
Chiqindilardan energiya
Barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiy chiqindilar muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun to‘liq hajmda Loyiha kompaniyasiga o‘tkaziladi. Tibbiyot muassasalari tomonidan issiqlik energiyasini xarid qilish belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi. Issiqlik energiyasini yetkazib berish belgilangan tartibda boshqa shaxslarga ham berilishi mumkin.
Biznes forum
2024-yil avgust oyida Qoraqalpog‘istonda xalqaro biznes-forum o‘tkaziladi, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda investorlar jalb etiladi, 2024-yil yakuniga qadar esa “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqarish kompaniyalari brendlari jalb etiladi.
Investitsiya
O‘zbekistonda kichik sanoat zonalari va yoshlar tadbirkorlik subyektlari ishtirokchilarining investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarini bajarish natijalarini qabul qilish yagona direksiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Ular kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish muddati boshlangan sanadan boshlab uch oy mobaynida o‘tkaziladi.