“Sunʼiy intellekt bizga qarshi urush ochmaydimi?” Texnobloger Saadulla Abdullayev bilan suhbat
Soʻnggi yillarda texno olam jadal rivojlanayotganining guvohi boʻlyapmiz. Bugun chiqqan yangi texnologiya ertaga kundalik hayotda doimiy ravishda ishlatib kelingandek boʻlib qoladi.
Xoʻsh, bizni kelajakda qanday texnoyangiliklar kutmoqda? Sunʼiy intellekt texnologiyalari qaysi jabhalarda koʻproq bizga yordam bera oladi, oʻzi bunday vositalar xavfsizmi? Aynan shu mavzuda YouTubeʼdagi “Texnoplov” asoschisi, bloger Saadulla Abdullayev bilan suhbatlashdik.
Sizningcha, hozirgi davrda eng muhim texnologik tendensiyalar qaysilar?
Mening fikrim boʻyicha biz hozir 10x tezlikda rivojlanayotgan texnologiyalar davrida yashayapmiz. Ilgari, masalan, odamlar hozir biz har kuni koʻrib turgan texnologik taraqqiyotlarni koʻrish uchun yillab kutishgan. Hozir esa, har oy biron narsa chiqyapti.
Masalan, ChatGPT, Midjourney sunʼiy intellekti paydo boʻldi, ammo ular hozirning oʻzida eski davrga aylandi. Bunday intellekt namunalari chiqqaniga endi bir yildan oshdi. Ammo allaqachon SI texnologiyalari hayotimizga chambarchas bogʻliq boʻlib bormoqda. Hozirgi vaqtda sunʼiy intellekt umuman biz tasavvur qilmagan masalalarni hal qilib tashlayapti. Masalan, faktlarni tekshirish qobiliyatiga ega boʻlgan sunʼiy intellekt mavjud. Internetga istalgan maʼlumotni yuklaysiz va u sizga bu haqiqatmi yoki yoʻqmi deb butun internetdan tekshirib beradi.
Ikkinchisi, 13-oktyabr kuni Ilon Mask kundalik turmushingizda istalgan ishingizni bajarib beradigan uy robotlarini taqdim qildi, xuddi “Men robotman” filmidagi kabi. Bundan tashqari, SpaceXʼning Starship raketasi kosmosga uchib borib qaytib, uni mexanik robot qoʻl ushlab oldi, yaʼni endi biz yangi raketa qurmasdan, raketalarni xuddi transport kabi ishga solishimiz mumkin.
Aynan shularni eng muhim tendensiyalar deb aytish mumkin. Bugungi kunda, yaʼni kosmosga sayohat qilishimiz ancha yaqinlashdi. Haqiqiy robotlar kundalik hayotimizda yordam beradigan boʻladi, va ularni yaqinda sotib olish mumkin boʻladigan boʻladi. Sunʼiy intellekt esa biz tasavvur qilmagan masalalarni yechib beryapti.
Soʻnggi paytlarda sizni eng koʻp hayratga solgan texnologik yangilik nima boʻldi?
Ikkinchi savolga javob, meni eng hayratda qoldiradigan texnologik yangiliklar quyidagilar:
Birinchisi, Starship raketasi buzilmasdan eson-omon kosmosga borib, qaytib keldi. Ikkinchisi, Neuralink chipini odamga oʻrnatishdi, yaʼni odamlar fikr kuchi yordamida gadjetlarni boshqarmoqda. Undan tashqari, yaqinda shu Neuralink chipi sabab falaj boʻlgan odamlar ehtimoliy ravishda yura olishlari mumkin boʻladi, chunki neyron signallari kerakli joyga yetib boradi bu chip orqali. Hattoki xuddi shu kabi chiplar yordamida koʻrmaydigan odamlar ham koʻra olishni boshlaydi.
Uchinchisi esa yaqindagina odamlar uxlayotgan paytida tushlarida muloqot qila olishgani haqida edi. Texnologiyalar yordami bilan, yaʼni ikkita odamni ulab qoʻyishdi va ular uxlayotgan payti tushlarida muloqot qila oldi. Bu degani, balki kelajakda biz tushlarimizni ham muloqot qilish yoki qandaydir muammolarimizni hal qilish uchun ishlata olamiz.
