РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekistonda kino sohasiga oid bloglar qachon rivojlanadi? Kinobloger Sardor bilan suhbat
26.09.2024

Oʻzbekistonda kino sohasiga oid bloglar qachon rivojlanadi? Kinobloger Sardor bilan suhbat

Oʻzbekistonda kino sohasiga oid bloglar qachon rivojlanadi? Kinobloger Sardor bilan suhbat

Zamonaviy hayot bizni dam olish kunlarida yoki kechasi uxlashdan oldin kino tomosha qilishga odatlantirib qoʻydi. Bu borada tavsiyaviy videolar ishlovchi blogerlarning oʻrni boʻlak. Maqolamiz mehmoni Sardor Tursunaliyev soha yetakchilaridan hisoblanadi.

“Yes Uzb” kanalini yaratish gʻoyasi qanday paydo boʻldi?

Hammasi YouTubeʼga boʻlgan qiziqishimdan boshlangan. Yaʼni birinchi kino kanalga emas, aynan shu platformada ishlashga qiziqqanman. Bu kanalni ochishdan oldin boshqa yoʻnalishlarda harakat qilib koʻrganman.

Keyinchalik bir narsani tushunib qoldim: kinoga ham, YouTubeʼga ham qiziqaman. Oʻrganib chiqsam, oʻzbek blogosferasida hali kinoblogerlar yoʻq ekan. Shundan soʻng aynan shu yoʻnalishni YouTubeʼga olib kirishga qaror qilganman.

Bunday yoʻsindagi videolar obunachilar tomonidan iliq qabul qilingan. Mana shu paytda “Yes Uzb” kanali paydo boʻlgan. Bunga ham yaqinda 6 yil boʻlib qoladi. Oʻshandan beri doimiy ravishda kino olamiga oid yangiliklarni eʼlon qilib boraman.

Kanal uchun roliklar suratga olish jarayonini qanday tashkil qilasiz?

Aslini olganda, mening yoʻnalishimda kontent yetishmovchiligi degan tushuncha yoʻq. Yaʼni kino, multfilm va seriallar har doim boʻladi. Shu sababli hech qachon mavzular tugab qolmaydi.

Men butun jarayonni bir oʻzim tashkil qilaman. Video tasvirga olish jarayoniga keladigan boʻlsak, dastlab reja tuzib olinadi. Unda ssenariy qanday ketma-ketlikda tuzilishi belgilanadi. Roliklar ssenariysi imkon qadar soddaroq va tushunarliroq yoziladi.

Shundan soʻng video tasvirga olib, montaj qilaman. Prevyu yasab, keyinroq YouTubeʼda toʻliq rolikni eʼlon qilaman. Videolarni bir oʻzim suratga olaman. Bunda iPhone 11 smartfonidan foydalanaman. Orqa fon uchun uyimda alohida burchak tashkil qilganman.

Avvallari bloger degan atama yoʻq edi. Bolaligingizda kim boʻlishni orzu qilgansiz?

Men futbol oʻynashga va koʻrishga juda qiziqaman. Bu sport turiga boʻlgan muhabbatim hatto kinonikidan ham koʻproq. 5-6 yil davomida futbol bilan shugʻullanganman. Ammo bu soha vakili boʻlish armon boʻlib qolgan.

Hozir ham doʻstlarim bilan tez-tez futbol oʻynab turamiz. Yirik musobaqalarni oʻtkazib yubormasdan tomosha qilaman. Hozirgacha sahna ortida boʻlsa ham, futbolning ishqiboziman, deya olaman.

Bolalikda aynan qaysi film yoki filmlarni sevib tomosha qilgansiz?

Yaxshi bilasiz, bizning bolalik paytlarimizda internet yaxshi rivojlanmagandi. Hattoki DVD orqali filmlar tomosha qilish imkoni boʻlmagan. Shu bois axborot olish mumkin boʻlgan yagona platforma bu telekanallar edi.

Biz u paytlarda asosan “Yoshlar” telekanalini tomosha qilardik. Uydagilar asosan hind kinolarining shaydosi boʻlishgan. Men ham ularga qoʻshilib, hindcha filmlar tomosha qilardim, bu kinolarni hozirgacha sevib tomosha qilaman.

