РУ
O’Z
UZS
/
Pul
/
Erkak 200 ming dollar bilan samolyotdan sakradi va abadiy g‘oyib bo‘ldi. Uning kimligi haligacha sir
10.07.2024

Erkak 200 ming dollar bilan samolyotdan sakradi va abadiy g‘oyib bo‘ldi. Uning kimligi haligacha sir

Erkak 200 ming dollar bilan samolyotdan sakradi va abadiy g‘oyib bo‘ldi. Uning kimligi haligacha sir

Yarim asr oldin nafaqat AQSHda, balki butun dunyo kriminalistika tarixida eng sirli jinoyatlardan biri sodir bo‘ldi. Samolyot yo‘lovchisi bombani faollashtirish bilan tahdid qilib, parashyut va 200 ming dollar (hozirda 1,2 million dollar) naqd pul talab qildi.

Pul yetkazilgach, u Boeing 727 uchuvchilariga aniq ko‘rsatmalar berdi va samolyotdan sakradi. O'shandan beri uni ham, pulni ham hech kim ko‘rmadi. Ba’zilar erkakni o‘lgan deb hisoblaydi. Boshqalar esa, u federal qidiruv byurosini laqillatgan va hali ham tirik, deb ishonadi. Guvohlarning yordami bilan faqat samolyotni qo‘lga olish voqealari qanday rivojlanganini tasdiqlash mumkin.

Bort kuzatuvchisi uchun xat

Yetmishinchi yillarning boshlarida parvozlar xavfsizligiga bizning davrimizga qaraganda kamroq e’tibor qaratilgan. Shuning uchun, 40-45 yoshli erkak kassada Den Kuper nomi bilan (uydirma ism) aviachipta sotib olganiga hayron bo‘lmang. 1971-yil 24-noyabrda Portlenddan Sietlga Northwest Orient 305 reysi yarim bo‘sh holda parvoz qilayotgan bo‘lgan: Boeing 727 da ekipaji bilan birga 42 kishi bor edi.

Bort raqami N467US bo‘lgan Boeing 727 — Kuper aynan shu laynerni qo‘lga oladi. Foto: mynorthwest.com

Bort kuzatuvchilar yo‘lovchiga unchalik e’tibor berishmagan. Erkak qora kostyum kiyib olgan, yonida portfeli ham bo‘lgan. Bunday odamni istalgan kishi: biznesmen, ofis xodimi yoki o‘qituvchi deb o‘ylashi mumkin. Den bort kuzatuvchidan sodali burbon (spirtli ichimlik) so‘ragan va parvozdan keyin qizga xat uzatgan. Bort kuzatuvchi odob yuzasidan qog‘ozni olgan, lekin uni ochmasdan cho‘ntagiga solgan — u yo‘lovchini tanishmoqchi deb o‘ylagan. Biroq erkak bort kuzatuvchiga xatni o‘qigani ma’qulligini aytgan. Chunki uning yonida bomba borligini bildirgan.

Kuper chamadonchasini ochgan — unda dinamit shashkasiga o‘xshash bir nechta qizil silindrlar, shuningdek, simlar bo‘lgan.

Bort kuzatuvchi tahdidning realligiga ishonch hosil qilgan. Kuper qizdan uchuvchilar oldiga borib, uning talabini qondirishni so‘ragan: 200 ming dollar, ikkita asosiy va ikkita zaxiradagi parashyut.

Kuper hammasini oldindan puxta o‘ylagan: maxsus xizmatlar nuqsonli parashyut bermasligi uchun u garovga olingan bir kishi u bilan birga sakrashini aytgan. Bunday holda, hukumat yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘ymaydi va yaxshi parashyutlarni beradi.

305-reys ekipaji. Bort kuzatuvchisi Tina Maklou jinoyat paytida Kuper bilan ozgina gaplashgan yagona odam. Foto: wikipedia.org

Pul va parashyutlar Sietl aeroportida topshirilishi, samolyot esa parvoz uchun yonilg‘i bilan to‘ldirilishi kerak bo‘lgan. Bu vaqt ichida yo‘lovchilar hech narsadan xabari bo‘lmagan: Kuper va ekipaj o‘zini shu qadar xotirjam tutganki, hech kim hech narsadan shubhalanmagan. Hatto, yo‘lovchilarga kichik texnik nosozlik tufayli ularni zudlik bilan samolyotdan tushirishga ruxsat berilmasligi haqida ma’lum qilingach, bu hech kimda shubha uyg‘otmagan.

Layner Sietlga qo‘nganida, parashyutlar va og‘irligi qariyb 9 kilogramm bo‘lgan 10 mingta 20 dollarlik banknotlar olib kelingan. Kuper o‘z so‘zida turgan va bortga pul keltirilganida barcha yo‘lovchilarni qo‘yib yuborgan. 

