РУ
O’Z
UZS
/
Pul
/
Foyda keltiruvchi rezyumeni qanday yozish kerak?
15.07.2024

Foyda keltiruvchi rezyumeni qanday yozish kerak?

Foyda keltiruvchi rezyumeni qanday yozish kerak?
Muallif
Leyla Li

Agar siz rezyumeni to‘g‘ri yozsangiz, u sizning intervyu uchun yo‘llanmangizga aylanadi. Keyingi muvaffaqiyat sizning muloqot jarayonida o‘zingizni qanday ko‘rsatishingizga va test topshiriqlarini qanday hal etishingizga bog‘liq. Rezyumeningiz kerakli taassurot qoldirishi va sizga intervyuga taklif olishga yordam bera olish uchun chek-list tuzdik.

 

Klassik rezyume tuzilishi

1. Shaxsiy ma’lumotlar: familiya, ism, manzil, kontaktlar.

2. Ta’lim haqida ma’lumot.

3. Ish tajribasi.

4. Asosiy ko’nikmalar va qobiliyatlar (hard skills).

5. Universal malakalar (soft skills).

6. Yutuqlar.

7. Volontyorlik loyihalari.

8. Sizga tavsiyalar berishi mumkin bo‘lganlarning kontakti.

Barchasi haqida batafsil:

  • Shaxsiy ma’lumotlarni kiritish eng oson usul. Bu yerda ismingizni, familiyangizni, yoshingizni, joylashuvingizni, onlayn yoki ofisda ishlashga tayyorsizligingizni, ma’lumotlaringizni, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar uchun havolalarni ko‘rsatasiz. Xohishingizga ko‘ra, rasmingizni ham ilova qilishingiz mumkin.
  • Ta’lim. Ta’lim muassasalari, o’qishni tamomlagan yilingiz va malakalarni teskari xronologik tartibda sanab o‘ting. Agar muhim yutuqlar mavjud bo‘lsa, ularni ham ko‘rsatishingiz mumkin. Misol uchun, siz universitetni imtiyozli diplom bilan tugatishga muvaffaq bo‘ldingiz, bu haqda yozing.

Ular qatoriga siz tayyorgarlikdan o‘tgan maxsus kurslarni ham kiritsangiz bo‘ladi. Lekin faqat asosiy narsaga e’tibor qarating. Maktab yillarida qatnashgan barcha klublarni sanab o‘tishning hojati yo‘q.

  • Ish tajribasi. Ishlagan kompaniyalaringizni va qaysi lavozimlarni egallaganingizni yozing. Ta’limga o‘xshatib, eng aktualidan boshlang.
  • Asosiy ko‘nikma va malakalar. Avvalo, vakansiya e’lonini diqqat bilan o‘rganib chiqish muhim. Rezyumega kiritish uchun qaysi kompetensiyalar aloqadorligini aniqlang.

Bo‘lajak ish beruvchi uchun eng muhim bo‘lgan kompetensiyalarga ega ekaningizni tushunganingizdan so‘ng, asosiy ko‘nikmalaringizni ajratib ko‘rsating. Ularni hard skills deb atashadi. Texnik ko‘nikmalar, bilimlarni ko‘rsating, sizni o‘z sohasining ustasi qiladigan dasturlarni sanab o‘tish mumkin. Shundan kelib chiqib, lavozimga da’vogarlik qila olishingiz yoki qila olmasligingiz tushunarli. Bo‘limda siz amalda to‘plangan tajribani umumlashtirasiz. Xorijiy tillarni qay darajada bilishingizni albatta yozing. Agar ilgari bu qo‘shimcha ustunlik bo‘lgan bo‘lsa, hozir ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari uchun zarur shartdir.

Rezyumeda nafaqat hard skills, balki universal ko‘nikmalar yoki soft skills ham ko‘rsatiladi. Ular shaxsiy fazilatlarni, shaxsning yangi mehnat sharoitlari va martabaga ko‘tarilishga moslashuvchanligini, kommunikativ qobiliyatini, jamoada va yakka holda ishlash ko‘nikmalarini, natijaga yo‘naltirilganlikni birlashtiradi.

  • Yutuqlar. Odatda nomzodlar ko‘nikmalarni sanab o‘tishadi – hammasi shu. Ammo ko‘nikmalar aniq natijalar bilan tasdiqlangan rezyume ko‘proq ma’nodor ko‘rinadi. Hatto yutuqlarni miqdoriy jihatdan o‘lchashning iloji yo‘qdek tuyulsa ham, buni qilishga harakat qiling. 

