РУ
O’Z
UZS
/
/
“Qachondir doimiy yashash uchun Tbilisiga koʻchib oʻtaman”. Bloger Diyora Azimova bilan suhbat
14.11.2024 (yangilandi 15.11.2024)

“Qachondir doimiy yashash uchun Tbilisiga koʻchib oʻtaman”. Bloger Diyora Azimova bilan suhbat

“Qachondir doimiy yashash uchun Tbilisiga koʻchib oʻtaman”. Bloger Diyora Azimova bilan suhbat

Ushbu maqolada oʻzbek TikTok olami yulduzlaridan biri, mashhur bloger Diyora Azimova bilan ijodiy faoliyati, sayohatlar, uslub va hayotiy saboqlari haqida suhbatlashamiz. Bloger muxlislariga turli tavsiyalar ham berdi.

Blogerlik faoliyati boshlanishi: kim yoki nima sabab boʻlgan, videolar uchun gʻoyalar qanday paydo boʻladi?

2020-yil bahorida koronavirus pandemiyasi boshlangan vaqtlarda butun Oʻzbekiston boʻylab karantin eʼlon qilingandi. Aynan shu vaqtda faol ravishda blog yuritishni boshlaganman.

Ungacha ham Instagramʼga rasmlar joylab borardim, ammo aktiv tarzda yuritishga qiziqmaganman. Karantinda TikTokʼka turli videolar yuklab, ijodiy faoliyatimni yoʻlga qoʻyganman.

Oʻsha paytlarda TikTok Houseʼlar urfga aylangandi. Biz ham doʻstlarimiz bilan Lemon va City deb nomlangan uyushmalarni tashkil qilgandik. Dastlabki videolarimni onam bilan birgalikda suratga olganman.

Ayni paytda oʻgʻlim bilan videolar ishlayapman. Asosan gʻoya paydo boʻlib qolganda yoki qiziq tendensiyaga guvoh boʻlganimda video tasvirga olishga harakat qilaman. Ijod qaynagan vaqtda ilhomni umuman qoʻyib yubormaslik kerak.

Zamonaviy uslubda kiyinishni yoqtirasiz. Kiyim tanlashda nimalarga eʼtibor berish kerak deb oʻylaysiz?

Men oʻzimga yoqadigan istalgan turdagi kiyimni kiyishim mumkin. Aynan bir uslubga mansub kiyimlarni xarid qilaman deb ayta olmayman.

Mening kiyim javonimda toʻq rangdagi buyumlar, asosan qora rangli kiyimlar mavjud. Juda yopiq yoki juda ochiq kiyimlarni ham bir xilda yoqtirib kiyishim mumkin.

Kiyim tanlashda aynan rang, mato va uslubga ahamiyat berish kerak deb oʻylayman. Chunki har bir odam oʻzini qulay his qilishi uchun birinchi unsurlardan biri bu albatta kiyimdir.

Oxirgi yillarda koʻp sayohat qilyapsiz. Bu jarayonda nimalarga eʼtibor berish kerak, shaxsiy tajribangiz bilan boʻlisha olasizmi?

Albatta, men sayohat qilishni juda yoqtiraman. Oxirgi vaqtlarda oʻgʻlim bilan sayohat qilganim bois xavfsizlik qoidalariga amal qilinish darajasini ham baholay boshladim.

Farzandim sayohatlar davomida oʻziga turli xil yangi dunyolarni kashf qilayotgani meni quvontiradi. Bizga Gruziya tabiati ham yoqdi, oʻgʻlim esa koʻproq inglizcha soʻzlarni talaffuz qilmoqda.

Sayohat davomida eng avval borish-kelish uchun aviareyslar, mehmonxona va koʻrishni xohlagan joylar roʻyxatini aniqlash kerak. Bunda barcha xizmatlar qulay va hamyonbop boʻlishiga ham eʼtibor qaratgan maʼqul.

Blogerlik faoliyatiga qiziqadiganlar uchun qanday maslahatlar bera olasiz? Hozir qaysi yoʻnalishni tanlagan maʼqul?

Hech qachon harakat qilishdan toʻxtamang, deyman. Sizning harakatlaringizni inkor qiladigan, yerga uradigan yoki past baholaydiganlarning fikriga umuman eʼtibor qaratmang.

Bizda odamlar oʻzgalarning hayotini muhokama qilishni juda ham yoqtirishadi. Agar bu gap-soʻzlarga eʼtibor berib, qolib ketsangiz, hech bir rejangiz oxirigacha amalga oshmasligi aniq.

Oʻzingizga yoqadigan yoʻnalishda videolar suratga olganingiz maʼqul. Masalan, men vayn olsam, juda ham koʻp marta koʻriladi. Ammo bu menga zavq bagʻishlamaydi. Xuddi shuningdek siz ham oʻzingizga maʼqul keladigan yoʻnalishni toping.

Toshkent va siz borgan boshqa poytaxtlar oʻrtasida qanday farqlar bor, sanab bera olasizmi?

Mening eng sevimli poytaxtim — bu Tbilisi (Gruziya markazi). Masalan, men Moskvada yashab qololmasdim. Chunki bu shaharda hayot juda tez qaynaydi, odamlar har doim qayergadir shoshadi, hudud ham juda katta.

Barcha borib kelgan davlatlarim ichida Gruziyani koʻproq yaxshi koʻrganman va qachondir Tbilisiga qaytib, shu yerda yashayman deb umid qilaman. Chunki bu shahar juda ham sokin, odamlar ham juda ochiqkoʻngil.

Hech kim bir-birini tashqi koʻrinishi, kiyinishi va boshqalarga qarab, muhokama qilmaydi. Oʻzingiz xohlagan tilda muloqot qila olasiz. Shu sababli Gruziyaga qaytib borgan boʻlardim, albatta.

Odamlar nima deydi: siz odamlarning fikri bilan yashaysizmi yoki yoʻq? Bu borada qanday maslahatlar berasiz?

Aslo yoʻq! Hech qachon bunga eʼtibor bermayman. Mening auditoriyam ularning fikricha ochiq kiyinganim uchun juda ham koʻp salbiy izohlar yozadi. Koʻpchilik menga yopiqroq kiyinishni va bu uslub yarashishini aytadi.

Ammo men oʻz xohishimga binoan ish qilishim kerak deb hisoblayman. Hech qachon hech kimning fikriga eʼtibor bermayman. Meni kuzatadigan muxlislarimga ham aynan shunday maslahatlarni bergan boʻlardim.