Bolalarni qanday qilib sog‘lom ovqatlanishga o‘rgatish mumkin: ota-onalar uchun maslahatlar
Bolalikda shakllangan sog‘lom odatlar farzandingizning kelgusi hayotiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bolalarga shirinliklar va tez tayyorlanadigan ovqatlar juda yoqsa, ularga qanday qilib to‘g‘ri ovqatlanishni o‘rgatish mumkin?
Ota-onalarga yordam beradigan, zo‘ravonliksiz bolalarni sog‘lom ovqatlanishga o‘rgatishda yordam beradigan maslahatlarni to‘pladik.
1. O‘rnak bo‘ling
Bolalar kattalardan o‘rnak olib o‘rganadilar. Agar siz o‘zingiz sog‘lom ovqatlanish qoidalariga amal qilsangiz, bolalar ham sizga taqlid qilib ergashadilar. Ularga foydali ovqatlardan qanday bahramand bo‘lishni o‘z namunangizda ko‘rsating.
2. Bolalarni taom tayyorlash jarayoniga jalb qiling
Bolalarga taom tayyorlashda ishtirok etishga ijozat bering. Bu sabzavotlarni to‘g‘rash, ingredientlarni aralashtirish yoki hatto menyuni rejalashtirish bo‘lishi mumkin. Ular qanchalik ko‘p ishtirok etsa, yangi foydali taomlarni tatib ko‘rish ularga shunchalik qiziqarli bo‘ladi.
3. Tanlash imkoniyatini bering
Bolalarga bir nechta sog‘lom variantlardan birini tanlash imkoniyatini bering. Masalan, olma va bananni tanlashni taklif qiling. Bu ularga ovqatlanish ustidan nazorat hissini beradi va ular yeganda ko‘proq zavq olishadi.
4. Taomni ko‘rkam qilib tayyorlang
Bolalar ko‘rinishi yorqin va jozibali bo‘lgan taomlarni yaxshi ko‘rishadi. Turli rangdagi sabzavot va mevalardan foydalaning, ovqatni qiziqarli shakllarda kesing yoki yorqin rezavorlardan smuzi tayyorlang. Taomlarni qiziqarli shaklda bezatib, ko‘rkam va ishtahani ochadigan ko‘rinishda bolajonlarni ovqatlantiring.
5. Shirinliklarni me’yorida iste’mol qilishga ruxsat bering
Shirinlik va tez tayyorlanadigan ovqatlarni taqiqlash aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin – bolalar taqiqlangan narsaga ko‘proq intilishadi. Buning o‘rniga, ularga ba’zida bunday mahsulotlardan zavqlanishga ruxsat bering, lekin asosiy ovqat sog‘lom bo‘lishi kerakligini o‘rgating.
6. Mahsulotlarning foydasini tushuntiring
Bolalarga qaysi mahsulot foydali ekanligini va nima uchun foydali ekanligini tushuntiring. Ularga sabzi ko‘rishni yaxshilaydi yoki sut suyaklarni mustahkamlaydi deb ayting. Ular ovqatning foydasi haqida ko‘proq bilsa, mahsulotlarni ongli ravishda tanlashadi.
7. Ovqatni mukofot yoki jazo sifatida ishlatmang
Ba’zi mahsulotlarni mukofot, boshqalarini esa jazo sifatida ishlatishdan saqlaning. Bu ovqat bilan bog‘liq nosog‘lom fikrlar shakllanishiga olib kelishi mumkin. Ovqatni tabiiy va zaruriy narsa sifatida qabul qilish muhim, uni manipulyatsiya vositasi sifatida ko‘rmaslik kerak.
8. Foydali mahsulotlar va ovqatlarni uyda muhayyo qiling
Uyda foydali yeguliklarni, masalan, meva, sabzavot, yogurt va yong‘oqlarni bolalar uchun qulay joylarda saqlang. Agar bola ovqatlanishni xohlasa, qo‘li yetadigan joydan olib yeyish imkoni bo‘ladi.
9. Yangi mahsulotlarni asta-sekin joriy qiling
Bolalar yangi mahsulotlarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishi mumkin. Ularni sekin-asta kiritib, oldindan yaxshi ko‘rgan taomlari bilan aralashtiring. Sabrlilik va matonat vaqt o‘tishi bilan natija beradi.
10. Ovqatlanish umumiy ahvolimizga qanday ta’sir qilishini tushuntiring
Bolani ovqatlanishdan keyin qanday his qilayotganiga e’tibor bering. Sog‘lom taom iste’mol qilgandan so‘ng o‘zini tetik va kuchli his qilayotganini, ko‘p shirinlik yeganidan keyin esa charchagan yoki jahli chiqqanini tushuntiring.
Sog‘lom ovqatlanish odatlarini shakllantirish uzoq muddatli jarayon bo‘lib, vaqt va sabrni talab qiladi. Ammo bu maslahatlarni amalga oshirib, farzandingizning sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatishingiz hamda uni kuchli va baquvvat o‘sishiga yordam berishingiz mumkin.