Hard skills bilan bu osonroq. Aytaylik, siz savdo menejeri lavozimiga da’vogarlik qilasiz va sotish bilan 5 yil shug‘ullanganman deysiz. Shunda eng muhim kasbiy yutuqlarni ko‘rgazmali qilib ko‘rsatadigan raqamlarni keltirish qiyin bo‘lmaydi. Masalan, bir yil ichida kompaniya uchun 30 ta yangi mijoz jalb qilganingizni aytasiz.

Soft skills’ni miqdoriy jihatdan o‘lchash qiyinroq, ammo uddalasa bo‘ladi. Aytaylik, siz ajoyib tashkilotchilik qobiliyatiga egasiz. Kompaniyada 3 nafar xorijiy spiker bilan 2 ta tadbirni (shartli ravishda) o‘tkazishga muvaffaq bo‘lganingiz haqida yozsangiz, juda yaxshi bo‘ladi.

Bundan tashqari ajoyib kommunikatorsiz va xorijdagi hamkorlar bilan muzokaralar olib borgansiz, natijada yangi bozorlarga chiqish imkoniyati paydo bo‘lgan va sotuv cheki oyiga 3000 dollarga oshgan. 

Yana bir misol. Ko‘pincha ‘‘ko‘p vazifali sharoitda ishlay olaman” deb yozishadi. Yaxshisi, ‘‘olti oy davomida savdo menejeri va marketolog rolini birlashtirdim, reklama kampaniyasini olib bordim, uning qamrovi... dan... gacha oshdi”, deyish kerak. Bu, hech bo‘lmaganda, bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifalarni hal qila olish va stressga chidamlilikni ko‘rsatadi. Shuning uchun raqamlar harflardan afzalroq!

  • Volontyorlik loyihalarini ko‘pchilik tashlab ketadi, chunki ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri karyera bilan bog‘liq emas deb hisoblaydi. Ammo ular sizda ham professional, ham shaxsiy muhim fazilatlar mavjudligini, shuningdek, faqat tijoriy foydani ko‘zlamaganingizni tasdiqlaydi. Shuning uchun volontyorlik tashabbuslarini rezyumeda aks ettirish kerak. Bu inson sifatida siz haqingizda ko‘proq bilishga yordam beradi.
  • Agar sizni tavsiya qila oladigan odamlar bo‘lsa, ularning qo‘llab-quvvatlashiga ishonch hosil qiling. Ayniqsa, ular liderlik qobiliyatiga ega bo‘lsa. Bu sizning imidjingizga ijobiy ta’sir qiladi va konstruktiv, yaxshi munosabatlar qura olishingizni tasdiqlaydi. Ismlar, lavozimlar va kontaktlarni aytib o‘tishning o‘zi kifoya.

Tuzilishi va to‘ldirilishi bilan tanishib chiqdik – qoralama tayyor

  1. Rezyumelarni yana bir marta o‘qing va fikrlarni qisqa va aniq bayon qilganingizga ishonch hosil qiling.  Ortiqchasini olib tashlang va ma’lumotni ikki, ko‘pi bilan uch varaqqa joylashtirishga harakat qiling. Qoida tariqasida, rezyume dastlab ishga qabul qiluvchiga yetib boradi, u uni tezda ko‘rib chiqishga bir daqiqagacha vaqt sarflaydi. Shuning uchun mohiyatni aniq aks ettiring.

  2. Imlo va punktuatsion xatolar yo‘qligini tekshiring. Bu ham rezyume qanday taassurot qoldirishiga ta’sir qiladi. Bir-biriga zid ma’lumotlar yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Agar lavozimdagi tajribangiz 5 yil deb yozsangiz, ‘‘Ish tajribasi’’ bo‘limida esa kompaniyalar va davrlarni sanab o‘tsangiz, jami 3 ta bo‘ladi, bu aniq nomuvofiqlikdir.

  3. Tanish rekruteringiz bo‘lsa, undan rezyumeni o‘qib berishni so‘rang. U kamchiliklarni to‘g‘rilashga va urg‘ularni joylashtirishga yordam beradi. 

Ma’lumotlarni tuzish va o‘zingizni taqdim eta olish qobiliyati har kim uchun qimmatli ko‘nikma, shu sababli rezyumeni o‘qib chiqqach, siz bilan yaqindan tanishish istagini uyg‘otishga harakat qiling.