Munisa Rizayeva: tarjimai holi, yoshi, shaxsiy hayoti va xonanda haqida qiziqarli faktlar
Shoʻx va shaddod qoʻshiqlari bilan muxlislar qalbidan joy olgan betakror ijodkor haqidagi barcha maʼlumotlar shu maqolada jamlangan.
Munisaning yoshi
Munisa Rizayeva 1986-yil 21-oktyabrda Toshkentda tugʻilgan. Uning yoshligidan sanʼatga qiziqishi sezilarli edi. Bu qiziqish va isteʼdod oila yigʻinlarida qoʻshiqlar aytishi orqali namoyon boʻlgan. Ammo uning musiqiy faoliyatini boshlash yoʻli oson kechmadi. Munisa sanʼatni sevsa ham, otasi uni sanʼatdan koʻra anʼanaviy kasb tanlashga undashgan. Shunday boʻlsada, u bolalik orzusidan voz kechmay, Londondagi Vestminster universitetida iqtisod va biznes yoʻnalishida tahsil oldi.
Munisaning biografiyasi
Bolaligidan musiqa va raqsga qiziqib kelgan. Onasi uni mashhur raqqosa, Oʻzbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaga shogirdlikka bergan. Otasi esa uning qoʻshiqchi boʻlishini xohlamagan, ammo u yana boshqa musiqa kurslariga ham borgan. Maktabda oʻqiyotgan vaqtida u oilasi bilan Londonga koʻchib oʻtgan. Keyinchalik esa London joylashgan Hames Valley universitetida musiqa sohasida oʻqigan. Keyin esa ikkinchi yoʻnalish sifatida Angliyaning boshqa bir nufuzli universitetida Mehmonxona biznesi va turizm yoʻnalishida ham taʼlim olgan. Uning Toshkent shahrida joylashgan mehmonxonasi bor.
Sanʼatga birinchi qadamlar
Londonda yashagan yillarida Munisa konservatoriyada ham musiqa yoʻnalishida tahsil oldi. Ammo u oʻzining sanʼatga boʻlgan haqiqiy qobiliyatini London sahnasida toʻliq namoyish qila olmadi. Shunday qilib, 2010-yilda Oʻzbekistonga qaytib, oʻz vatanida sanʼatkor sifatida rivojlanishni davom ettirishga qaror qildi. 2012-yilda ilk albomini chiqardi va shu orqali mamlakatning sanʼat olamida tanildi. Uning qoʻshiqlari qisqa vaqt ichida nafaqat Oʻzbekistonda, balki qoʻshni davlatlarda ham mashhurlikka erishdi.
Munisa va musiqa
Munisa yoshligidan musiqaga qiziqqani uchun har gal O‘zbekistonga kelganida turli tanlovlarda qatnashgan. 2004-yili Toshkentda o‘tkazilgan “Umid yulduzlari” ko‘rik-tanlovida “Nega-nega” qo‘shig‘i bilan qatnashib, g‘oliblar safidan joy oladi.
Oradan bir necha yil o‘tib, odamlar Munisani alohida bir ijodkor, qo‘shiqchi sifatida taniy boshlaydi. Xonandaning o‘zi esa 2011-yilni hayotidagi eng muhim yillardan biri deb bilishini aytadi. Aynan o‘sha yillarda u ko‘zga ko‘rinishni va qo‘shiqlari xitga aylanishni boshlagan. 2012-yilda esa haqiqiy xit — “Ayrilma yor” taqdim etilgan. Munisaning ilk qo‘shiqlarini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak, undagi o‘zgacha drayv va kliplaridan yangicha nafas uni boshqalardan ajratib turardi.
Shundan so‘ng u “Hollivud”, “Sekin-asta”, “Ey samo” singari ijod mahsullarini birin-ketin tinglovchilarga havola qiladi va barchasi xit darajasiga ko‘tariladi. U nafaqat singllar, balki duetlarni ham muvaffaqiyatli kuylagan, masalan, “Ummon” guruhi bilan kuylangan “Vo ajab”, Botir Qodirov bilan ijro etilgan “Dema-dema"ni ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak.
