2025-yilda ota-onalardan darsliklar ijarasi uchun toʻlov undiriladimi?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil uchun Davlat byudjetida koʻrsatilgan mablagʻ yangi oʻquv yilida oʻquvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan taʼminlash boʻyicha ehtiyojni toʻliq qoplash imkonini berishini taʼkidladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda maktablarda oʻquvchilar uchun darsliklar ijarasi pullik boʻlishi masalasi yuzasidan munosabat bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, 2025−2027-yillarga moʻljallangan uchun byudjetnoma loyihasida 2025−2026-oʻquv yilidan 2−11-sinflarda bir toʻplam darslik va mashq daftarlari uchun ijara toʻlovi qayta joriy etish yuzasidan taklif berilgandi.
Vazirlikning qayd etishicha, 2025-yil uchun Davlat byudjeti doirasida koʻzda tutilgan mablagʻlar yangi oʻquv yilida oʻquvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan taʼminlash boʻyicha ehtiyojni toʻliq qoplash imkonini beradi. Bunda ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirish rejalashtirilmagan.
Vazirlik bergan maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda maktab oʻquvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlardan 435,5 mlrd soʻmi (yoki 36 foizi) davriyligi 1 yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yoʻnaltirilgan. 2025-yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln soʻm mablagʻlarni toʻliq Davlat byudjetidan qoplash koʻzda tutilgan.
“Byudjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan, birinchi navbatda, iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlari hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini taʼminlashda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarishga ustuvor eʼtibor qaratiladi. Bunda samaradorlikni oshirish maqsadida turli yoʻnalishlar boʻyicha tahlillar oʻtkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Maʼlumot oʻrnida, darsliklar ijarasi uchun toʻlovni tiklash taklifi “maktablarni darsliklar bilan taʼminlashda ota-onalarning faolligini oshirish”ga qaratilgani aytilgandi. Byudjetnoma loyihasida qayd etilishicha, 2024-yilda bir oʻquvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining oʻrtacha narxi 450−500 ming soʻmni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming soʻm) tashkil etgan.