РУ
O’Z
UZS
/
/
SPF haqida aktual bo‘lgan 11 ta muhim savol va ularga javoblar
11.07.2024

SPF haqida aktual bo‘lgan 11 ta muhim savol va ularga javoblar

SPF haqida aktual bo‘lgan 11 ta muhim savol va ularga javoblar

Aksariyat odamlar SPF kremni faqat quyoshli ob-havoda ishlatadi, uni juda kam miqdorda suradi va noto‘g‘ri tanlaydi. Balki siz ham sanab o‘tilgan xatolarga yo‘l qo‘yarsiz. Buni tekshirib ko‘rish uchun avval SPF mahsulotlari haqidagi 11 ta eng ko‘p beriladigan savolga javob bering, shundan so‘nggina to‘g‘ri javoblarni o‘qing. 

SPF kremi faqat quyoshli kunlarda zarurligi rostmi?

Yo‘q. Mahsulot ultrabinafsha nurlar indeksi uch yoki undan yuqori bo‘lganda qo‘llanilishi kerak. Buning uchun tashqarida quyoshli havo bo‘lishi shart emas, chunki ultrabinafsha nurlanish bulutli havoda ham sodir bo‘ladi. Ob-havo ma’lumoti ilovasida ultrabinafsha nurlar indeksini ko‘ring va shunga qarab SPF kremni qo‘llang.

SPF krem ham kattalarga, ham bolalarga kerakmi?

Ha. Ammo bolalarning terisi yupqaroq, nozikroq va sezgirroq bo‘lishini inobatga olgan holda ularga minerallarga asoslangan losyon yoki molochko ko‘rinishidagi SPF tanlagan ma’qul. Agar tashqarida quyoshli havo bo‘lsa, uch yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar va bolalarni faqat soyada saqlashga harakat qiling. Quyoshdan kuyib qolishidan tashqari ular tezda qizib ketishi mumkin. 

SPF kremni tashqariga chiqishdan oldin qo‘llash kerakmi?

Yo‘q. Uni chiqishdan 15-30 daqiqa oldin surgan ma’qul. 

Ertalab surilgan krem bilan kun bo‘yi yursa bo‘ladimi?

Yo‘q. Bu yetarli bo‘lmaydi. Kremni har ikki soatda yangilab turish kerak. Ko‘p terlab, cho‘milsangiz va yuzingizni sochiq bilan artsangiz, darhol kremni yana surib oling. Sohil bo‘yi va ochiq havoda sport bilan shug‘ullanganda suv o‘tkazmaydigan kremni tanlang.

SPF kremning bir necha tomchisi yuzga yetarli bo‘ladimi?

Yo‘q. Odatda, uni ko‘proq, ya’ni qalin qilib surish kerak. Kremning aniq miqdori ikki omil: mahsulot turi (krem, molochko, flyuid, losyon) va teri turiga bog‘liq. Odatda, suyuq mahsulotni ko‘proq surish kerak. Dermatologlar kremni quyidagicha o‘lchab surishni tavsiya qiladi: mahsulotni ikki – ko‘tsatgich va o‘rta barmog‘ingizning ichki tomoniga siqib chiqaring. Bu yuzingiz uchun yetarlicha miqdor bo‘ladi. 

Agar kremingiz yog‘li bo‘lsa, kamroq surtsangiz ham bo‘ladi. Kattalarga butun tana uchun 5-8 choy qoshiq krem yoki 20-30 gramm kerak bo‘ladi. Agar normani ikki baravar kam qo‘llasangiz, himoya uch baravarga zaifroq ta’sir qiladi. 

Doktor Komarovskiy bu vositani tejamaslik qanchalik muhimligi haqida gapiradi. 

SPF kremi D vitamini ishlab chiqarishga hech qanday ta’sir qilmasligi rostmi?

Ha. Uni ishlab chiqarish uchun ultrabinafsha nurlarning katta dozalari kerak emas. Agar qoningiz tahlilida D vitamini miqdori pastligini aniqlasangiz, uni to‘g‘ri ovqatlanish va D vitaminini biologik faol qo‘shimcha sifatida qabul qilish orqali to‘ldirish mumkin. 

Tonal krem surganda ham SPF kerakmi?

Ha. Ammo hozirda tonal effektli SPF kremni ham tanlash mumkin. Bu ancha qulay, chunki teriga birdaniga bir nechta mahsulotni qo‘llashning hojati yo‘q, bir asosiy parvarishlash mahsuloti va tonal effektli SPF kremining o‘zi yetarli. Shu tarzda, siz terini bir vaqtning o‘zida ultrabinafsha nurlanishdan himoya qilasiz, uni mat va chiroyli ton effektli qilasiz.

Tonal kremda “SPF 15” deyilgan bo‘lsa, yana boshqa alohida SPF kremni surmasa ham bo‘ladimi?

Yo‘q. Birinchidan, dermatologlar kamida 30 bo‘lgan SPF mahsulotlardan foydalanishni tavsiya qiladi. Ular ultrabinafsha nurlarining 97% ni bloklaydi. Och rangli va sepkillarga ega bo‘lgan odamlar SPF 50 surganlari yaxshiroq. Ikkinchidan, tonalkangiz SPF 30 bo‘lsa ham, qo‘shimcha ravishda fizik va kimyoviy (organik) filtrlarni o‘z ichiga olgan va ultrabinafsha nurlardan himoyalash uchun maxsus ishlab chiqilgan SPF mahsulotini qo‘llashingiz kerak. 

SPF kremlar hammaga mos keladimi?

Yo‘q. Har qanday kosmetik mahsulot singari SPF krem ham allergik reaksiyaga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zingizga mos variantni tanlash uchun dermatolog yoki kosmetologga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.

Bundan tashqari, juda ta’sirchan va tarkibi og‘ir rozaseyali terilar uchun maxsus kremlar bo‘ladi. Bunday yuzlarga flyuid va losyonlarni tanlagan ma’qul. Ular yengil bo‘lib, tezda so‘riladi va ko‘rinmas plyonka hosil qilmaydi. Shu bilan birga, ularning himoya funksiyalari ham yaxshi sanaladi. 

SPF kremni oddiy yuvinish ko‘pigi yoki geli bilan yuvib tashlash mumkinmi?

Yo‘q. SPF krem, flyuid yoki losyonni avval gidrofil yog‘ bilan tozalab, keyin yuvinish ko‘pigi yoki gelni ishlatgan afzal. 

Quyoshdan himoyalovchi vositani surib quyoshda istagancha yurish mumkinligi rostmi?

Yo‘q. Quyoshdan himoyalovchi krem ultrabinafsha nurlarini to‘liq bloklamaydi. Agar ultrabinafsha nurlari indeksi yuqori bo‘lsa, 11:00 dan 16:00 gacha soyada qoling, yopiq kiyim va shapka kiying, quyoshga qarshi ko‘zoynaklarni taqing.

SPF mahsulotlaridan foydalaning! Ular muddatdan oldin qarish va eng agressiv onkologik kasalliklardan biri — melanomadan himoya qiladi.