РУ
O’Z
UZS
/
/
10 tonna oltin Oʻzbekiston togʻlarida yashirilganmi? Amir Olimxonning yoʻqolgan xazinasi haqida afsonalar
22.08.2024

10 tonna oltin Oʻzbekiston togʻlarida yashirilganmi? Amir Olimxonning yoʻqolgan xazinasi haqida afsonalar

Afsona va haqiqat: Amir Olimxon olib qochgan oltinlar hozir qayerda?

Buxoro amirligining soʻnggi rahbari Said Olimxon shaxsiyati koʻpqirrali va qiziqarli shaxs hisoblanadi. U amirlikni uncha koʻp boshqarmagan boʻlsada, hukumat almashinuvida, savdo-sotiqda va mamlakatning keyingi taqdirida katta ahamiyat kasb etadi. Xalq orasida amir bolsheviklar bosqini davrida budjetdan tonnalab oltin olib qochgani haqida asotirlar mavjud. Ushbu maqola shu oltinlar haqida atroflicha maʼlumot beriladi.

Buxoro amirligining soʻnggi amiri Said Olimxon oʻzining qiziqarli va sirli sarguzashtlari bilan tarix sahifalarida qolgan shaxs hisoblanadi. Uning boyligi, xususan, oltin va qimmatbaho buyumlari haqida koʻplab rivoyatlar mavjud.

Tarixchilar va arxeologlar uchun bu oltinlar hamisha katta sir boʻlib kelgan. Ushbu maqolada Amir Olimxonning oltinlari haqidagi afsonalar, haqiqat va ularning zamonaviy izlanishlar bilan bogʻliq yoritilib, qiziqarli faktlar keltiriladi.

Amir Olimxon kim boʻlgan?

Said Mir Muhammad Olimxon — Buxoro amirligini 1910–1920-yillarda boshqargan soʻngi oʻzbek mangʻit hukmdori. 1880-yilning 3-yanvar kuni Buxoroda tugʻilgan.

Taxtga 1910-yilda oʻtirgan. Boshqaruvining boshida u sovgʻalar olmasligini, boshqa vazir va boshliqlarga pora olishni man etishini va soliqchilar va boshliqlarni xalqdan olgan soliqni oʻz manfaatlarida qoʻllamaslikni amr etgan.

Biroq vaqt oʻtib vaziyat oʻzgarib ketgan, ushbu intrigalar oqibatida yangi qonunlar chiqarmoqchi boʻlganlar Moskva va Qozonga yuborilgan. Said Olimxon esa boshqaruvini anʼanaviy tarzda davom ettirgan.

1920-yilda Qizil Armiya Buxoroni egallab olganida Said Olimxon Buxoro amirligining sharqiga, keyinroq esa Afgʻonistonga qochib ketadi. Mamlakatidan tashqariga qochib ketganidan keyin Qorakoʻl sotib tirikchilik qilgan. Bosmachilikni qoʻllab-quvvatlagan.

Bu maʼlumotlar Wikipeida ochiq ensiklopediyasida keltirilgan. Turli davrlarda tarixchilar Amir Olimxonning taxtdan keyingi taqdiri haqida izlanishlar olib borishgan. Ularning asosiy diqqati, albatta, Said Olimxon tomonidan olib ketilgan tonnalagan oltinlarga qaratilgan.

Amir qancha oltin olib qochgan?

2024-yilning 10-mart kuni “Mushtum” jurnalining ilk soni nashrdan chiqdi. Bu koʻplab shov-shuvlardan keyingi katta qadam hisoblanadi. Oʻshandan beri jurnal muntazam ravishda chop etilmoqda. Lekin hozir gap bu haqda emas.

Aynan oʻsha sonda taniqli tarixchi Ixtiyor Esonovning “Buxoro amirining qancha boyligi boʻlgan?” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi. Olim qizil bolsheviklar tuzgan hujjatlardan kelib chiqib, oltin miqdorini hisoblagan. Unga koʻra, amir oʻzi bilan Buxoro xazinasidan 10 tonna oltinni olib chiqib keta olgan.

Ixtiyor Esonov bolsheviklarning tarixiy hujjatlariga ishoniladigan boʻlsa, bu boyliklar roʻyxati 48 varaqli aktda yozilganini maʼlum qilgan. Boyliklar ichida juda yirik olmoslar, brilliantlar, sof oltindan qilingan qimmatbaho buyumlar va  inju, qahrabo, laʼl, zumrad kabi taqinchoqlar boʻlgan.