Ijodiy muvaffaqiyat va xalqaro hamkorliklar
Munisa Rizayeva 2016-yilda “Yurak” nomli ikkinchi albomini taqdim etib, ijodiy faoliyatidagi yuksak natijalarni qoʻlga kiritdi. Albomdagi qoʻshiqlari koʻplab tinglovchilarning qalbidan joy oldi va uni milliy va xalqaro maydonda tanitdi. Bu davrda u Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyat qozongan “Yonar” kabi qoʻshiqlari bilan muxlislarning eʼtiborini qozondi. Uning qoʻshiqlarida oʻzbek anʼanaviy musiqasi va zamonaviy pop yoʻnalishi uygʻunlashgan boʻlib, unga “Oʻzbekiston Lady Gaga”si deb atalishiga sabab boʻldi.
Kinodagi faoliyati va muvaffaqiyat
Munisa nafaqat qoʻshiqchi, balki isteʼdodli aktrisa sifatida ham tanildi. U 2012-yilda “Hay-hay, qizaloq” filmida oʻynadi va bu roli bilan oʻzini aktyorlik mahoratini namoyon qildi. 2014-yilda “Salom, Natasha” filmida bosh rolni ijro etib, kinematografiyadagi muvaffaqiyatlarini yanada mustahkamladi. Ijodiy qobiliyatlari, oʻziga xos ovozi va jozibador shaxsiyati orqali Munisa nafaqat Oʻzbekistonda, balki qoʻshni mamlakatlarda ham keng auditoriyani oʻziga jalb etdi.
Munisa va depressiya
Munisa Rizayeva intervyularidan birida 2012-yillarda Gulnora Karimovaning taqiqiga uchragani ortidan oʻzini oʻldirishga uringan. U Karimova nomidan foydalanib, ish qilayotgani haqidagi tuhmat gaplar aytilganini taʼkidlagan.
Shuning ortidan Gulnora Karimova Rizayeva faoliyatiga taqiq qoʻygan. Munisa bu paytda Rossiyaning eng mashhur “Golos” shousida ishtirok etayotgan boʻlgan. U barcha saralash bosqichlaridan oʻtib, shouning asosiy tanloviga oʻtgan, ammo Oʻzbekistonga qaytishga majbur boʻlgan.
Xonanda 7 oy davomida “zapret”da boʻlgan. Bu paytda undan hamma tanishlari yuz oʻgirgan, u bilan gaplashishga ham qoʻrqib qolishgan. Hatto yurak xuruji bilan kasalxonaga ham tushib qolgan, ota-onasi uni yoʻqotishiga bir baxya qolgan. Oʻzini osib oʻldirishga ham uringan.
Gulnora Karimovaning shaxsiy taqiqi Munisa Rizayevaga qattiq ruhiy taʼsir koʻrsatgan yagona va oxirgi holat emas. Bundan bir necha yil avval ijtimoiy tarmoqlarga Munisaning oʻta shaxsiy suratlari tarqalib ketgan, bu holat xonandani 2 yillik depressiyaga tushishiga sabab boʻlgan.
Shunaqa paytlar boʻlganki, suratlarim tarqalib ketganida 2 yil depressiyadan chiqa olmaganman. Hech narsa qilgim kelmasdi, qoʻshiq aytishni ham xohlamaganman. Kulmaganman, uydan chiqqim kelmasdi. Zoʻrgʻa toʻyga borib kelib, yana uyda yotardim. Juda qiynalganman. Lekin 60-70 ta ashula yozib qoʻyganman, oʻshalarni chiqarib turganmiz. Allohga shukr, bugunga kelib oʻzi mening yuzimni yerga qaratmadi, deydi xonanda.
