/
/
Oy sarhisobi: Avgustda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?
31.08.2024

Oy sarhisobi: Avgustda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?

Iyul oyi ham yakuniga yetdi. 2024-yilning sakkizinchi oyi qizgʻin voqealarga boy boʻldi. Toping.uz avgustning eng muhim va diqqatga sazovor yangiliklarini bir maqolaga jamladi.

Oy sarhisobi: Avgustda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?

Serial va filmlar anonslari

Shu paytgacha mashhurlikka erishgan bir qator filmlar va seriallarining yangi qismlari avgust oyida anons qilindi. Jumladan, koreyalik kinoijodkorlar “Kalmar oʻyini” serialining ikkinchi mavsumining premyera sanasini maʼlum qildi. Unga koʻra, serialning ikkinchi mavsumini 26-dekabrdan boshlab koʻrish mumkin boʻladi.

Bundan tashqari, “Uensdey” seriali yulduzi Jenni Ortega ham koʻpchilik eʼtiborini qozongan serialning ikkinchi mavsumi haqida maʼlumot berdi. Ortega filmning davomi yangi yovuz odamlar va qahramonlarning gʻayritabiiy qobiliyatlari, shuningdek, juda qorongʻu atmosfera bilan quvontirishini vaʼda qilmoqda.

Shuningdek, Marvel Kinoolamiga tegishli bir qator filmlar, xususan, “Bleyd” va “Qasoskorlar”ning navbatdagi qismlari ham anons qilindi. Marvel muxlislari uchun oyning eng yaxshi voqealaridan biri bu Robert Dauniyning kinoolamga qaytishi boʻldi, deyish mumkin.

Maymunchechak kasalligi

JSST 15-avgust kuni maymunchechakni xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat deb eʼlon qildi

Tashkilot favqulodda vaziyatlar uchun 1,5 million dollar ajratgan va yanada koʻproq mablagʻ jalb etishni rejalashtirilmoqda.

JSSTning javob rejasi 15 million dollarni talab qiladi va idora moliyalashtirish uchun donorlarga murojaat qilishni koʻrib chiqmoqda.

Olimpiada oʻyinlarida oʻzbekistonlik sportchilar ishtiroki

Avgust oyida Parijdagi yozgi Olimpiada oʻyinlari ham yakuniga yetdi. Unda oʻzbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egalladi. Delegatsiya vakillari 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Ulugʻbek Rashitov, Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻstmatov kabi sportchilar ikkinchi bor Olimpiada chempioniga aylandi. Bundan tashqari, taekvondo bahslarida Svetlana Osipova, ogʻir atletika boʻyicha esa Akbar Joʻrayev kumush medallarga ega chiqdi.

Vodafone

Dunyodagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri boʻlgan Britaniyaning Vodafone kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Maʼlumot uchun, Vodafone Group Plc qirq yillik tarixga ega va 30 mamlakatda 434 mln foydalanuvchisi (dunyodaChina Mobileʼdan keyin ikkinchi koʻrsatkich) boʻlgan dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalari guruhlaridan biri hisoblanadi.

Yana 50 ta davlatda u toʻliq nazoratga ega boʻlmagan tarmoqning hamkori boʻlib, ovozli xabar almashish, maʼlumotlar va statsionar aloqa kabi keng koʻlamli xizmatlarni taqdim etadi. Qayd etilishicha, loyiha 2025-yilning birinchi choragida boshlanadi, shuningdek, 1000 ta ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda. Loyihada oʻz jihozlari bilan Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi ham ishtirok etadi.

Pavel Durov qamaldi (va ozod etildi)

Telegram asoschisi Pavel Durov giyohvand moddalar savdosi va boshqa ogʻir jinoyatlarda ishtirok etganlikda ayblanib, Parijda 24-avgust kuni hibsga olindi.

Ozarbayjondan qaytgan Pavel Durovga shaxsiy soqchi va ayol hamrohlik qilgan. Durov federal qidiruvga berilgan, Fransiya milliy sud politsiyasi boshqarmasi tomonidan unga nisbatan tintuv oʻtkazish uchun order chiqarilgan. Tegishli order Durovning fransuz kuchlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani, bu esa uni giyohvand moddalar va boshqa ogʻir jinoyatlarning noqonuniy aylanmasida ishtirok etishda gumon qilgani uchun berilgan.

Yevropa Ittifoqi rasmiylarining Telegramʼga boʻlgan asosiy eʼtirozi messenjerda uyushgan jinoyatchilar tomonidan faol foydalanilayotgan shifrlangan xabarlar hisoblanadi. Durovga 20 yilgacha qamoq jazosi tahdid solayotgandi.

28-avgust kuni esa Pavel Durov vaqtincha hibsdan ozod etildi. Tergov sudyasi Pavel Durovni hibsda saqlash muddatini tugatgan. Bu Durovni soʻroq qilish va, ehtimol, unga qarshi ayblovlar qoʻyish uchun kerak. Dastlab Durov hibsdan ozod etilgani haqida xabar berildi. Ammo keyinchalik bu sudda soʻroqdan oldin rasmiy protsedura ekani maʼlum boʻlgan.

Krishtianu Ronalduning YouTube kanali

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi, 39 yoshli Krishtianu Ronaldu YouTube ijtimoiy tarmogʻida oʻz kanalini ochdi va shu zahoti rekord oʻrnatdi.

Kanal ochilganiga 1,5 soat boʻlmasdan turib, unda million obunachi yigʻildi. Bu esa YouTubeʼda obuna yigʻish tezligi boʻyicha mutlaq rekord hisoblanadi.

Ronaldu 1 millionlik oltin tugmachani ochib, tomosha qilayotgani va bunga bolalarning reaksiyasi aks etgan videoni ham kanaliga joyladi. Hozirda kanalda 53,8 million obunachi mavjud.

Paralimpiada boshlandi, oʻzbekistonlik sportchi rekordni yangiladi

29-avgust kuni Parijda yozgi Paralimpiya oʻyinlari ham start oldi. 8-sentyabrga qadar davom etadigan musobaqada Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixida ilk bor 9 sport turida 65 nafar sportchi bilan 113 ta litsenziya qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan.

Hozirgacha Oʻzbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Uzunlikka sakrash boʻyicha Asila Mirzayorova Olimpiada rekordini yangiladi. Shu tariqa Oʻzbekiston umumjamoa hisobida 7-oʻrinda bormoqda.