Atirlarni qanday farqlash to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar
Bugungi kunda parfyumeriyani tushunish nafaqat moda, balki qiziqarli mashg‘ulot hamdir. O‘zingizni allaqachon jonga tekkan hidlardan burningizni jiyirib, «oliy» atirlarning iforini ta’kidlaydigan mutaxassis sifatida bir tasavvur qilib ko‘ring. Sizni iforlar dunyosiga sho‘ng‘ishga yordam beradigan tavsiyalarni to‘pladik.
«Xushbo‘y hidlar piramidasi» nima?
«Xushbo‘y hidlar piramidasi» kompozitsiya va ingredientlar emas, balki parfyumda his qilishimiz mumkin bo‘lgan «notalar» ro‘yxatidir. Rasman xushboʻy hid «piramida» sining uch qismi yoki notalardan iborat.
Qanday xushbo‘y notalar mavjud?
Xushbo‘y hidlar yuqori, «qalb notalari» va bazaviy notalarga bo‘linadi. Yuqori notalar atirni birinchi marta qo‘llaganda seziladi – bu sitrusli, aromatik va ba’zan o‘tkir hidlar. Qalb notalari – atirning asosiy hidi bo‘lib, bizga ilk daqiqadanoq manzur kelib, birinchi soatlar davomida ziravorlar, gullar, ko‘katlar kabi iforlar keladi. Bazaviy (yakuniy) notalar eng turg‘un bo’lib – odatda bizdan keyin qolgan va atir iforini to‘liq tushunishga yordam beradigan hiddir. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, unda ko‘pincha patchuli, mushk, yelim, vanil hidlari keladi.
Xushbo‘y hidlar guruhini tanlash muhimmi?
Bu borada parfyumerlar aniq bir tavsiyaga rioya qilmaslikni taklif qilishadi: har bir kompozitsiya har kimning terisiga o‘zgacha, hammada har hil hid namoyish etadi. Ilm-fan nuqtai nazarida esa ayollarning quyidagi uchta xushbo‘y hidlar guruhi mavjud: sharqona, shirpli va gulli. Shuningdek, erkaklarda ham uchta guruh bor: fujerli, ayollarniki kabi sharqona va shiprli. Biroq, yuqorida aytib o‘tganimizdek har bir guruh har hil teriga sepilganda o‘ziga xos turga aylanishi mumkinligini inobatga olish kerak.
Qaysi guruh toʻgʻri kelishini qanday aniqlash mumkin?
Turli atirlarni sepib ko‘rib albatta. Atirlarning xilma-xil turlarni ishlatib ko‘ring, uni sepgandagi his-tuyg‘ularingizni tahlil qilib, xulosa chiqaring. Boshqa iloji yoʻq.
Qaysi iforlar sizga yoqishini qanday to‘g‘ri tasvirlash mumkin?
Agar siz maslahatchidan sizga «nozik va yengil shirinlik» iforni ko‘rsatishni so‘rasangiz, uni topish ancha oson bo‘ladi. Har bir hidni maxsus sifat, tovush va rang, shuningdek shahar, kitob yoki qo‘shiq – qisqasi shu hid bilan bog‘liq sifatlar orqali tasvirlashga harakat qiling.
Hidni hiss qilishni qanday shakllantirish mumkin?
Bunda ham amaliyot va yana bir bor amaliyot bilan. Qancha ko‘p mashq qilsangiz, miyangiz hidlarni shunchalik eslab qoladi va tasniflaydi. Bir kunda bir necha xushbo‘y hidlarni o‘rganish mukammal «xushbo‘y fitness» bilan shug‘ullangandek gap. Ammo birinchi navbatda, parfyumeriyaning so‘z boyligi, masalan, sitrus hidlarini qanday ta’riflash kerakligini o‘rganing (nordon, yengil, suvli) va keyin har birini alohida hidlab esda saqlang.
Parfyumeriyani qanday to‘g‘ri ishlatish kerak?
Parfyumeriyani qo‘llash texnikasi yana bir muhim jihat hisoblanadi. Axir atirning ifori teringizda ishlab, ko‘proq qolishi uchun uni to‘g‘ri qo‘llash muhim. Uni quyidagi nuqtalarda qo‘llash kerak: bo‘yin, bilak, shuningdek tanangiz doim iliq va pusl seziladigan boshqa joylarda. Bundan tashqari, uni sepish miqdorini ham oshirib yubormaslik kerak. Parfyumni toza teriga sepgan ma’qul, shunda uning ifori tezroq sezilib uzoq vaqt davom etadi.
Xushbo‘y hid bilan qanday «tanishish» mumkin?
Parfyumeriya do‘koniga kirishimiz bilanoq birdaniga yuzta (agar undanam ko‘p bo‘lmasa) hid sezamiz. Lekin siz o‘zingizga kerakli xushbo‘y hidni topishga jiddiy yondashasiz, ya’ni quyidagilarni bajarishingiz kerak bo‘ladi:
- O‘zingizni qiziqtirgan xushbo‘y hidni tanishish uchun teringizga sepib ko‘ring.
- Uning hidi yaxshilab ochilishi uchun 5-10 daqiqaga toza havoda bir aylanib keling.
- Uni yana bir bor hidlab ko‘ring, shunda bu vaqt ichida unda qanday notalar ochilgani va nimalar o‘zgarganini tushunasiz. Hech qachon atirni sepgandanoq xulosa chiqarmang.
- O‘zingizga yoqqan atirning namunasini so‘rang va do‘kon tashqarisida ham u bilan «muloqot» qilishni davom ettiring.
- Agar hid sezish hissingiz zaiflashgan bo‘lsa, bunga qahva hech ham yordam bermaydi. Parfyumeriyaning DNKsini aniqlashning yagona usuli atir sepilgan joyni shamollatishdir.
- Parfyumerlarning yana bir layfhaki – suv ichishdir. Hech narsa retseptorlarni toza ichimlik kabi tozalamaydi.
«Parfyumeriya» xotirasini rivojlantirish mumkinmi?
To‘g‘ri, bu murakkab, kutilmagan hodisalarga boy va aldamchi jarayon bo‘lsa-da, mumkin. Baʼzi hidlar bizni oʻtmishga va u bilan bogʻliq lahzalarga eltishi mumkin. Ammo ularni taomning taʼmini bilgandek farqlash – isteʼdoddir. Har bir ifor sizda qoldirgan his-tuygʻularingizni taassurotlar kundaligiga yozib boring. Shunday qilib siz unutilgan, ammo bir vaqtlar sevimli bo‘lgan parfyumingizga qaytishingiz mumkin. Bu bir qarashdagi muhabbatga o‘xshaydi, ammo atirlarda hammada ham bo‘lavermaydi.