Erkak shundan keyin o‘zini yaxshi va xotirjam tutgan. U bilan gaplashgan bort kuzatuvchi qiz hazillashib, erkakdan pul olish mumkinmi, deb so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kuper darhol bir dasta kupyurani uzatgan, biroq qiz aviakompaniya siyosatiga asoslanib, rad javobini bergan.

Sakrash va g‘oyib bo‘lish

Kuper uchuvchilarga aniq ko‘rsatmalar bergan: Mexiko shahriga past, taxminan 185 km/soat tezlikda uchish, balandlikni uch ming metrdan oshirmaslik, shassilarni kengaytirish, qanotlarni 15 darajaga yoyish. Uchuvchilardan biriga ko‘ra, ushbu konfiguratsiyada yonilg'i sarfi juda yuqori bo‘ladi — Mexiko shahriga yetib borish uchun esa yetmaydi.

Kuper Nevada shtatidagi Reno-Taxo aeroportida samolyot yana bir marta yonilg‘i quydirib olishiga rozi bo‘lgan. Parvozdan keyin u bort kuzatuvchini uchuvchilar kabinasiga yuborgan, o‘zi esa shoshilinch ravishda sakrashga tayyorlana boshlagan — pul solingan sumkani beliga o‘rab, orqa eshikni ochgan va sakragan. Shundan keyin uni hech kim ko‘rmagan.


Kuper sakrash uchun ochgan parashyut sumkasi. Foto: fbi.gov

Samolyotni bunday dadil qo‘lga olish Federal qidiruv byurosi aniqlashi kerak bo‘lgan ustuvor vazifaga aylangan. Lekin tez orada dalilning deyarli yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Chiptadagi ism uydirma bo‘lib, erkakning tashqi ko‘rinishi e’tiborga molik emasdi, ochiq eshikli Boeing 727 samolyoti uchib o‘tgan joyni tekshirish hech qanday natija bermagan.

Dastlabki versiyalar

Tergovchilar erkakning shaxsiga e’tibor qaratgan. U kamgap bo‘lsa-da, har holda bir necha muhim fikrlarni aytgan. Birinchidan, styuardessa bilan gaplashganida illyuminatorga qarab, Takoma shahrini tanishi, 20 daqiqalik yo‘lda harbiy havo baza borligini bildirgan.

Ikkinchidan, unga pul va parashyutlarni olib kelishganda, qiz unga parashyutdan qanday foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma berganida, Kuper bu sohada yangi emasligini aytgan. Uchinchidan, Kuper Boeing 727 bilan yaxshi tanish edi: u samolyot havoda bo‘lishi mumkin bo‘lgan aniq parametrlarni aytgan va orqa eshik qanday ochilishini bilgan.

Reysn uchuvchilari erkak samolyotning uchish prinsiplari bilan albatta tanish, deb hisoblagan. Kuper eng qiyin sharoitlarda: tunda va katta balandlikdan sakragan.

Bularning barchasi Den Kuper harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgani, ehtimol desantchi yoki uchuvchi bo‘lgan, degan fikrga olib keladi. Nega shunchaki havaskor parashyutchi emas? Federal qidiruv byurosi aeroklublarni aylanib chiqqan, hech kim fotorobotdagi odamni tanimagan. Bundan tashqari, bort kuzatuvchisi erkakka harbiy parashyutlar berilganiga, u zarracha ham bundan hayratga tushmaganiga e’tibor qaratgan. Bunday turdagi parashyutlar oddiy fuqarolarga beriladiganlardan farqlanadi.

Bundan tashqari, guvohlar Kuper o‘z yoshiga nisbatan juda yaxshi jismoniy formaga ega ekanini eslagan. Shu bilan birga, u juda ko‘p chekar edi (o‘sha yillarda samolyotda chekish mumkin edi), ammo buni erkakning hayajoniga bog‘lash mumkin, garchi u tashqi tomondan xotirjam ko‘rinsa ham. Kuper, shuningdek, soda bilan suyultirilgan burbonning (spirtli ichimlik) faqat bitta porsiyasini ichgan. U rejasini amalga oshirish uchun tetik bosh kerakligini tushungan.

Federal qidiruv byurosi u juda aqlli jinoyatchi ekaniga e’tibor qaratgan, Kuper hamma narsani eng mayda tafsilotlarigacha — samolyotda o‘rindiq tanlash (butun salonni ko‘rish uchun oxirgi qator), tahdid turi (maxsus kuchlar tomonidan samolyot shturm qilinishining oldini olish uchun o‘qotar qurol o‘rniga bomba) haqida o‘ylagan. Bundan tashqari Kuper o‘zi bilan barcha dalillarni olib ketgan va juda ehtiyotkor bo‘lgan.

