65 milliongacha: O‘zbekistonda dasturchi, dizayner va shifokorlar qancha maosh oladi?
Kelgusi yillarda O‘zbekiston bozorida qanday kasblarga talab katta bo‘lishini ko‘rib chiqamiz. Bu borada bizga MDH va Yevropa bozorlarida ishlaydigan karyeralar bo‘yicha mutaxassis va maslahatchi Yekaterina Borovets yordam beradi.
Kasb tanlashda mehnat bozoridagi vaziyatni hisobga olish muhim. Talab qilinadigan kasbni tanlashda tendensiyalarni kuzatib borish lozim. Buning uchun Yekaterina bilan birgalikda O‘zbekiston bozorida talab yuqori bo‘lgan 10 ta kasbni to‘plab, hh.uz. ish qidirish xizmatidagi bo‘sh ish o‘rinlari va daromadlarni o‘rganib chiqdik.
Raqamli kasblar. IT, marketing va dizayn
Bunday kasblar yuqori texnologiyali sohalarda ishlashni va doimiy rivojlanishni istaganlarga mos keladi. Shuningdek, masofadan ishlash zarur bo‘lganlar va vaqt o‘tishi bilan xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirganlar uchun ham qo‘l keladi.
“Dunyo tobora texnologik jihatdan rivojlanib bormoqda, shuning uchun raqamli kasblar doimo talabga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, sun’iy intellektning rivojlanishi bilan ular o‘zgaradi, bilimlarni yangilash va tendensiyalarni kuzatish kerak. Agar siz ushbu kasblardan birini o‘rgangan bo‘lsangiz, unda siz doimo talabga ega bo‘lasiz deb ishonish xato. Bu unday emas.
Rivojlanayotgan bozorni kuzatib borish uchun doimiy ravishda yangi narsalarni o‘rganish kerak bo‘ladi. Agar chet elda ishlashni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, unda qo‘shimcha sifatida siz ingliz tilini ham o‘rganishingiz va takomillashtirishingiz kerak”, — deydi Yekaterina.
It sohasidagi kasblar:
“Python”, “Java” va “JavaScript”da ishlaydigan ishlab chiquvchilar;
“devOps”-muhandislar;
analitiklar.
O‘zbekiston bozoridagi daromadlar (tajriba, ko‘nikmalar va bandlik shakli asosida):
boshlang‘ich darajadagilar: 15 milliondan 30 million so‘mgacha;
O‘rta va yuqori darajadagilar: 25 milliondan 65 million so‘mgacha.
Marketing sohasidagi kasblar:
Internet-marketologlar;
Performance-marketologlar;
analitik-marketologlar.
O‘zbekiston bozoridagi daromadlar (tajriba, ko‘nikmalar va bandlik shakliga qarab): 10 dan 13 million so‘mgacha
Dizayn sohasidagi kasblar:
UX/UI dizaynerlari;
grafik dizaynerlar;
Motion-dizaynerlari.
O‘zbekiston bozoridagi daromadlar (tajriba, ko‘nikmalar va bandlik shakli asosida): 7 milliondan 32 million so‘mgacha
Qayerdan o‘rganish mumkin:
universitetlar;
o‘rta maxsus ta’lim muassasalari;
masofaviy kurslar.
Infratuzilma
Shahar infratuzilmasi doimiy ravishda rivojlanib bormoqda va bozor har doim unga hissa qo‘shadigan mutaxassislarga muhtoj bo‘ladi. Ushbu sohadagi kasblar shaharlarni takomillashtirishni istagan va o‘z ishining natijasini ko’rish muhim bo‘lganlarga mos keladi.
Kasblar:
arxitektorlar;
dizayn muhandislari;
energiya muhandislari.
O‘zbekiston bozoridagi daromadlar (tajriba, ko‘nikmalar va bandlik shakli asosida): 4 milliondan 26 million so‘mgacha
Qayerdan o‘rganish mumkin:
faqat oliy o‘quv yurtlarida
Tibbiyot
Insonlar har doim tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladi va bu sohadagi texnologiyalar doimiy ravishda rivojlanib bormoqda. Tibbiyot sohasidagi kasblar qadriyatlar orasida insonlarga yordam berishni yuqori darajaga qo‘yadiganlarga juda mos keladi. O‘zbekiston bozorida birinchi navbatda kosmetologlar yetakchilik qilmoqda — shaxsiy parvarish so‘nggi yillarda tendensiyaga aylanib bormoqda.
“Bu borada kosmetolog-estetistlar va shifokor-kosmetologlarni ajrata bilish kerak, birinchi holda kurslarda o‘qib o‘rganishingiz mumkin, ammo bunda faqat terining yuqori qatlamiga ta’sir qiladigan muolajalarni bajarishingiz mumkin, ba’zi inyeksiyalarni qilishga haqli emassiz.