Bundan tashqari, koreys kinoijodkorlarining “Jumong”, “Saroy javohiri” seriallarini ham zoʻr ishtiyoq bilan tomosha qilganman. Keyinchalik DVD ommalasha boshlagach asosan multfilmlar koʻrar edim.

Oʻzbekistondagi eng yaxshi kinoblogerlarni sanab bera olasizmi?

Ayni vaqtda Oʻzbekistonda ham kino yoʻnalishida blog yuritayotgan ijodkorlar ancha koʻpayib qoldi. Albatta, bundan juda xursandman. Lekin ular hali boshlangʻich jabhada boʻlgani sababli baho bera olmayman.

Menimcha, yana 2-3 yildan keyin oʻzbek YouTubeʼida kino sohasiga oid kanallar ancha rivojlanib qoladi. Bu borada doim yangi nigohlar, oʻzgacha formatlar kerak boʻladi. Buni bir yoki ikki kishi bajara olmasligi aniq.

Men hozir bir nechta kinoblogerlarni sanab bera olmayman. Faqat “Susambil” kanali maʼmuri Nodir Nishonov ijodini aytishim mumkin. Uning kino sohasidagi bilimi rostdan ham ancha boy.

Markaziy Osiyoda qaysi davlat kino sanoati nisbatan yaxshiroq rivojlangan?

Afsuski, bu Oʻzbekiston emas. Hammamizga yaxshi maʼlum, SSSR parchalanish vaqtida Oʻzbekistonda kino va dublyaj sohasi ancha keng rivojlangandi. Bu davrda keyingi oʻnyilliklarga bevosita taʼsir koʻrsatgan filmlar suratga olingan.

Aynan oʻsha kino va seriallarni hozir ham miriqib tomosha qilamiz. Hattoki 2000-yillarda ham unutilmas shedevr filmlar tasvirga olingan. Bunday loyihalar kino sanoatimizni yangi bosqichga olib chiqqan. Ammo hozirgi kelib industriya batamom oʻldi.

Savolingizga keladigan boʻlsak, bu borada hozirda Qozogʻiston va Qirgʻiziston ijodkorlari ancha ildamlab ketgan. Chunki soʻnggi yillarda ular chiqarayotgan film va seriallar nafaqat mintaqada, balki butun qitʼada ham mashhurlikka erishmoqda, hatto butun dunyo tanigan loyihalar ham bor.

Agar ertaga YouTube yoʻq boʻlib qolsa, nima ish bilan shugʻullanasiz?

Niyatni yaxshi qilaylik, YouTube hali beri yopilmasin, ishimizdan ham ayrilmaylik. Shunday boʻlgan taqdirda ham, men ishsiz qolib ketmayman deb oʻylayman. Chunki Toshkent davlat texnika universitetining “Mashinasozlik” fakultetini tamomlaganman.

Qoʻlimda diplom va hunarim bor. Istalgan payt aynan shu soha yoki yondosh sohalar boʻyicha ishga kirishim mumkin. Lekin katta ehtimol bilan marketing yoʻnalishida faoliyatimni davom ettiraman. Chunki bu borada ancha koʻp ishlarni amalga oshirib, sinovlardan oʻtganman.

6 yil davomida yigʻilgan tajriba menga dizayn, montaj, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni yuritishga yordam beradi. Bemalol shu sohalarda ham ishlab keta olaman. Adashmasam, hozirda videograflarning maoshi ancha yuqori. Shunday ekan, YouTube yoʻq boʻlib qolsa ham, men tezda ish topib olaman deb hisoblayman.

Eng yaxshi koʻrgan 5 ta filmingizni sanab bera olasizmi?

