/
/
Oy sarhisobi: Iyulda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?
31.07.2024

Oy sarhisobi: Iyulda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?

Iyul oyi ham yakuniga yetib bormoqda. 2024-yilning yettinchi oyi voqealarga boy boʻldi. “Toping.uz” iyulning eng muhim va diqqatga sazovor joylarini bir yerga jamladi.

Oy sarhisobi: Iyulda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?

Olimpiada va uning ochilish marosimi

Foto: The Times

Butun dunyo uchun iyul oyining eng katta voqealaridan biri, albatta, Parij Olimpiadasi va uning ochilish marosimi boʻldi. Tarixda ilk bor stadionda oʻtkazilmagan marosim juda katta rezonans keltirib chiqardi.

Ochilish marosimida butun Parij shahri katta teatrga aylantirildi. Mariya Antaunettadan tortib, Leonardo da Vinchining “Sirli uchrashuv” asarigacha belgilar namoyish etildi.

Olimpiadada birinchi marta Oʻzbekiston futbol jamoasi ham ishtirok etdi. Jamoa guruh bosqichida Ispaniya va Misrga magʻlub boʻldi va Dominikan bilan durang oʻynab, guruh bosqichida oʻz ishtirokini yakunladi.

Bundan tashqari, hozirgacha dzyudochi Diyora Keldiyorova oltin medalni qoʻlga kiritdi va mustaqil Oʻzbekiston tarixida yozgi Olimpiada oltin medalini qoʻlga kiritgan ilk ayolga aylandi.

Tailandga vizasiz kirish imkoniyati

Foto: The Blueberry Trails

15-iyul kunidan boshlab Tailand hukumati 93 davlat, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari uchun, 60 kungacha vizasiz kirish rejimini rasman joriy qildi. Roʻyxatga yangi kiritilgan 36 ta davlat qatorida Xitoy, Hindiston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston ham bor.

Yangi tartib barcha chegara postlari orqali Tailandga tashrif buyuruvchilar uchun amal qiladi. Oʻz navbatida, mazkur tartib Tailand hukumati tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir tomonlama joriy etilgan va maʼlum muddatdan soʻng bekor qilinishi ham mumkin.

Andijondagi “Dunyo sadolari” festivali

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijonda 29-iyul kunlari anʼanaviy II “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada sanʼati festivali boshlandi.

Tadbirlarda Hamdam Sobirov, Yulduz Usmonova, Dianella (Qozogʻiston) va Jah Khalib (Qozogʻiston) ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tadbirning 2-kunidagi gala-konsert doirasida mashhur xonandalar Shohruxxon, Megan (Belgiya) va Jony (Ozarbayjon) oʻz chiqishlari bilan festival mehmonlarining diqqat markazida boʻldi.

31-iyul kuni festivalni yakunlash tadbiri va gala-konsertlar boʻlib oʻtadi. Ushbu dasturda festival mehmonlari Rayxon, “Dj Sukhbir” (Hindiston) hamda jahon yulduzi Inna (Ruminiya) ishtirokidagi musiqiy chiqishlar qiladi.

AQSHdagi prezidentlik saylovlari

Foto: The Sun

Oʻzbekistonliklar va butun dunyo AQSHdagi saylovlarni ham diqqat bilan kuzatib boradi. “Sehrli diyor” prezidentligi uchun kurash iyul oyida yuqori darajaga chiqdi. Prezident Bayden va Donal Tramp oʻrtasida debatlar boʻlib oʻtdi.

Bundan tashqari, Pensilvaniya shtatidagi mitinglarning birida Trampga suiqasd uyushtirildi. Otilgan oʻq Trampning qulogʻini yalab oʻtdi va uning hayotiga xavf solmadi. Bu orada esa Jo Bayden koronavirus kasaliga chalindi.

Shundan soʻng Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqishini eʼlon qildi va oʻzining oʻrniga Kamala Harrisni taklif qildi. Kamala Harris prezidentlik poygasida ishtirok etishini maʼlum qildi.

