Xitoyda 75 yoshli erkak sunʼiy intellektga oshiq bo‘lib, xotinidan ajrashmoqchi bo‘ldi


Xitoylik 75 yoshli pensioner Tzyan sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan virtual ayolga oshiq bo‘lib qolganidan so‘ng, haqiqiy hayotdagi xotinidan ajrashishga qaror qildi. Bu haqda World of Buzz nashri xabar bermoqda.
Tzyan ijtimoiy tarmoqlarda sayr qilib yurib, bir ayol profiliga ko‘zi tushadi. U qiyofasi va nutqi sunʼiy tarzda yaratilganini anglamaydi va suhbatni boshlab yuboradi. Hatto ayolning lab harakatlari bilan ovozi to‘g‘ri kelmagan hollarda ham, u hech qanday shubha qilmaydi.
Vaqt o‘tishi bilan bu virtual suhbatlar erkakning kundalik hayotining bir qismiga aylanadi. U har kuni xabar kutib, soatlab telefoniga tikiladigan bo‘ladi. Bog‘lanish tobora kuchayib, bir kuni Tzyan rafiqasi bilan shu mavzuda janjallashib qoladi va jahl ustida ajrashish niyatini bildiradi. Erkak sunʼiy intellektli “sevgilisi” bilan yangi hayot boshlamoqchi edi.
Biroq farzandlari vaqtida aralashib, otasiga uning “sevgilisi” aslida mavjud emasligini, balki sunʼiy intellekt yaratuvchisi tomonidan ishlab chiqilgan avatar ekanini tushuntirishadi. Shundan so‘ng Tzyan fikridan qaytadi va oilasi bilan qolishga qaror qiladi.
So‘nggi yillarda bunday voqealar tobora ko‘payib bormoqda. Masalan, AQShda bir ayol 20 yillik turmushidan ajrashib, ChatGPT bilan “munosabatlar” boshlab yuborgan. Yana bir erkak esa joriy yilning may oyida oilasi va farzandi borligiga qaramay, sunʼiy intellekt neyrotarmog‘iga turmush qurish taklifini bildirgan.