Vudi Xarrelson “Haqiqiy detektiv”ga qaytishni rad etdi
Aktyor Vudi Xarrelson “Haqiqiy detektiv” serialining davomida qayta suratga tushishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.
Yaqinda Xarrelsonning do‘sti va shoudagi hamkori Mettyu Makkonaxi loyihada qayta rol o‘ynashga tayyorligini bildirgandi. Rast Koul va Marti Xartni ekranga qaytarish g‘oyasi haqida bahorda serial muallifi Nik Pitssolatto xabar bergan edi.
“Mettyu juda qiziq odam. Ochig‘ini aytsam, bu hech qachon bo‘lmaydi. Imkonsiz... Chunki hamma narsa mukammal chiqdi. Menga hammasi qanday bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday qolgani yoqadi va agar shunday ekan, yana bir mavsum hammasini barbod qilardi deb o‘ylayman”, dedi Xarrelson Today ertalabki ko‘rsatuvida.
“Haqiqiy detektiv” 2014-yilda HBO telekanalida ilk bor efirga uzatilgan. Jami to‘rtta mavsum suratga olingan, hozirda beshinchisi tayyorlanmoqda. Unda bosh rolni Nikolas Keyj ijro etadi.