РУ
O’Z
UZS
/
/
Dominoʼs Pizza Toshkentda ikkinchi filialini ochdi: Restoranni ichidan koʻrib chiqamiz
04.08.2024

Dominoʼs Pizza Toshkentda ikkinchi filialini ochdi: Restoranni ichidan koʻrib chiqamiz

Dominoʼs Pizza Toshkentda ikkinchi filialini ochdi: Restoranni ichidan koʻrib chiqamiz

Amerikaning Dominoʼs Pizza kompaniyasi dunyodagi eng yirik pitseriya tarmoqlaridan biri hisoblanadi. U 85 ta davlatda faoliyat yuritadi, Oʻzbekistonda ham bir nechta filiallar ochilgan. Ushbu maqolada tarmoqning Yunusoboddagi restorani faoliyatiga baho beramiz.

Dominoʼs Pizza kompaniyasining navbatdagi filiali poytaxtning Yunusobod tumanida  22-iyul kuni ochildi. Ovqatlanish shoxobchasi kichkina maydonda joylashgan boʻlib, 25-30 kishi uchun moʻljallangan.

Restoran “Shahriston” metro bekatidan bir necha qadam narida joylashgan. Yaqin atrofda ham bir qancha kafelar, jumladan, Bon va Safia bor. Tashqarida qoʻyilgan oʻrindiqlarda kechqurun Toshkent teleminorasiga mahliyo boʻlib, ovqatlanish mumkin.

Xizmat koʻrsatish sifati

Eshikdan kirishda buyurtmalar qabul qiluvchi qiz tabassum bilan kutib oldi. U pitsalar qanday tayyorlanishini tushuntirib, didga mos yegulik tanlashga yordamlashdi. Pitsa uch xil hajmda taqdim etiladi, xamir qalinligini ham tanlash mumkin.

Buyurtma qabul qilingach, buyurtmachining ismi onlayn jadvalda paydo boʻladi. Unda yegulik qancha vaqtda tayyor boʻlishi ham koʻrinib turadi. Ha, tarmoq restoranlarida boshqa fastfudlardagi kabi mijozlarga raqamli emas, ismli navbat berisharkan.

Barcha xodimlar ish formasida, qoʻlida qoʻlqop, boshida esa kepka bilan ishlamoqda. Oshxona shundoqqina ovqatlanish joyi yonida boʻlgani sababli pitsa tayyorlash jarayonini oʻz koʻzingiz bilan koʻrib turishingiz mumkin. Zalda harorat moʻtadil, har qanday yoshdagi mehmonlar bemalol oʻtirishi mumkin.

Pitsa va sneklar

Yuqorida qayd etilganidek, pitsa S, M va L hajmlarida sotiladi. Tanlovni oldindan qilib olish uchun kassa yuqori qismidagi ekranda ham menyu oʻrnatilgan. “Mashhur” deb nomlangan boʻlimdagi pitsa narxlari 65 ming soʻmdan 119 ming soʻmgacha. “Maxsus” boʻlimidagi eng yuqori narx esa 125 ming soʻmni tashkil qiladi.

Restoranda pitsadan tashqari turli sneklar, jumladan, kikers, strips va tovuq qanotchalari buyurtma qilish mumkin. Ularning narxi 25 ming soʻmdan 49 ming soʻmgacha. Shuningdek, Dominoʻs Pizza hitlaridan biri bu noodatiy uslubdagi fri hisoblanadi. Qovurilgan kartoshka burger, barbekyu, pishloq yoki pitsa-rolga aralashtirilgan holda taqdim etiladi.

Ichimliklar boʻlimida faqatgina Coke kompaniyasiga tegishli brendlar mahsulotlarini koʻrish mumkin. Buyurtmani tayyorlash koʻp vaqt olmaydi. Ikkita pitsa va burger-fri 10 daqiqa ichida tayyor boʻldi. Yeguliklar har biri alohida karton qutilarda taqdim etilgani koʻngilni biroz xira qildi. Restoranning oʻzida ovqatlanadiganlarga koʻp marta foydalanish mumkin boʻlgan idishlarda pitsalarni taqdim etish afzalroq.

Mazasiga keladigan boʻlsak, burger-fri tuzlangan bodring bilan ajoyib kombinatsiya hosil qilgan. Bu sneklarning oʻzini alohida tanovul qilish ham mumkin. Mitzza va Ekstravaganzza pitsalarida ham xamir meʼyorida pishgan, ustidagi mahsulotlar esa oʻzining sarxilligini saqlab qolgan. Faqatgina pitsa karton quti ichida kesilgani sababli uni boʻlaklab olish biroz qiyin. Ketchup va BBQ souslari boshqa kafelarnikidan farq qilmaydi.

Fikr va mulohazalar

Ushbu filial shahar markazidan biroz uzoqda joylashgan, shu sababli bu yerga faqatgina atrofdagi aholi keladi, deyish mumkin. Restoran kechqurun 23:00 gacha ishlaydi, Telegram bot orqali buyurtma berish xizmati hali ham yoʻlga qoʻyilmagan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston oziq-ovqat bozorida yetkazib berish xizmatisiz ishlayotgan oshxonani topish qiyin. Instagram va Telegramʼdagi sahifalarda esa menyu taqdim etilmagan. Bu ham biroz noqulaylik tugʻdiradi.

Umuman olganda, Shahriston filiali oʻziga xos joylashuvi va manzarasi bilan mijozlar eʼtiborini jalb qilishi mumkin. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni faolroq yuritish lozim. Restoranga yetib olish oson, undan qariyb 1 kilometr uzoqlikda Boʻzsuv kanali boʻyidagi “Shahidlar xiyoboni” va Toshkent teleminorasi joylashgan. Bu hududlarga sayyohlar koʻp kelishini hisobga olsak, mehmonlar yana bir gastronomik markazda ovqatlanishga muyassar boʻlishi bizni faqatgina xursand qiladi.