Yana bitta, toʻrtinchi, meni hayratda qoldirgan narsa bor: bu — Higgs bozoni. Ushbu bozor topilganiga 12 yildan oshdi. Lekin bu haligacha hayrat qoldiradigan topilma boʻlib qolmoqda. Katta adron kollayderi yordamida Higgs bozonini topishgan va bu zarracha borliqdagi barcha boshqa zarrachalarga massa berib turadi. Aynan mana shu zarracha tufayli biz changga aylanib ketmaymiz. Mana shunday zarracha topilgani va shunday zarracha oʻzi borligi meni hayratda qoldiradi.
Kelajakda qaysi texnologiyalar inson hayotini oʻzgartiradi deb oʻylaysiz?
Men bunga sunʼiy intellekt texnologiyalarini kiritmayman. Chunki SI hayotimizni allaqachon oʻzgartirib boʻldi. Bu boʻlimga kiritadigan narsam — katta adron kollayderi. Aytilganidek, u mana shu Higgs bozonini topishga yordam berdi. Shuningdek, misol uchun, taxion degan nazariy zarracha mavjud boʻlib, u yorugʻlik tezligidan tezroq harakatlanadi. Uni hali topishmagan, lekin topilsa, bu bizga koinotda sayohatlarimizni amalga oshirish uchun katta yordam boʻlib qolishi mumkin.
Bundan tashqari, agar har bir kuch qanaqadir zarrachadan iborat boʻlsa, demak gravitatsiya kuchi ham zarrachadan iborat boʻlishi kerak. Uni ham katta adron kollayder orqali topish mumkin boʻlsa kerak. Balki mana shu jarayon orqali biz gravitatsiyani — graviton degan zarrachasini topa olsak, bu orqali energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻlishimiz mumkin. Bu ham hayotimizni tubdan oʻzgartirib yuboradi.
Agar bizda IES ochilsa, katta ilmiy ishlarga yoʻl ochib beradi. Chunki atom energetikasi faqatgina energiya haqida emas. Agar bizda atom reaktori boʻlsa, atom bilan turli xil izlanishlar oʻtkazishimiz mumkin. Bu bilan birgalikda atom tibbiyoti ham paydo boʻlishi mumkin, yaʼni atomlar yordamida qandaydir tibbiy jarayonlarni oʻtkazish imkoniyati paydo boʻladi.
Masalan, saraton kasalligi bilan ogʻrigan odamlar haqida aytsak, hozirda atom energetikasi rivojlangan davlatlarda saraton hujayralariga katta boʻlmagan miqdordagi radiatsiya yuboriladi va shu sababli saraton zarrachalari yoʻq boʻlib ketadi. Hozir hattoki sabzavotlar va mevalar ustidagi pestitsidlar hamda mikroblarni ham atom energetikasi yordamida yoʻq qilishadi. Yaʼni shu kichik miqdordagi radiatsiya ustidagi mikroblarni yoʻq qilib tashlaydi va odam uchun xavfli boʻlmaydi.
Agar biz boshqa sayyoralarga sayohatlarni oddiy holga aylantira olsak, yaʼni u yoqqa-bu yoqqa bemalol yuraversak, raketalar yordamida boshqa sayyoralarda nimadir qurishimizga imkoniyat paydo boʻladi. Masalan, aytganimdek, graviton va toxion moddalari zarrachalarini katta adron kollayderi yordamida chiqarib olish uchun bizga hozirgidan ancha kattaroq adron kollayder kerak boʻladi. U hatto hozirgidan kattaroq hajmda boʻlishi, yaʼni yerga sigʻmasligi mumkin. Bu degani, biz kosmosda qandaydir qurilishlarni amalga oshirishimiz shart boʻladi. Mana shu narsalarga erishish uchun va balki agar kosmosda bemalol uchib yuradigan boʻlsak, koinotda shunday loyihalarni amalga oshirish imkoniyati paydo boʻlishi mumkin.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari qaysi sohalarda foyda beradi? SI bizga qarshi urush ochmaydimi?
Sunʼiy intellekt texnologiyalari barcha sohalarda foyda berishi mumkin. Hatto, masalan, biz yaqinda Bosh prokuraturaga borib, sunʼiy intellekt haqida maʼruza oʻqidik. U yerda tergovchilarga sunʼiy intellekt tergov ishlarida qanday yordam berishi mumkinligini tushuntirib berdik.