Agar siz o‘rta maxsus tibbiy ma’lumotga ega bo‘lsangiz, unda qayta malakaga ega bo‘lishingiz va ba’zi invaziv muolajalarni amalga oshirish uchun ruxsat olishingiz mumkin. Barcha invaziv muolajalarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan shifokor-kosmetolog kasbini esa faqat universitetda olishingiz mumkin”, — tushuntiradi Yekaterina.
Kasblar:
kosmetologlar: estetist-kosmetologlar va shifkor-kosmetologlar;
jarrohlar;
reabilitologlar.
O‘zbekiston bozoridagi daromadlar (tajriba, ko‘nikmalar va bandlik shakli asosida):
estetist-kosmetologlar: 1,5 dan 15 million so‘mgacha;
shifokor-kosmetolog: 3 milliondan 33 million so‘mgacha;
jarrohlar va reabilitatorlar: hh.uz da bunday vakansiyani topmadik, ammo 2023-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi shifokorlar 2,5 million so‘mdan 14,7 million so‘mgacha daromad olishadi.
Qayerdan o‘rganish kerak:
kosmetologlar (yo‘nalishga qarab): kurslar, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, universitetlar;
jarrohlar: faqat oliy o‘quv yurtlari;
reabilitologlar: mavjud o‘rta maxsus tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan universitetlar yoki qayta malaka oshirish.
Savdo menejerlari
Biz ushbu kasbni alohida ajratdik, chunki u sanoatdan tashqarida va O‘zbekistonda eng ko‘p maosh oladigan kasb hisoblanadi. Savdoda siz har qanday sohada chuqur bilimlarsiz ham ishlashingiz mumkin. Bu kasb tez chiqishuvchi, g‘ayratli va tez namoyon bo‘ladigan natija uchun ishlashni yaxshi ko‘radiganlarga juda mos keladi. Bu ish bilan maktabda o‘qiyotgandayoq boshlash mumkin.
“Bu sohada masofadan turib ishlash ham mumkin, bularning barchasi ish beruvchi, faoliyat sohasi va kompaniya qanday qilib savdo qilishiga bog‘liq. Albatta, agar siz ko‘chmas mulk agenti bo‘lsangiz, unda har qanday holatda mijozlar uchun obyektlarga borishingiz kerak bo‘ladi”, — deydi Yekaterina.
O‘zbekiston bozoridagi daromadlar (tajriba, ko‘nikmalar va bandlik shakli asosida): 2,5 milliondan 68 million so‘mgacha
Qayerdan o‘rganish kerak:
amaliyot;
masofaviy kurslar;
o‘rta maxsus ta’lim muassasalari;
universitetlar.
O‘rganishni qanday tanlash kerak
Agar siz faqat universitetda o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan kasbni tanlashga qaror qilsangiz, unda o‘qish paytida tajriba orttirishga va netvorkingni rivojlantirishga harakat qiling. Bu sizga o‘qish paytidanoq yaxshi ish joyini topishga imkon beradi.
Xuddi shu raqamli kasblarni masofaviy kurslar orqali o‘zlashtirish ham mumkin — bunda universitet umuman talab qilinmaydi. Bunday ta’limni tanlashda o‘quv dasturlarining dolzarbligi va portfolio to‘plash qobiliyatiga e’tibor qaratish kerak. Ushbu kurslarning spikerlariga e’tibor bering, ta’lim platformalarining akkreditatsiyasini tekshiring va bitiruvchilarning fikr-mulohazalarini o‘rganing.
“Hozirda ma’lumotlar aql bovar qilmaydigan tezlikda eskirmoqda. Men har doim dasturning dolzarbligini baholash uchun bir layfhakni tavsiya qilaman — uni ish qidirish xizmatlaridagi ish beruvchilarning talablari bilan taqqoslash mumkin. Tasavvur qiling, siz 2022-yilgi vositalar haqida gapiradigan Internet-marketing kursidan o‘tdingiz. 2024-yilda ushbu bilimlarni faqat qisman qo‘llashingiz mumkin, yana qo‘shimcha o‘qishingiz kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, har qanday ta’limga sarmoya kiritish kerak. Kurslar, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va universitetlar barcha muammolarni hal qilib beradigan sehrli tayoqcha emas. Uyga vazifalarni bajaring, qo’shimcha ma’lumot qidiring, netvorkingni rivojlantiring, amaliyot o‘tang. O‘qishni tanlashda o‘z qulayligingizni hisobga oling, ammo natija faqat sizga bog‘liqligini unutmang”, — deydi Yekaterina.