Munisaning oilaviy hayoti
2023-yil Munisa Rizayeva hayotida oʻchmas iz qoldirgan yillardan biri boʻldi. Bir yil avval xonandaning nafaqat oʻzi, balki muxlislari tomonidan yillar mobaynida kutilgan hodisa roʻy berdi — u oila qurdi. Munisa va Arseniyning nikoh kechasi ikki marta nishonlandi. Birinchi toʻy hindcha oʻtkazildi, kechada nafaqat kelin-kuyov balki mehmonlar ham hind madaniyatiga monand kiyingan edi.
7-sentyabr kuni Munisa Rizayevaning asosiy toʻyi oʻtkazildi. Ushbu toʻy sanʼat olamida “Yil toʻyi” sifatida eʼtirof etildi. Xonandaning nikoh kechasida bir necha xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan sanʼatkorlar bilan bir qatorda oʻzbek shou-biznesining eng taniqli vakillarini koʻrish mumkin edi. Rizayevaning yaqin doʻsti, vayner Ozod Xurramov Munisaning toʻyiga bir million dollar sarflangani haqida aytib oʻtgan.
“Munisa Rizayevaning toʻyiga bir million dollar mablagʻ sarflandi. Hamma xarajatlarni kuyovning oʻzi qopladi. Munisa Rizayeva kelin koʻylagi, hatto pardoz-andozi uchun ham choʻntagidan pul sarflagani yoʻq. Ular oʻn oy avval tanishib, bir-birini sinashgan. Arseniyni katta biznes bilan shugʻullanuvchi insonlar juda yaxshi tanishadi. U oʻziga toʻq, badavlat inson”, — degan edi Ozod.
Munisa farzand kutmoqda
Munisa intervyularida hayotidagi eng katta orzusi ona boʻlish ekani haqida juda koʻp gapirardi. Oʻtayotgan yilda uning ushbu orzusi amalga oshdi. Xonanda may oyida muxlislariga quvonchli xabarni — farzand kutayotgani haqidagi yangilikni yetkazdi.
“Farzandingizga qanday ism qoʻymoqchisiz?”, degan savolga xonanda “Buni faqat farzandimiz tugʻilganidan keyingina ayta olamiz. Chunki uning tashqi koʻrinishi Muhammadga oʻxshash boʻladimi yoki Daniyelga hozircha bilmaymiz”, deya javob bergan.
Eng qimmat reklama
Xonandani Instagramʼda 7,4 million obunachi doimiy ravishda kuzatib boradi. U oʻzbek shou-biznesida eng qimmat reklamaga ega qoʻshiqchidir. Uning storyʼiga reklama joylash 3,5 ming dollardan 10 minggacha turadi. Shuningdek, xonanda yaqinda shartnoma asosida bitta postni 120 ming dollar evaziga joylagan.
Sahifamni yuritish uchun juda katta mablagʻ sarflaymiz. Instagramʼim faolligi juda ortib ketgan. Oldin Munisa Rizayevani yaxshi koʻrgan boʻlishsa, hozirda Arseniy ikkalamizni juftlik sifatida kuzatish hammaga qiziq boʻlyapti. Sahifamda chiqadigan reklamalar juda qattiq tanlab olinadi, deb taʼkidlagan sanʼatkor.
Munisa hayotida yangiliklar
Xonanda Munisa Rizayeva ilk farzandini dunyoga keltirish uchun turmush oʻrtogʻi Arseniy Moroz bilan birgalikda Argentinaga ketgan.
38 yoshli xonanda bu qarorga umr yoʻldoshining tavsiyasidan keyin kelganini aytgan. Mamlakatda tibbiyot tizimi yuqori darajada hisoblanadi.
Sanʼatkorga koʻra, ular dastlab Toshkentda Dubayga, shundan soʻng esa Argentinaga uchib ketishgan. Oilani 20 soatlik parvoz kutib turgan boʻlgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Argentinada dunyoga kelgan chaqaloqlarga darhol mamlakat fuqaroligi beriladi. Ushbu pasport esa koʻplab davlatlarga vizasiz kirish imkonini beradi.