РУ
O’Z
UZS
/
Pul
/
Elektr energiyasini qanday tejash mumkin: layfxaklar va hisob-kitoblar
26.08.2024

Elektr energiyasini qanday tejash mumkin: layfxaklar va hisob-kitoblar

Elektr energiyasini qanday tejash mumkin: layfxaklar va hisob-kitoblar
Muallif
Leyla Li

Yozi issiq, qishi sovuq bo‘lgan O‘zbekistonda elektr energiyasi xarajatlarini qanday kamaytirish mumkinligini bilish muhimdir. Biz tejashning eng oddiy va samarali usullarini ko‘rib chiqamiz.

Uydagi yoritishni optimallashtirish

Yoritish elektr energiyasining oylik sarflarining sezilarli qismini egallashi mumkin, ayniqsa, yorug'lik kuni qisqa bolgan qish mavsumida.  

Yorug‘lik kerak bo‘lmaganda uni o‘chiring. Ushbu oddiy qoidaga rioya qilish energiya iste’molini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Xonani tark etayotganda chiroqni o‘chirishni unutmang.  

Yorug‘likni maqsadli yondiring. Umumiy yoritish o‘rniga stol lampalari yoki LED lentalarni yoqing. Bu elektr energiyasi sarfini kamaytirishga va xona ichida qulay muhit yaratishga yordam beradi.  

Derazalar va yoritish moslamalarini toza saqlang. Iflos derazalar va chang bosgan lampalar yorug'likni kamaytiradi, bu esa ko‘proq chiroq yoqishga majbur qiladi. Muntazam tozalash bu muammoni hal qilib, xarajatlarni kamaytiradi.

Oddiy lampalarni LED lampalarga almashtiring. LED lampalar ancha kam energiya sarflaydi. Masalan, bir dona simobli lampani LED lampa bilan almashtirish yiliga 67 392 so‘mgacha tejash imkonini beradi. Agar uyda, masalan, 10 ta lampa ishlatilsa, yillik tejash 670 392 so‘mni tashkil etadi. Ha, LED lampalar oddiy lampalardan qimmatroq, lekin narxdagi farq unchalik katta emas va bunday tejash usulidan voz kechish kerak emas.

Hisob-kitobga misol. Toshkentda 2024-yilning avgust oyida 1 kVt·soat elektr energiyasining narxi taxminan 450 so‘mni tashkil etdi. Har kuni 8 soat davomida chiroqlar ishlatilinadigan uch xil xonadonda turli xil lampalardan foydalanganda qancha tejash mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Turli xil lampalarni taqqoslash

Oddiy lampochka: 60 Vt

Energiya tejovchi lampa: 15 Vt

Yorug‘lik diodli lampa: 8 Vt

Kunlik energiya sarfi (8 soat davomida):

Oddiy lampochka: 60 Vt × 8 soat = 480 Vt·soat (0,48 kVt·soat)

Energiya tejovchi lampa: 15 Vt × 8 soat = 120 Vt·soat (0,12 kVt·soat)

Yorug‘lik diodli lampa: 8 Vt × 8 soat = 64 Vt·soat (0,064 kVt·soat)

Bir kunlik elektr energiyasi narxi:

Oddiy lampochka: 0,48 kVt·soat × 450 so‘m = 216 so‘m

Energiya tejovchi lampa: 0,12 kVt·soat × 450 so‘m = 54 so‘m

Yorug‘lik diodli lampa: 0,064 kVt·soat × 450 so‘m = 28,8 so‘m

Oylik elektr energiyasi narxi (30 kun):

Oddiy lampochka: 216 so‘m × 30 kun = 6 480 so‘m

Energiyani tejovchi lampa: 54 so‘m × 30 kun = 1 620 so‘m

Yorug‘lik diodli lampa: 28,8 so‘m × 30 kun = 864 so’m

Bitta lampa uchun yillik xarajatlar:

Oddiy lampochka: 6 480 so‘m × 12 oy = 77 760 so‘m

Energiyani tejovchi lampa: 1 620 so‘m × 12 oy = 19 440 so‘m

Yorug‘lik diodli lampa: 864 so‘m × 12 oy = 10 368 so‘m

Bitta oddiy lampochkani almashtirganda bir yilda tejalgan mablag‘:

Energiyani tejaydigan lampa uchun: 77 760 so‘m - 19 440 so‘m = 58 320 so‘m

Yorug‘lik diodli lampa uchun: 77 760 so‘m - 10 368 so‘m = 67 392 so‘m

Xulosa: bitta oddiy lampani diodliga almashtirsangiz, yiliga 67 392 so‘mga yaqin mablag‘ni tejaysiz. 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. 

2025-yil 1-apreldan O‘zbekistonda elektr energiyasi tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. 1 kVt/soat 450 so‘m o‘rniga 600 so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Shunga ko‘ra, tejamkorlik ham ko‘proq foyda beradi.

Maishiy texnikadan samarali foydalanish usullari

Maishiy texnika, ayniqsa, issiq yoki sovuq sharoitlarda konditsionerlar va isitgichlar to‘liq quvvatda ishlaganda, uyda elektr energiyasining asosiy iste’molchisi bo‘lib qoladi.

