Grechkani mikroto‘lqinli pech, multivarka va hatto duxovkada pishirish mumkinligini bilarmidingiz?
Grechkani oson usulda va qisqa vaqt ichida pishirish bo‘yicha ko‘rsatmalarni aytamiz. Uni pishirish bo‘yicha barcha shartlarga rioya qiling va mukammal garnirdan bahramand bo‘ling. E’tiboringizga grechkani pishirishning eng oson usullari – pechkasiz yoki mikroto‘lqinli pechda pishirish variantlarini taqdim etamiz.
1-usul: Grechkani gaz plitasida pishirish
Ushbu retsept uchun bizga: 100 gramm grechka, 250 ml suv (yoki bulyon), 25 gramm sariyog‘ va ta’bga ko‘ra tuz kerak bo‘ladi. (3-4 ta porsiya uchun)
Tayyorlanishi:
- Kastryulkaga grechkani solib, sovuq (muzli emas) suv bilan to‘ldiramiz, bir bo‘lak sariyog‘ va tuz qo‘shamiz.
- Kastryulkani gaz plitasiga qo‘yamiz va suvning qaynab chiqishini kutamiz. So‘ng qopqog‘ini yopib, olovni pasaytiramiz va 15 daqiqa davomida pishiramiz.
- Tayyor bo‘lgan grechkani 5 daqiqa davomida yopiq qopqoq ostida qoldiramiz.
2-usul: Grechkani gaz plitasiz pishirish
Grechkani qanday qilib gaz plitasiz pishirish mumkin deysizmi? Ha, bunday usul ham mavjud. Buning uchun grechkani bir idishga solib, ustidan qaynoq suv soling va xona haroratida bir soat davomida (yaxshisi bir kechaga) qoldiring. Aytgancha, bu dieta davrida yeyilishi mumkin bo‘lgan grechkaning eng parhezli usuli hisoblanadi.
3-usul: Grechkani multivarkada pishirish
Grechkani multivarkada pishirish nafaqat mumkin, balki vaqt menejmentingiz uchun ham foydalidir. Buning uchun multivarkani yonida turishingiz, qaynashi va bug‘lanishi kutishingiz shart emas.
Tayyorlanishi:
Grechkani multivarkaning idishiga solamiz va ustini 2 santimetr balandlikda sovuq suv bilan to‘ldiramiz. Qopqog‘ini yopib, “donlar” yoki “bo‘tqalar” rejimini tanlab, taymerni 20-25 daqiqaga o‘rnatamiz. Tayyor bo‘lgandan so‘ng, sariyog‘ yoki o‘simlik yog‘i va tuz qo‘shib iste’mol qilamiz.
4-usul: Grechkani duxovkada pishirish
Ushbu usul uchun bizga pech qolipi (shishali) yoki boshqa issiqlikka chidamli idish kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi:
- Quruq grechkani idishga solamiz, sovuq suv bilan to‘ldiramiz va ustini qopqoq yoki folga bilan yopamiz.
- Grechkani 180 gradusgacha qizdirilgan duxovkaga 35-40 daqiqa davomida pishiramiz. Tayyor bo‘lgandan so‘ng yana 10 daqiqa davomida tindiramiz.
5-usul: Grechkani mikroto‘lqinli pechda pishirish
Grechkani eng oson tayyorlaydigan usullaridan biri – uni mikroto‘lqinli pechda pishirishdir. Uni mikroto‘lqinli pechingizga mos idishga solib, suv yoki sut bilan to‘ldiramiz. Qopqog‘ini yopib, maksimal quvvatda 8-10 daqiqa davomida pishiramiz. Keyin bir aralashtirib, o‘rta quvvatda (500-600 Vt) yana 5 daqiqa davomida pishiramiz.