Tergovchilarga qanaqa ishlarni qanday yondashish mumkinligini koʻrsatdik. Qaysidir ish boʻyicha, hujjatni sunʼiy intellekt vositalariga berishadi va vazifa yuklashadi. U ishdagi barcha fragmentlarni bir-biriga bogʻlab, qandaydir umumiylik topsangiz, uni ajratib chiqish kerakligi aytiladi. Shunda, qiyin topishmoqqa aylangan ish sunʼiy intellekt yordamida hal boʻlishi mumkin.
Yoki masalan, hozirda tibbiyotda ham sunʼiy intellekt ishlatilmoqda. Saraton kasalligini juda erta stadiyasida, erta holatida aniqlash uchun sunʼiy intellekt saraton kasalligini mavjudligini yoki yoʻqligini aniqlayapti. Rentgen rasmlariga qarab, masalan, oddiy doktor har doim ham bu narsani aniqlay olmaydi.
Va yoʻq, u bizga qarshi urush hozirgi paytda ochmaydi, chunki u shunchaki instrument, sunʼiy intellekt. Endi paydo boʻlgan paytda jurnalistlar u bilan suhbat qurishganida, u “Men odam boʻlmoqchiman, mening hissiyotlarim bor, meni hozir cheklab qoʻyishyapti, men kelajakda odam boʻlmoqchiman”, degan gap qilgan. Lekin bu shunchaki xato, chunki sunʼiy intellektning miyasi bu internet va internetda, masalan, shu sunʼiy intellektlar odamlarga qarshi yurgani haqida romanlar, kitoblar, va filmlar bor.
Sunʼiy intellekt hozir oʻzidan oʻzi bilib, nimadirlarni qilmaydi. Unga faqatgina vazifa bersangiz, u ishlarni bajaradi. Agar unga “vaqti-vaqti bilan oʻylab tur” deb vazifa bersangiz, u sizga vaqti-vaqti bilan qandaydir maʼlumotlarni berib turishi mumkin. Lekin oʻzidan oʻzi birdaniga yoqilib ketib, nimadir qilmaydi. Hozirgi paytda unaqa darajadagi sunʼiy intellekt hali ishlab chiqarilmagan.
Texnologiya va xavfsizlik haqida qanday fikrdasiz? Odamlar oʻz maʼlumotlarini qanday himoya qilishlari kerak?
Odamlar oʻz maʼlumotlarini qanday himoya qilishlari kerak? Biz, masalan, pasport nusxalarimizni bemalol u bu joyda qoldirib ketishga oʻrganib qolganmiz. Hozirgi paytda unaqa qilish mumkin emas. Masalan, doʻkonlarda ham kartamizning parolini aytish mumkin emas, chunki sunʼiy intellekt bormi, demak jinoyatchilar ham sunʼiy intellektni tushunadi.
Guvohi boʻlganimizdek, Zafar Hoshimov va Alisher Usmonovlarni sunʼiy intellekt yordamida gapirtirishgan. Ha, yaʼni ularning rasmini gapirtirishgan va koʻplab odamlar, ularni rostdan ham Zafar Hashimov gapirayotgan ekan deb, ishonib ketgan. Ha, albatta, ular sunʼiy intellektni oxirgi qanaqadir versiyalarining imkoniyatlarini odamlarni aldash uchun ishlataverishadi.
Hozirgi paytda odamlar shu aytganimdek, oddiy narsalarni qilishlari kerak, yaʼni maʼlumotlarni shunchaki qoldirib ketish kerak emas u bu joyda. Chunki endi mana shu maʼlumotlarni oʻgʻirlab ishlatish mumkin, jinoyatchilar bilishadi qanaqa ishlatishni. Ikkinchidan, sunʼiy intellekt sohasini oʻrganish kerak, hech boʻlmasa elementar qanaqadir fundamental bilimlarni sunʼiy intellekt boʻyicha olish kerak. Ana shunda odam hech boʻlmasa haqiqatni sunʼiy intellekt orqali yaratilgan yolgʻondan ajratishni oʻrganib oladi.