Telegram ishlashda davom etadimi? Durov hibsga olinishi yuzasidan rasmiy izoh berildi
Telegram messenjeri asoschisi Fransiya aeroportiga kirgan zahoti qamoqqa olingandi. Pavel Durov 2 kundan buyon hibsda qolmoqda. Telegram maʼmuriyati holat yuzasidan izoh berdi.
Telegram asoschisi Pavel Durov giyohvand moddalar savdosi va boshqa ogʻir jinoyatlarda ishtirok etganlikda ayblanib, Parijda hibsga olindi.
Durov federal qidiruvga berilgan, Fransiya milliy sud politsiyasi boshqarmasi tomonidan unga nisbatan tintuv oʻtkazish uchun order chiqarilgan.
Yevropa Ittifoqi rasmiylarining Telegramʼga boʻlgan asosiy eʼtirozi messenjerda uyushgan jinoyatchilar tomonidan faol foydalanilayotgan shifrlangan xabarlar hisoblanadi.
26-avgustga oʻtar kechasi Telegram maʼmuriyati holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Xabarda Durov doim Yevropa boʻylab sayohat qilishi, qochib yurishga hech qanday sababi boʻlmagani aytilgan.
Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunga amal qiladi — uning moderatsiyasi sanoat standartlari doirasida va doimiy ravishda takomillashtiriladi.
Platforma yoki uning egasi ushbu platformani suiisteʼmol qilganlik uchun javobgar boʻlishi bemaʼnilikdir.
“Dunyo miqyosida deyarli bir milliard foydalanuvchi Telegramʼdan aloqa vositasi va hayotiy maʼlumotlar manbai sifatida foydalanadi. Biz bu vaziyatning tezkor yechimini kutmoqdamiz. Telegram barchangiz bilan birga qoladi”, — deyiladi munosabatda.
Shuningdek, Pavel Durov bilan Parijga uchgan qiz kim ekani ham maʼlum boʻlgan. U katta ehtimol bilan 24 yoshli Yuliya Vavilova hisoblanadi. U ham 2 kundan beri oilasi bilan aloqaga chiqmagan.
Vavilova ham Durov kabi Dubayda yashaydi. U Telegram asoschisi Ozarbayjonda boʻlgan vaqtda xuddi shu joydan Instagramʼga storyʼlar joylashtirgan. Yuliya oʻzini strimer va kriptoinvestor deb tanishtiradi.
Telegramʼdan turli mamlakatlarda qanchadan odam foydalanishi haqida rasmiy maʼlumotlar yoʻq. Kompaniya faqatgina umumiy sonni eʼlon qiladi, 2024-yil iyul oyida Pavel Durov messenjerdan 950 milliondan ortiq odam foydalanayotganini yozgan.
Statista.com maʼlumotlariga koʻra, ilova Hindistonda eng koʻp yuklab olingan (2023-yilda deyarli 84 million marta yuklab olingan). Ikkinchi oʻrinda Rossiya (35 million marta) va uchinchi oʻrinda AQSH (29,9 million marta) turibdi. Durov hibsga olingan Fransiyada ilova 2023-yil davomida 7,5 million marta yuklangan.