РУ
O’Z
UZS
/
/
Parkinson kasalligining rivojlanish sabablari
13.07.2024

Parkinson kasalligining rivojlanish sabablari

Parkinson kasalligining rivojlanish sabablari
Muallif
Leyla Li

Parkinson kasalligi yoki idiopatik parkinsonizm sindromi, titroq falaji – surunkali asta-sekin zo‘rayib boradigan nevrologik kasallik. U degenerativ patologiyalar qatoriga kiradi. Ko‘pincha 60 yoshdan oshgan odamlarda namoyon bo‘ladi. Lekin shunday hollar ham bo‘ladiki, kasallik yoshroq odamlarda ham kuzatila boshlaydi.

 

Kasallik harakat faolligi, mushaklar tonusi, fikrlash jarayonlarini nazorat qilishda ishtirok etadigan neyromediator dofamin ishlab chiqaradigan neyronlar destruksiyaga uchrashi tufayli rivojlanadi.

Ingliz shifokori, kimyogari va geologi Jeyms Parkinson ‘‘Titroq falaji haqida esse’’ni 1817-yilda yozgan, kasallik alomatlari esa ancha oldin tasvirlangan. Shunga qaramasdan, hozirgi kunga qadar olimlar ushbu kasallik rivojlanishining aniq sabablari haqida yagona fikrga kela olishmaydi.

Birlamchi va ikkilamchi parkinsonizm mavjud. Ularning ko‘rinishlari bir-biridan farq qilmaydi, lekin sabablari har xil va ikkilamchi holatda bu aniqroq. Xususan, bosh miya jarohatlari, miya insultlari, bosh miya o‘smalari, turli intoksikatsiyalar ikkilamchi parkinsonizmga ishora qiladi. Parkinsonning mazkur turi doirasida ma’lum dori preparatlarini qabul qilgandan keyin medikamentoz parkinsonizm ham paydo bo‘lishi mumkin.

Kasallik nomini eshitganda birinchi navbatda hayolga keladigan birlamchi sabablar hammasidan murakkabroq, parkinsonni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining dalillar bazasi yo‘q. 

Shunga qaramay, ushbu kasallikning paydo bo‘lishiga nazariy jihatdan ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy sabablar ajratib ko‘rsatilgan:

  • genetik mutatsiyalar;
  • atrof-muhitning noqulay sharoitlari, shu jumladan sanoat va transportning ifloslanishi, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan va keyinchalik oziq-ovqatga tushadigan pestitsidlar va gerbitsidlar.

Ko‘p sonli tadqiqotlar hozircha kasallikning rivojlanishiga yosh, genetika va ekologiya birgalikda ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida gapirmoqda, bu omillar dofamin ishlab chiqaruvchi nerv hujayralarining o‘limiga olib keladi.

Parkinson kasalligi belgilari:

  • harakatlarning sustligi;
  • qo‘l-oyoq va boshning titrashi;
  • harakatlarni muvofiqlashtirishning buzilishi;
  • mayda-mayda qadam tashlab yurish;
  • harakatlanayotganda gavdaning oldinga ortiqcha egilishi;
  • yurish jarayonida harakatni boshlash va to‘xtashning qiyinligi;
  • mimikaning kamligi;
  • yutish, chaynash, gapirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar;
  • yuqori darajadagi xavotir va depressiv kayfiyat.

Bu simptomlarning barchasi darhol e’tiborni tortmaydi, kasallik sekin rivojlanadi, shuning uchun u boshlang‘ich bosqichlarda o‘zini aniq namoyon qilmasligi mumkin.