“Yaxshi boʻlish osonmi 4” hamda “Dedpul va Rosomaxa”

Foto: Dexerto

Iyul oyi ajoyib kinopremeralarga boy boʻldi. 4-iyul kuni Oʻzbekiston kinoteatrlarida “Yaxshi boʻlish osonmi” multfilmining toʻrtinchi qismi oʻzbek tilida ham namoyish etila boshlandi. Bundan tashqari oy soʻngida 25-iyuldan boshlab uzoq kutilgan “Dedpul” filmining uchinchi qismi premyera qilindi.

“Dedpul va Rosomaxa” yangi rekord oʻrnatdi: hozirda u reytingi R boʻlgan kino tarixidagi eng yuqori daromad keltiruvchi film boʻlib turibdi. Namoyish boshida film 438 million dollar yigʻdi. Taqqoslash uchun: Oppengeymer uchun bu koʻrsatkich 174 million dollarni tashkil etdi, yaʼni taxminan ikki yarim baravar kam.

Soʻnggi Gentra ishlab chiqarildi

Foto: Lex-avto

26-iyul kuni UzAuto Motors Asaka zavodi konveyeridan 487 104 chi Chevrolet Lacetti ishlab chiqarildi. U tarixda soʻnggi Lacetti (Gentra) boʻlib muhrlandi. 2013-yildan ishlab chiqarilishi boshlangan Lacetti ilk yillarda 11 222 dona ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 89 565 donaga yetdi.

Taʼkidlanishicha, oʻtgan 10 yil davomida Gentra koʻplab avtomobil ixlosmandlari uchun ishonchli va qulay avtomobil boʻlib xalq avtomobiliga aylanib ulgurgan. U avtomobil bozorida oʻz oʻrni hamda mavqeini mustahkamlab, xalq qalbidan munosib oʻrin oldi. Buning uchun mijozlar va hamkorlarga minnatdorchilik bildirilgan.

Hamster Kombat va Uzum Bos

Foto: Newkhakasiya

ByBit kriptobirjasi iyul oyi boshida oʻzining bozoroldi savdo platformasiga Hamster Kombat tokenini (HMSTR) qoʻshganini eʼlon qildi. Savdo juma kuni boshlandi va ochilishdan keyingi dastlabki soatlarda bir token uchun 0,055 dan 0,08 USDT oraligʻida oʻzgardi, bu 2024-yil 8-iyuldagi kurs boʻyicha taxminan 750-1000 soʻmga teng.

Hamster Kombat tokenining rasmiy roʻyxatga olish sanasi hali eʼlon qilinmagan boʻlsada, Telegram asoschisi Pavel Durov token yaqin kelajakda TON (Telegram Open Network) blokcheynida chiqarilishini aytdi. Shuningdek, u yangi kriptovalyuta yuz millionlab odamlarni blokcheyn afzalliklari bilan tanishtirishga yordam berishini taʼkidladi.

Oy oxiriga kelib Oʻzbekistondagi eng yirik ekotizim — Uzum kompaniyasi mamlakatda birinchilardan boʻlib oʻzining “bosuvchi oʻyini”ni ishlab chiqdi. Hurmat deb nomlanuvchi tangalarni darajani oshirish uchun kartalarga almashtirish mumkin. Maqsad boss darajasini olishdir. Ularga 20 million soʻmlik chek beriladi.

Bu oʻyin internetda virusdek tarqalmoqda. Ishtirokchilar oʻyinga doʻstini taklif qilgani yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga obuna boʻlgani uchun ularga qoʻshimcha tangalar beriladi. Boss darajasiga yetish uchun imkoniyat hammada teng, faqatgina oʻyinga koʻproq vaqt ajratish kerak.

Uzum ekotizimi bu oʻyin orqali brend taniqlilik darajasini oshiradi, oʻzining barcha loyihalarini yaxshigina reklama qiladi. Foydalanuvchilar uchun esa yaxshigina xarid imkoniyatlarini taqdim etadi. Faqatgina tizimning toʻgʻri ishlashini doimiy nazorat qilib borish kerak.