7,5 million so‘mga boyishingizga to‘sqinlik qiluvchi moliyaviy xatolar
Agar siz nima uchun mablag‘laringizni nazorat ostida ushlab tura olmasligingizni tushunmasangiz, “o‘ylang va boying” tizimi, orzularingiz ro‘yxati va fantaziyangiz ish bermasa, xatolikni ildizdan, ya’ni har kuni yo‘l qo‘yadigan moliyaviy xatolardan izlash kerak.
Ehtimol, byudjetni rejalashtirish va to‘plashga harakat qilgansiz, ammo bu “ish bermas” topshiriqdan tezda voz kechib, pul tejash sizga emas degan fikrga kelgansiz. Ammo moliyaviy farovonlik faqat o‘zimizga bog‘liq va har kuni qabul qiladigan qarorlarimiz asosida shakllanishini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Juda qiyin deysizmi? Unda keling, buni bo‘limlar bo‘yicha o‘rganamiz. Quyida boy bo‘lishingizga xalaqit beruvchi 5 ta moliyaviy xatoni keltirib o‘tamiz.
Siz ozginadan, ammo tez-tez pul sarflaysiz
Kichik ehtiyojlar va arzimas narsalarga sarflangan daromadning uchdan bir qismi – ko‘pchilikda uchraydigan holat. Ertalab sotib olingan Americano qahvasi, hamkasblar bilan fastfudga tashriflar, supermarketda chegirmaga tushgan, ammo keraksiz yana bir stakan xaridi va shu kabi yana bir nechta ortiqcha xarajatlar. Yo‘q, biz sizni hayotning kichik lazzatlaridan voz kechishga undamaymiz, balki ularni kamaytirish kerakdir?
Iqtisodchilar allaqachon ushbu xatoga maxsus nom bilan “latte prinsipi” deb atashgan va uning mohiyati kulgili darajada oddiy. Qahvaxonadan kuniga olinadigan bir stakan qahvadan voz kechib, yiliga 7 million 500 ming so‘m to‘plash mumkin va bu pulga yaxshigina qahva mashinasi va qaytimiga katta paket qahva o‘ramlarini sotib olishingiz mumkin.
Umumal pul yig‘maysiz
“Biz bir marta yashaymiz” – bu doim pullari yetmasa-da, so‘nggi pullariga ham qimmat narsalarni sotib oladiganlar o‘zini aldaydigan bahonaning bir ko‘rinishidir. Biz esa bu borada, boshqa “Hayot – kutilmagan voqealarga boy” degan ibora borligini eslatib o‘tamiz. Qora kunga pulni olib qo‘yish buvilarimizdan qolgan ertak emas, balki voyaga yetgan katta odamning oqilona kelajakka tayyorgarlik ko‘rishidir. Mayli ko‘p emas, kam puldan boshlang: ish haqingizning kamida 5-10 foizini olib qo‘ying va juda tez orada yig‘ilgan pullaringiz miqdorini ko‘rib, pul haqida ancha xotirjam fikrlaydigan bo‘lasiz.
Xarajatlarni rejalashtirmaysiz
Yuqorida yozganimizdek, moliyaviy barqarorlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri siz qabul qilgan qarorlarga bog‘liq. Shuning uchun bizga ish jarayonlari, dam olish, ta’til va xarajatlarni rejalashtirish juda muhim. O‘tirib, kelajak uchun moliyaviy maqsadlaringizni yozib qo‘ying – mashina sotib olish, farzandingizning o‘qishi uchun pul to‘lash (hatto u institutga 5 yildan keyin kirsa ham), yozgi hovlini qurish va boshqalar. Rejalarni xuddi keyingi hafta rejalari kabi yozing – go‘yo hozir yozmasangiz, ularni bajarishni unutasiz va motivatsiya paydo bo‘lmaydi.
Narxlarga e’tibor bermaysiz
Ular esa o‘zgarishga moyil. Bir oy oldin siz falon so‘mga baliq sotib olardingiz, ammo bugungi kunda u piston so‘mga aylandi va endi u hamyoningizga to‘g‘ri kelmaydi. Internet, uyali aloqa va televideniya uchun tariflar haqida ham shunday deyish mumkin. Yaxshilab mulohaza qilib, balki sizga sal arzonroq tariflar ham mos kelishi mumkinligini bir o‘ylab ko‘ring.
“Tuyg‘ularga berilib” xarid qilasiz
Buni iste’molchilar jamiyatining “guilty pleasure” (aybli lazzat) bilan bog‘lash mumkin. Odamlar ko‘ngli tusagan hamma narsani sotib olishga shunchalik odatlanganki, hatto eng qiyin moliyaviy davrda ham “abadiy g‘ildirakka” tushishda davom etmoqda. Qisqargan oylikka birgina kinoteatrga borish hech qanday ta’sir qilmaydi, deb o‘ylasangiz, adashasiz, yaxshigina ta’sir qiladi!