  • Birinchi navbatda, Kristofer Nolan tomonidan suratga olingan “Interstellar” filmini aytishim kerak. Bu film tomoshabinlarga koʻplab hissiyot beradi, hatto “aqldan ozdiradi”. Men bu kinoni qayta-qayta tomosha qilaman.
  • Ikkinchi oʻringa esa “Taxtlar oʻyini” serialini qoʻygan boʻlardim. Ushbu kartinani ham yaqinda takroran tomosha qildim. Bu serial oʻziga xos dialoglari va syujet tugunlari bilan tomoshabinni hayratlantiradi. Loyiha haqida alohida video ham qilmoqchiman.
  • Uchinchi oʻringa “Titanlar hujumi” deb nomlangan animeni qoʻyaman. Unda qismlar juda koʻp, ammo shunga qaramay ikki marta tomosha qilganman. Syujet taraflama anime hech qaysi film yoki serialdan qolishmaydi. Animatsiya zoʻr, personajlar chuqur oʻylangan, syujeti esa mixlab qoʻyadi.
  • Toʻrtinchi oʻringa “Qasoskorlar: Intiho” filmini qoʻshsam kerak. Bu film men birinchi marta kinoteatrda koʻrgan kartinadir. Shu bois bu kino xotiramdan oʻzgacha tarzda joy olgan, unutilmas hissiyotlar baxsh etgan. Filmning oʻzi ham betakror ishlangan, uning premyerasini intiqlik bilan kutganman.
  • Yakuniy oʻrinda “Top Gan: Meverik” filmini kiritishim mumkin. Ushbu kartinani premyera vaqtida kinoteatrda koʻrolmay qolganman. Ammo raqamli reliz chiqqanda tomosha qilganman. Haqiqatan ham dinamikaga boy film boʻlgan, shunda kinoteatrga tushmaganimga afsuslanganman.

Umuman olganda, menga yoqadigan film va seriallar juda koʻp. Aslida qaysi kinoni oxirgi marta koʻrgan boʻlsangiz, aynan oʻsha loyiha eng yaxshisidek tuyilaveradi. Yana bir jihatga eʼtibor berish kerak, yuqorida sanalgan filmlar raqamlari bu eng zoʻri yoki yomoni degani emas.

Agar imkoni boʻlganda, kino sohasidagi qaysi ijodkor bilan koʻrishgan boʻlardingiz?

Imkon boʻlganda, daho rejissyor Kristofer Nolan bilan uchrashib suhbatlashgan boʻlardim. Uning har bir filmlari yuqori darajada suratga olinadi. Menga aqliy yechimlarga boy detektiv filmlar juda yoqadi.

Shunday ekan Nolan men uchun umuman boshqa darajadagi rejissyor hisoblanadi. Yaxshi tomoni ijodkor hali hayot, demak men u bilan uchrashishim uchun imkoniyat bor. Bunga doim umid qilib qolaman.

Blits-savollar:

“Qasoskorlar” yoki “Adolat ligasi”?

“Qasoskorlar”da deyarli har bir qahramonning shaxsiy loyihalari bor va ularda umumiy syujet mohirona tarzda bogʻlanadi. “Adolat ligasi” bu tomondan ancha oqsagan. Shunday ekan, kino jihatdan “Qasoskorlar” loyihasini tanlayman. Lekin umumiy olib qarasak, ikkalasi teng.

Dedpul yoki Rosomaxa?

Menga ikkalasidan birini tanlash kerak deyishsa, Dedpulni tanlayman. Toʻgʻri, Logan oʻta hurmatga sazovor personaj va u ham menga yoqadi. Ammo Dedpulning hazillari va xarakteri menga ko’proq hissiyot beradi.

Netflix yoki HBO?

Adashmasam, HBO striming xizmati karantindan keyin ommalasha boshladi. Bu davr mobaynida ancha koʻp mashhur loyihalarni eʼlon qildi. Ammo Netflix uzoq yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan xizmat hisoblanadi. Oʻz-oʻzidan sifatli filmlar unda koʻproq, shu sababli men Netflixʼni tanlagan boʻlardim.

Marvel yoki DC?

Bu qaysi prizmadan qarashga bogʻliq, albatta. Agar kino tarafdan qaralsa, Marvel shubhasiz oldinda. Chunki unda filmlar sifati va bogʻliqliklari ancha yaxshi qurilgan. DC ham yaqinda yangi kino olamni suratga ola boshladi. Bu ancha omadli boʻladi deb oʻylayman, chunki loyiha ustida daho rejissyor Jeyms Gan turibdi.

Demak, agar umumiy olib qarasak, ikkala kino olam ham teng deb hisoblayman. Chunki ularning har birida sifatli va qiziqarli loyihalar talaygina. Agar film ishlab chiqarish tarafdan qarasak, albatta, Marvel yaxshiroq deb bilaman.