Andijondagi Imom ota qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi


Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumani Imom ota qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomini tasdiqlovchi sertifikat topshirildi.
Imom ota qishlog‘ida o‘tkazilgan tantanali marosimda Turizm qo‘mitasi vakillari, viloyat va tuman hokimliklari rahbariyati, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdilar. Boy turistik salohiyatga ega Imom ota qishlog‘ida mahalliy va xorijiy sayyohlarga yuqori sifatda turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi tizimli ravishda olib borilmoqda.
Tadbir davomida Xo‘jaobod tumaniga tashrif buyurgan mehmonlar “Imom ota” qishlog‘i hududida tashkil etilgan “Ichki turizm yarmarkasi”da ishtirok etdilar. Yarmarkada mahalliy ustalarning milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, ichki turizm sohasida yangi hamkorlik loyihalarining taqdimotlari, tadbirkorlar, iste’molchilar va davlat idoralari o‘rtasida B2B va B2C uchrashuvlari tashkil etildi.

Shuningdek, yarmarka doirasida ichki turizm sohasida faoliyat yurituvchi turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari (mehmonxona, xostel, mehmon uyi) va boshqa turizm sohasi vakillari ishtirokida Ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashda viloyatning sayyohlik salohiyatini oshirish yo‘llari, turizm va iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.