Qurilmalarni foydalanilmaganda o‘chirib qo‘ying. Agar sizda ikki tarifli hisoblagich bo‘lmasa, maishiy texnikani kechasi o‘chirib qo‘yishga harakat qiling, shuningdek, quvvat olgichlarni quvvatlanish tugagach o‘chirib qo’ying.

Muzlatkich holatiga e’tibor bering. Agar unda No Frost tizimi bo‘lmasa, uni muntazam ravishda muzdan tushiring. Muzlatkichni issiqlik manbalaridan uzoqroq joylashtirish kerak, bu kompressor yukini kamaytiradi.

Plitaga mos idishlardan foydalaning. Tubi tekis va konforka o‘lchamiga mos keladigan idish issiqlik yo‘qotilishini kamaytiradi. Pishirish jarayonini tezlashtirish va energiya sarfini kamaytirish uchun kastryullarni qopqoq bilan yoping.

Kir yuvish haroratini pasaytiring. 30 darajada kir yuvish 40 darajaga nisbatan 40% kamroq energiya sarflaydi. Kir yuvish mashinasini haddan tashqari to‘ldirmang va tejamkor rejimlarni tanlang.

Faqat kerakli miqdordagi suvni qaynatib oling. Suvni qaynatish uchun gaz plitasi o‘rniga elektr choynakdan foydalaning – bu ancha tejamkor. Ayni paytda sizga qancha suv kerak bo‘lsa, shuncha suv qaynatib oling.

Idish yuvish mashinasining yuklanishini optimallashtiring. Agar idish-tovoqlarni kamroq yuvsangiz, uni to‘liq yuklab oling yoki yarim yuklash rejimidan foydalaning. Elektr energiyasini tejashga yordam beradigan ECO rejimini tanlang.

Filtr va ventilyatorlarni tozalang. Konditsioner va changyutgichdagi toza filtrlar ularning ishlash samaradorligini oshiradi va energiya sarfini kamaytiradi.

Kutish rejimida turgan texnikani o‘chirib qo‘ying. Masalan, televizor kutish rejimida har soatda taxminan 0,5 Vt energiya iste’mol qilishi mumkin. Agar u kuniga 20 soat davomida yoqilgan bo‘lsa, bir yilda bu hisobingizga 15 000 so‘m qo‘shilishi mumkin. Agar barcha texnikani inobatga olsangiz, bu miqdor ancha ko‘payadi.

Tejamkorlik uchun aqlli texnologiyalarni qo‘llash

Zamonaviy texnologiyalar uydagi elektr energiyasi iste’molini yaxshiroq nazorat qilishga yordam beradi.

Uy boshqaruvini avtomatlashtirish. Aqlli uy tizimi siz uyda bo‘lmaganingizda chiroq va qurilmalarni avtomatik o‘chirishi va ularni sizning afzalliklaringizga ko‘ra sozlashi mumkin. Bu energiyani tejashga yordam beradi va doimiy nazoratni talab qilmaydi.

Alohida aqlli qurilmalardan foydalanish. Agar aqlli uy tizimini o‘rnatish hozircha sizning imkoniyatingizdan tashqarida bo‘lsa, harakat datchiklari, taymerli rozetkalar yoki yorug‘lik yorqinligini boshqaruvchi dimmer kabi alohida qurilmalardan boshlashingiz mumkin.

Energiyani tejaydigan texnikani tanlash

Maishiy texnikani to‘g‘ri tanlash elektr energiyasi iste’molini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Yuqori energiya samaradorlikka ega texnikalarni xarid qiling. A+, A++ yoki A+++ markali qurilmalar kamroq energiya sarflaydi, bu esa uzoq muddatli istiqbolda tejashga yordam beradi.

Zamonaviy texnologiyalardan foydalaning. Masalan, induksion plitalar faqat idish tubini qizdiradi va amalda energiyani behuda sarflamaydi. Garchi ular maxsus idishlarni talab qilsa-da, bunday plitalar sizning elektr energiyasi uchun to‘lovlaringizni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Issiqlik yo‘qotilishini qanday kamaytirish mumkin

Uyda issiqlik – bu xarajatlarni tejash mumkin bo‘lgan yana bir omil.

Konditsionerni isitish uchun foydalaning. Ko‘pgina zamonaviy konditsionerlar isish rejimida samarali ishlaydi, bu esa oddiy isitgichlardan foydalanishga qaraganda arzonroq bo‘lishi mumkin. Konditsioneringizning ayniqsa sovuq fasllarda bunga mos kelishiga ishonch hosil qiling.

Infraqizil isitgichlar. Ushbu qurilmalar oddiy isitgichlarga qaraganda 32% tejamkorroq bo‘lib, xarajatlaringizni kamaytirishi mumkin.

Radiatorlarni toza saqlang. Radiatorlardagi chang ularning samaradorligini pasaytiradi va sizni haroratni oshirishga va energiya sarfini ko‘paytirishga majbur qiladi.

Suv isitish qurilmasida tejamkorlik qiling. Suvni isitish haroratini kamaytiring va boylerni faqat kerak bo‘lganda yoqing. Uni muntazam ravishda qattiq cho‘kindilardan tozalang, chunki bu energiya iste’molini 4–12% ga oshirishi mumkin.

Ushbu maslahatlarni qo‘llagan holda, uyingizdagi elektr energiyasi xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishingiz va uni yanada energiya tejamkor qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.