Bort kuzatuvchining xotirlashicha, Kuper uni tamaki bilan mehmon qilgan, u qutidan so‘nggi gugurtni tutatish uchun olgan va bo‘sh qutini tashlab yubormoqchi bo‘lganida, Kuper uni o‘zi bilan olib qolgan. Natijada Kuper deyarli hech qanday dalil qoldirmagan: faqat papiros qoldiqlari va galstuk — aksessuar sakrashga xalaqit berardi.

Tie.jpg Kuper qoldirgan galstuk. Rasm: fbi.gov

Nega u shunday yo‘l bilan jinoyatga qo‘l urdi? U bilimi va tayyorgarligi bilan halol mehnat orqali tirikchilik qilishi mumkin edi. Taxminlarga ko‘ra, Kuperga qandaydir sababga ko‘ra, masalan, davolanish uchun shoshilinch ravishda katta miqdordagi pul kerak bo‘lgan.

Uning xatti-harakati va rejasining puxta o‘ylangani bir oyda bor pulini sovurib yuboradigan jinoyatchining xatti-harakatlariga o‘xshamasdi. Bombaga kelsak, bu, ehtimol, mulyaj bo‘lgan — bort kuzatuvchini qo‘rqitish uchun yetarlicha real edi. Aslida, butun hodisa qizning portlash qurilmasi haqiqatan ham samolyot bortida borligiga ishonchiga asoslangandi.

Kuperning taqdiri qanday kechdi?

Ishonchli taxminlardan biri — Kuper sakrash paytida vafot etgan. Sharoit hatto professionallar uchun ham xavfli edi: tun, kuchli shamol, sovuq harorat — erkak qandaydir sababga ko‘ra dubulg‘a va sakrash uchun aslaha-anjomlarni talab qilmagan. Pullar (FBR har bir banknotani suratga olgan) hech qayerda ishlatilmagani ham bu variantni tasdiqlaydi. To‘g‘ri, bir istisno bor.

1980-yilda Ingremlar oilasi Vankuver yaqinidagi daryo bo‘yida dam olgan. Sakkiz yoshli Brayan qumni kovlab, jami 5800 dollar bo‘lgan uchta quti pul topgan. Ekspertiza ular Kuperga berilgan pullar ekanini aniqlagan. Demak, erkak yerga qo‘nganida omon qolmagan, pullar esa atrofga sochilib ketgan? Bo‘lishi mumkin.

Ammo qolgan 195 ming dollar qani? Bundan tashqari, banknotlar tahlili javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarga sabab bo‘ldi. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, banknotlar layner qo‘lga olinganidan taxminan yarim yil o‘tib suvga tushgan. Bungacha ular qayerda bo‘lgani noma’lum.

Foto: fbi.gov

Yarim asr davom etgan tergovlar davomida ham rasmiy, ham ko‘plab havaskor nazariyalar — aslida Den Kuper kimligi haqida ko‘plab taxminlarni yuzaga keltirdi. 

Norasmiy gumonlanuvchilarning aksariyati harbiylar: Ikkinchi jahon urushi, Vyetnam urushi faxriylari, uchuvchilar, aviabazalar xodimlari bo‘lgan.

Federal qidiruv byurosi ba’zi odamlarni tekshirgan, ammo hech kim to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblanmagan. bizning davrimizda esa ehtimoliy gumon qilinuvchilarning ko‘pchiligi allaqachon vafot etgan.

Ba’zi gumonlanuvchilar haqiqatan ham Den Kuperning fotorobotga juda o‘xshaydi. Suratda Uilyam Smit, Ikkinchi Jahon urushi faxriysi, uni ba’zi tashabbuskorlar haqiqiy Kuper deb bilishadi. Biroq yetarli dalillar yo‘q. Foto: dyingwords.net

Kuperning galstugidagi titan mikrozarralari tahlili bilan tasdiqlangan g‘ayrioddiy versiyalarda u Boeing yoki aviakompaniyaning pudratchilaridan biri bo‘lgan. Shu tariqa, 727 modelini yaxshi bilish ham, jinoyat motivini ham tushuntirish mumkin: yetmishinchi yillarning boshlarida Boeing inqirozga uchragan, Kuper ishsiz qolishi mumkin edi.

**

Den Kuperning shaxsi va taqdiri haligacha noma’lum. Jinoyat taqlidchilar to‘lqinini keltirib chiqardi, ammo ularning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 

Nazariy jihatdan, agar Kuper haligacha tirik bo‘lsa, u juda keksa yoshda: hodisa 53 yil oldin sodir bo‘lgan, guvohlar erkakni taxminan 40-45 yoshlarda ko‘rgan. 

Federal qidiruv byurosi tergovni rasman to‘xtatgan bo‘lsa-da, havaskorlar o‘z nazariyalarni ilgari surishda davom etmoqda. Den Kuperning haqiqiy ismi haligacha noma’lum bo‘lib qolmoqda.