Aktni Buxoro Xalq Sovet Respublikasi vakillari Xayrulla Muhiddinov va Xolxoʻja Sulaymonxoʻjayevlar tuzgan. Akt raqami № 743. Buxoro amirligining, yaʼni Mangʻitlar sulolasining umumiy boyligini oʻsha paytdagi yirik zargar mutaxassislardan biri Danilson taxminan 103 million dollarga baholagan. Bu hozirgi pulga chaqqanda chamasi 1,4 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi.

Ixtiyor Esonov bu boyliklarni amir Hisor togʻlariga yashirgan, degan taxminlar ham yoʻq emasligini yozadi. Bundan tashqari, amir ancha-muncha pullarni chet el banklariga oʻtkazganiyam aniq. Qolgan boyliklari Frunze boshchiligidagi bolsheviklar tomonidan talon-taroj qilingan va katta qismi vagonlarga ortilib, Moskvaga joʻnatilgan.

Oltinlarning taqdiri qanday kechdi?

1991-yilda “Fan va turmush” jurnalida tarixchi olimlar  I. Yoʻldoshev va N. Haydarovning “Amir Olimxon xazinasi qayerda?” nomli maqola chop etilgan. Mazkur maqolada maxfiy hujjatning “Praviteli” deb nomlangan sahifalarida Frunze boshliq bolsheviklar bosqini davrida amirning Buxorodagi xazinasidan Moskvaga olib ketilgan oltin, kumush, zeb-ziynatlar, qimmatbaho boyliklar oʻn, oʻn uchtadan kam boʻlmagan qizil harbiy vagondan iborat bir necha eshelonni tashkil qilganligi qayd etilgan.

Mana shunday katta miqdordagi oltin va qimmatbaho boyliklar “albatta, bu xazinalarning barchasi xalqqa teng miqdorda taqsimlab beriladi” degan bahonalar bilan Rossiyaga olib ketilgan. Ammo bu Said Olimxon tomonidan olib ketilgan oltin emas.

Buxoro amiri chet davlatlar bilan olib boriladigan savdo-sotiqdan keladigan daromadlarning katta qismini ham oltin va kumush tangalarga aylantirib, oʻz xazinasiga toʻplagan. Masalan, amirlikda har yili oʻrtacha 2 million donagacha qorakoʻl teri chet ellarga sotilgan, shu savdodan keladigan daromadning 50-60 foizini oltin va kumush tangalar tashkil etgan.

Turli manbalarda Amir Olimxonning oltinlari, ularni mamlakat olib chiqish tartibi va saqlanish joyida haqida turli taxminlar mavjud. Antenna Daily nashrida 2021-yilda eʼlon qilingan maqolada boyliklar shu qadar koʻp boʻlganidan ular hatto oshxona idishlari shakliga keltirilgani ham taʼkidlanadi. Said Olimxon albatta buncha xazinani bir chogʻlik askarlar bilan himoya qila olmasdi. U shu sababli ingliz konsulidan yordam soʻraydi va darvishlar boshligʻi Davronni uning yoniga yuboradi. Oʻsha paytda konsul Pette Esserton edi.

Ammo konsul bunchalik katta mablagʻni saqlash masʼuliyatini oʻz zimmasiga olmaydi. Chunki oʻsha paytlarda amirlik va xonliklar uchun turli kuch guruhlari tomonidan katta-kichik urushlar boʻlayotgandi. Mahalliy oʻgʻri guruhlari ham avj olgan bir davrda bunchalik katta boylikni temir seyflar ortida saqlash imkonsiz boʻlgan. Shu sababli Esserton Olimxonga rad javobini beradi va oltinlarni qabul qilolmasligini uzr bilan tushuntiradi.

Amir Olimxon endi yangi yoʻllarni izlashi kerak edi. Butun karvonga yuk boʻlgan oltin talon-toroj qilinishi mumkin. Oʻsha paytda karvonga Kalapoʻsh laqabli sarkarda boshchilik qilgani aytiladi. U karvonni Kasbi yoʻli bilan boshlab ketgan. Ammo bu yoʻl ancha xatarli boʻlgani sababli Gʻuzor–Yakkabogʻ–Langar yoʻnalishida harakatlanish masalasi ham koʻrib chiqiladi. Karvon Hisor togʻlari oralab oʻtib, yakunda Qarshi bekligiga yetib keladi. Shunda xazinaning joyini biluvchi yagona xodim Kalapoʻsh oʻldiriladi.

