РУ
O’Z
UZS
/
/
Savol: tishlarni elektr cho‘tka bilan qanday tozalash kerak va tish tozalashda irrigator qanchalik samarali?
16.07.2024

Savol: tishlarni elektr cho‘tka bilan qanday tozalash kerak va tish tozalashda irrigator qanchalik samarali?

Savol: tishlarni elektr cho‘tka bilan qanday tozalash kerak va tish tozalashda irrigator qanchalik samarali?

Gollivud tabassumi yo‘lidagi dastlabki qadamlar yoki elektr cho‘tka va irrigator sotib olishdan oldin bilishingiz kerak bo‘lgan barcha narsa. Saqlab qo‘ying!

Elektr tish cho‘tkasi va irrigator – tish shifokorlarining foydasiz alternativalari va ixtirolari emas, balki tish parvarishi jarayonini soddalashtiradigan va vaqtingizni, keyinchalik esa pulingizni tejaydigan zamonaviy gadjetlardir. Odatiy tish cho‘tkasidan farqli o‘laroq, ular og‘iz bo‘shlig‘ini turli xil nalyotlar va oziq-ovqat qoldiqlaridan yaxshiroq tozalaydi, ya’ni ular tish kariyesi rivojlanish xavfini kamaytiradi, shunda siz tish shifokoriga kamroq tashrif buyurasiz. 

Agar ushbu “texnologiya mo‘jizalarini” allaqachon sotib olgan bo‘lsangiz, unda ulardan qanday to‘g‘ri foydalanish kerakligi haqida batafsil aytib beramiz. 

Aylanadigan elektr tish cho‘tkasi bilan tishlarni qanday tozalash kerak? 

Avval, elektr tish cho‘tkasida qanday nasadka qo‘yilganini bilib olish lozim. Agar yumaloq aylanuvchi nasadka qo‘yilgan bo‘lsa, u holda cho‘tkaning qilli qismi tishni har tomonlama qoplab turishi kerak.

  • Tish pastasini cho‘tkaga siqib chiqaring, iliq suv bilan namlang;
  • Avval tishning tashqi yuzasini tozalang va shundan so‘nggina ichki tomondan tozalashga o‘ting. Oxiri esa – tishlarning tepa, ya’ni chaynash zonasi.
  • Tozalash paytida cho‘tkani yuqoridan yengil bosing – shunda tish bo‘shliqlarini yaxshiroq tozalay olasiz;
  • Har bir tishni 3-4 soniya davomida tozalash tavsiya qilinadi. 

Oval nasadka bo‘lsa-chi? 

Jarayon o‘xshash, faqat bajarish texnikasi o‘zgaradi.

  • Tish pastasini suv bilan namlangan cho‘tkaga siqib chiqaring;
  • Endi uni tish yuzasiga 45 daraja burchakda joylashtiring. Shunda cho‘tkaning boshi ikkita tishni yopishi kerak;
  • Cho‘tkani tishlar bo‘ylab quyidagi tartibda tekis harakatlantiring: tashqi tomon, ichki tomon, chaynash zonasi. 

Maxsus ko‘rsatmalar bormi? 

Har bir narsada bo‘lgani kabi, ha. Elektr cho‘tkasining qillari nafaqat tishlarga, balki milklarning pastki qismiga ham tegishi kerakligini yodda tuting (ular ham iflosliklardan tozalanishi kerak).

Ko‘pgina zamonaviy cho‘tkalar maxsus bosish sensori bilan jihozlangan – agar sizda bo‘lmasa, bosish kuchingizni nazorat qiling: milklarni shikastlamaslik uchun cho‘tkani juda qattiq bosmang. 

Bolalar ham elektr tish cho‘tkasidan foydalanishi mumkinmi? 

Mumkin, faqat uch yoshdan boshlab va ota-onalar nazorati ostida, yaxshisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularning yordami bilan bajarilgani yaxshi. Bajarish texnikasi o‘shanday. Aytgancha, bu bolani tish shifokoriga tashrif buyurishga tayyorlashning ajoyib usuli (elektr tish cho‘tkasi tish shifokorining maxsus asboblariga o‘xshab ketadi) va shunchaki qiziqarli o‘yin orqali bolaga tish yuvishni odatga aylantirish mumkin. Muhimi, tishlarni tozalashni o‘yinga aylantirish va elektr cho‘tkasining chiroyli va qiziqarli dizayni bunga yordam beradi. 

Elektr cho‘tkani qanday saqlash kerak? 

Tishlaringizni cho‘tkalab bo‘lganingizdan so‘ng, nasadkani oqar suv ostiga yuvib tashlang. Cho‘tkani haftada bir marta (maksimal ikki marta) antibakterial vosita yordamida tozalang. Shuningdek, cho‘tka asosini profilaktika yuzasidan antiseptik bilan tozalashingiz mumkin. Cho‘tkani nam qoldirmaslikka harakat qiling, har doim quruting va g‘ilofda saqlamang. 

Nasadkani qachon almashtirish kerak? 

Elektr cho‘tkasi nasadkasi oddiy tish cho‘tkasi kabi almashtiriladi (uch oyda bir marta). Bundan tashqari, uni yuqumli kasalliklar yoki tish shifokorida professional tozalash qildirgandan keyin ham almashtirish kerak. Nasadkani o‘zgartirish kerak bo‘lgan yana bir sabab: cho‘tka qillari o‘z elastikligi va shaklini yo‘qotganda. 

Xo‘sh, elektr cho‘tkadan foydalanishni bilib oldik, endi navbat irrigatorga: u nima va qanday ishlaydi?

Statsionar yoki portativ irrigator – milklarda qon aylanishini yaxshilaydi, tishlardagi nalyotni osonlikcha va xavfsiz olib tashlaydi, zararli toshlar paydo bo‘lishining oldini oladi va eng muhimi – u cho‘tka yoki tish tozalovchi ip yetolmagan joylarga yetadi. Bularning barchasi esa tinimsiz keladigan suv oqimi tufaylidir. 

Irrigator kimlarga mos keladi va undan foydalanish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjudmi? 

Irrigator ko‘pchilikka, ayniqsa, implantlar, vinirlar, koronkalar yoki breketlar qo‘yilgan odamlar ishlatishiga mos keladi.

Foydalanish mumkin bo‘lmagan holatga kelsak, og‘iz bo‘shlig‘ida yallig‘lanish jarayoni, yaqinda tish olish operatsiyasi bo‘lgan bo‘lsa, doimiy ravishda milklarning qonashi (paradontoz kasalligi) kuzatilsa va tish emali juda nozik, sezgir bo‘lsa, qo‘llash mumkin emas. 

Irrigatordan qanday foydalanish kerak?

  • Uskunaning rezervuarini faqat xona haroratidagi suv (ichimlik yoki filtrlangan) bilan to‘ldiring;
  • O‘zingizga mos nasadkani tanlang va uni irrigator tutqichiga joylang;
  • Har bir qurilma tezlik regulyatoriga ega ekanini unutmang. Birinchi hafta minimal tezlikda foydalaning, milklaringiz moslashib olganda esa asta-sekin maksimal tezlikda foydalaning.
  • Jarayon quyidagicha bo‘ladi: irrigatorni og‘iz bo‘shlig‘iga solib, lablarni yoping. Qurilmani yoqib, oqimni tishlar orasidagi bo‘shliqqa va milkning tishga yaqin joyiga yo‘naltiring.
  • Kiyimingizga suv tegmasligi uchun rakovinaga ozroq egiling.
  • Irrigatordan idishdagi suv tugamaguncha foydalaniladi.