РУ
O’Z
UZS
/
/
Qanday qilib 100 yoshgacha yashash mumkin? Sayyoradagi eng keksa odamlarning sirlari
01.07.2024

Qanday qilib 100 yoshgacha yashash mumkin? Sayyoradagi eng keksa odamlarning sirlari

Qanday qilib 100 yoshgacha yashash mumkin? Sayyoradagi eng keksa odamlarning sirlari

So‘nggi yillarda uzoq umr ko‘rish trendga aylanmoqda, bunga muvaffaq bo‘lganlar esa o‘z hikoyalari bilan yosh avlodga motivasiyaga bermoqda. Xo‘sh, ularning siri nimada va qanday qilib 100 yilgacha yashash mumkin? Sayyoramizdagi eng keksa odamlarning uzoq umr ko‘rishga oid maslahatlar va sirlariga asoslangan holda tavsiyalar to‘pladik. 

Sog‘lom ovqat iste’mol qiling va pazandalik ko‘rsatuvlarini tomosha qiling 

108 yoshga qadam qo‘ygan amerikalik Jin Stivens uzoq umr ko‘rish retsepti bilan bo‘lishdi. 2023-yilda “News Channel 6” telekanaliga bergan intervyusida Stivens shunday degandi: 

“Onamning maslahatiga quloq tutdim. U har doim sabzavot va mevalarni yaxshi ko‘rish kerakligini aytgandi”.

U pazandalik bo‘yicha televizion shoularga bo‘lgan muhabbati ham uni abadiy yosh qolishiga yordam berganini qo‘shimcha qildi.

Uzoq umr ko‘rayotgan Deyzi MakFadden dietologlarning sog‘lom ovqatlanish haqidagi teoriyasi uzoq umr ko‘rish siri ekanini tasdiqlaydi. Ayol ko‘p yillar davomida faqat donga boy mahsulotlar, sabzavot va baliq iste’mol qilayotganini tan oldi. Go‘sht, sut mahsulotlari va tuxum ham uning menyusidan o‘rin olgan, lekin kam miqdorda. 

Hayot bir marta beriladi – ayrim mahsulotlarni iste’mol qilishingizga ruxsat bering

100 yoshni qarshilagan MakFadden ba’zan sevimli shokoladli pechenye va “Qonli Meri” kokteylini iste’mol qilib turadi. Uning do‘sti Viola Krouson esa burgerlarni yaxshi ko‘radi, shifokorining ruxsati bilan ularni tanovvul qiladi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, haftada bir marta va kam miqdorda shakar yoki qizil go‘sht iste’mol qilib turish ham yaxshi odatdir. 

119 yoshga to‘lgan yaponiyalik Kane Tanaka esa hech qachon qahva va shirinliklarni iste’mol qilishdan voz kechmagan. U sayyoradagi eng keksa ayol deb tan olinganida, unga katta qutida shokoladlar sovg‘a qilishgan. Jurnalistlar qancha shokolad yeya olishini soʻrashganida, Tanaka jilmayib, yuzta, deb javob qaytargan. 

Ko‘p o‘ylamang, shunchaki bajaring

Pijamada va bir dunyo sneklar bilan televizor ko‘rib yotish mazza bo‘lsa-da, bunday odat “qabrga tezda yetaklaydi”, deydi qariya Viola Kronson. Amerikalik ayol ko‘p yillar oldin pensiyaga chiqqaniga qaramay, u hali ham budilnik jarangi bilan uyg‘onadi, sochlarini turmaklab, makiyaj qiladi, yoqtirgan libosini kiyib, cherkovga boradi. U yoshlikdagi xatolarini eslamaslik uchun doim bir nimalar bilan band bo‘lishni afzal ko‘radi.  

Miya va oyoqlaringizni mustahkamlang 

“Miya uchun eng yaxshi mashg‘ulot krossvordlardir. Bu mening uzoq umr ko‘rish sirim”, – deydi Elmer Iston. 
 

Shifokorlar ham uning bu nazariyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ularning fikriga ko‘ra, nafaqat jismoniy, balki aqliy tarbiya ham 100 yilgacha yashashga, teran fikrlashga hissa qo‘shadi.

Istonning yana bir layfhaki yurishdir. U eng keksa odamlardan biri bo‘lishiga qaramay juda ko‘p yuradi, lift va eskalatorlardan foydalanmaydi, chiqindilarni ko‘chaga o‘zi olib chiqadi, qarindoshlari va hamshira yordamisiz o‘z ixtiyori bilan pochtaga boradi. 

Oilangiz haqida unutmang va “toksik” insonlardan saqlaning 

Dunyodagi eng keksa ayol sifatida tan olingan Mariya Branyas Morrera 2023-yilda bergan intervyusida oilasi va hayotdagi boshqa “narsalar” unga 117 yoshga to‘lishga yordam berganini aytgandi.

“Oilangiz bilan xotirjam va yaxshi munosabatlar hissiy barqarorlikni ta’minlaydi va bu 100 yosh emas, 117 yoshgacha yashashga yordam beradi. Shu bilan birga, xavotir va afsuslanmaslik, “toksik” odamlardan qochish kerak”, – degan u. 

Hazilkashlik odatingizni yo‘qotmang 

Ushbu usul shotlandiyalik Jessi Gallanga 109 yoshgacha yashashga yordam bergan ko‘rinadi. Uning hazil-mutoyiba bilan fikrlashi asosida shunday xulosaga keldik. 

“Uzoq umr koʻrishimning siri yomon erkaklardan uzoq bo‘lishdir. Ulardan hech qanday foyda yoʻq. Uzoq umr ko‘rishimga sabab — kunduzi sport bilan shugʻulanaman, nonushtaga issiq bo‘tqa yeyman va hech qachon turmushga chiqmaganman”, – dedi u. 

Tabassum qiling 

Yaponiyalik Titesu Vatanabe 112 yoshida vafot etgan va uzoq umr ko‘rish sirini oshkor qilishga ulgurgan. Uning siri juda oddiy tuyulsa-da, hamma ham bunga amal qilmaydi.

“Jahl qilmang, tabassum qiling”, –  degan edi Titesu. Qarindoshlarining xotirlashicha, Vatanabe hech qachon baqirmagan va jahli chiqmagan. U doim maqtovlar aytib, boshqalarga g‘amxo‘rlik qilgan. 

Har bir narsaning me’yorini biling 

“Agar siz juda ko‘p ichsangiz, yesangiz, sayr qilsangiz – farqi yo‘q, shunchaki biror narsani haddan tashqari ko‘p qilsangiz, azob chekasiz. Azob esa 100 yoshgacha yashashga yordam bermaydi”, — deydi uzoq umr ko‘rish bo‘yicha rekordchi Jon Tinnisvud. 

U yaqinda 111 yoshini nishonladi va buning sharafiga G‘arb ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi.  Shu sababli u bir oz qovurilgan kartoshka iste’mol qilishda hech qanday yomonlik ko‘rmaydi, ammo Jon hech qachon tamaki chekmagan va barchaga bu zararli odatni tezroq tashlashni maslahat beradi.