Maqola muallifi, kamina Humoyunda ham Amir Olimxon tarixiga oid qiziqarli maʼlumot mavjud. Oldindan aytib qoʻyish kerak, bu katta ehtimol bilan afsona hisoblanadi va haqiqatga daʼvo qilmaydi. Mening ona tomondan buvim Amir Olimxon otboqarlari boshligʻi hisoblangan Narzulloning qizi boʻlgan. Amir 1920-yilda oʻziga yaqin insonlarni: oila aʼzolari, tansoqchilari, xizmatkorlari va qarindosh-urugʻlarini karvonga olgan. Ammo yoʻlda harakatlanish qiyinlashgani sari har bir guruh vakillari qaysidir tumanlarda qoldirib ketilgan.

Xuddi shunday otboqarlar rahbari buva ham hozir Navoiy viloyati Qiziltepa tumaniga kiruvchi Boʻston tumanida oilasi bilan qolgan. Buvimning aytishicha, uning otasi doim amirning sarguzashtlari, oltinni qanchalik asragani va yakunda har bir xizmatchiga yashash uchun bir qismdan pul bergani haqida gapirgan. Ammo u ham karvonda tonnalab oltin boʻlganini tasdiqlamagan. Shu taxlit barcha xizmatkorlar va qarindoshlar Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududlarida qoldirilgan. Amir 1921-yilda kamchogʻlik odamlar bilan Afgʻoniston chegarasini kesib oʻtgan.

Amirning avlodlari nima deydi?

Toshkent shahrida 2023-yil mart oyida jadidlar faoliyatiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtgandi. Tadbirga Amir Olimxonning nevarasi Binafsha Hatunoʻgʻli va uning turmush oʻrtogʻi Nurettin Hatunoʻgʻli mehmon sifatida taklif etilgan.

“Afgʻonistonga ketganda oʻz xotirotlari bor, “Buxoroning hasratli tarixi” nomi ostida nashr qilindi. Oʻzining shaxsiy yoziqlari boʻlgani uchun obyektiv bilib boʻlmaydi hamma narsani, baʼzi faktlarni bilish mumkin. Aytishicha, Amir Olimxon Afgʻonistonga yordam olish uchun ketgan. Qaytish niyati bor-yoʻqligi aniq emas. Qobuldagi Qalʼai Fatuda yashashga majbur boʻlgan.

Hatto Hajga borish uchun ham ruxsat bermagan Afgʻoniston hukumati. 1944-yilda Afgʻonistonda vafot etgan. Uning farzandlari Qalʼai Fatudan Afgʻonistonning boshqa joylariga tarqalib ketgan. Janubiy mintaqalarida yangi yerlar tuzilib, obod qilingan va bir qismi oʻsha yerga ketgan, yashashga majbur qilingan. Mening otalarim ham shunday yashagan”, — deydi Nurettin Hatunoʻgʻli.

Tarixchi olim Amir Olimxonning oltinlari haqidagi savolga ham atroflicha javob qaytargan. Uning aytishicha, xazina haqidagi gaplar bor, ularni haqiqat ham, yolgʻon ham deb boʻlmaydi. Amir ketayotgan paytda oʻzi bilan oltin olib ketgan, lekin aniq qancha ekani maʼlum emas. Olimxonning oʻgʻli 78 yoshida vafot etgan. Oʻlimiga 3 oy qolgunga qadar ham teri tikish bilan shugʻullangan. Oltin sulolaning oʻzida qolganda, avlodlar bunchalik qiyinchilikda yashamasdi, deydi Hatunoʻgʻli.

Bu maqolada bir qancha tarixchilarning izlanishlari, xalq orasidagi afsonalar va amirning avlodlari fikrlaridan foydalandik. Albatta, endi Olimxonning oltinlarini qayerda ekanini hech kim hech qachon bila olmasa kerak. Balki bu boylik faqat sovet propagandasi natijasidir. Yoki oltinlar Zarafshon daryosiyu, Hisor togʻlarining bir burchaklarida yashirinib yotgandir. Endi hammasini faqatgina vaqt va izlanishlar namoyon qiladi.