Ozempik: xushbichimlik ukoli haqidagi barcha haqiqat. Uning xavfi nimada?
Ozempik – 2024-yilda ozishning asosiy trendlaridan biri: preparat nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki mashhurlar orasida ham shov-shuvga sabab bo‘ldi. TikTok blogerlari “ozish ukoli”ning sehrli xususiyatlariga qoyil qolishda davom eеmoqda, Kim Kardashyan va Ilon Mask kabi yulduzlar uning xususiyatlarini o‘zlarida sinab ko‘rmoqda, shifokorlar esa hayratda. Odamlar ideal qomat uchun nimalar qilishga qodir.
Ozempik: bu nima va qanday ishlaydi?
“Ozempik” – bu asosiy faol moddasi semaglutid bo‘lgan dori ekanidan boshlaymiz. Uning maqsadi – organizmga shunday ta’sir qilishi kerakki, natijada ishtaha pasayib, to‘qlik hissi qo‘shimcha ovqatni xohlashdan oldin keladi. “Ozempik” bilan ozishingiz mumkinligi aniq: siz kam ovqatlanasiz va natijada vazn yo‘qotasiz. Bu faqat sun’iy yo‘l bilan amalga oshiriladi.
Dastlab, “Ozempik” qondagi glyukozani kamaytirishga yordam beradigan diabetga qarshi dori hisoblangan. Ammo nimadir noto‘g‘ri ketdi va undan maqsadli foydalanmaslik, shuningdek, analoglari ishlab chiqarila boshlandi.
Masalan, AQSh oziq-ovqat va dori vositalarini nazorat qilish idorasi (FDA) “Ozempik” analogini vazn yo‘qotadigan dorilar ro‘yxatiga kiritdi. Uning “doimiy” nomi “Wegovy”. Mutaxassislar uning samaradorligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etishni unutishmadi. Bu yerda shuni ta’kidlash kerakki, “Ozempik”ning ushbu kichik turini faqat AQShda topish mumkin.
“Ozempik”ni dorixonadan sotib olish mumkinmi?
Yo‘q, harakat ham qilmagan ma’qul. O‘zboshimchalik bilan ozish o‘z-o‘zini davolashga o‘xshaydi – eng yoqimsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu preparatni faqat tajribali shifokor nazorati ostida qabul qilish kerak, u kerakli dozani aniqlay oladi va har qanday vaqtda uni to‘xtatishi mumkin.
“Ozempik”ning keng tarqalgan nojo‘ya ta’sirlari:
“Ozempik” va oshqozon-ichak trakti: diareya, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin shishi va ichakdagi og‘riq, shuningdek, zaiflik, ishtaha yo‘qligi yoki aksincha ortishi ko‘rinishidagi boshqa noxush oqibatlar. Terlashning kuchayishi, uyqusizlik va tunda qo‘rqinchli tushlar bilan bog‘liq holatlar ham qayd etilgan.
Kimlarga “Ozempik” qabul qilish mumkin emas?
1-toifa diabet bilan kasallangan bemorlar, homilador ayollar, emizikli onalar, onkologik kasalliklarga chalinganlar, endokrin kasalliklari bo‘lganlar, surunkali yurak yetishmovchiligi va allergik reaksiyalarga moyil odamlarga.
Qaysi mashhurlar “Ozempik” yordamida ozgan?
Ushbu ismlar ijtimoiy tarmoqlar va g‘arb ommaviy axborot vositalarining xabarlari tufayli ro‘yxatga kiritilgan. “Ozempik” yordamida ozgan mashhurlar ro‘yxati quyidagicha: qo‘shiqchi Lana Del Rey, bloger Kim Kardashyan, qo‘shiqchi Kristina Agilera, Madonna, Ledi Gaga va, albatta, dunyoning eng boy odami Ilon Mask. Milliarder o‘zining Twitter sahifasida “Ozempik”ning analogi “Wegovy” yordamida 9 kilogramm vazn yo‘qotganini aytgandi.
“Ozempik” qabul qilganini yashirmaydigan yulduzlar orasida aktrisa Rebel Uilson ham bor: “Sunday Times” gazetasiga bergan intervyusida “Vegasdagi qizlar bazmi” yulduzi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va 90 kg ortiqcha vazndan so‘ng aynan “ozish ukoli” yordamida vaznni ushlab turgani bilan maqtandi.