O‘zbekistonda pensiya islohoti kutilmoqda. Qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
2025-yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshiga yetgan O‘zbekiston fuqarolariga pensiyalar avtomatik tarzda tayinlanadi. Endi hujjatlarni to‘plashga, turli idoralarga borishga va ariza yozishga hojat qolmaydi. Barcha ma’lumotlar, shu jumladan, ish staji vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazalaridan jamlanadi.
Pensiya miqdori, hisoblash shartlari yoki to‘lovlarni rad etish to‘g‘risidagi ma'lumotlar fuqaroga mobil telefon raqamiga SMS-xabar ko‘rinishida yuboriladi.
Agar biror kishi nafaqaga chiqmasdan ishlashni davom ettirish istagini bildirsa, unga bu imkoniyat beriladi.
Hisoblangan to‘lovlar miqdoriga nisbatan yoki ulardan voz kechish munosabati bilan savollar paydo bo‘lgan taqdirda fuqaro rasmiy tushuntirishlar olish uchun Pensiya jamg‘armasining shahar yoki tuman budjetdan tashqari bo‘limiga yozma ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekiston pensiya tizimi majburiy to‘lovlar asosidagi ijtimoiy sug‘urta tamoyillariga asoslanadi. Pensiya jamg‘armasining xarajatlari daromadlarga mutanosib ravishda o‘smayapti, shuning uchun tizimni isloh qilish zarur. Sanab o‘tilgan texnik yangiliklar e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan yagona yangilik emas.
Strategik islohotlar agentligi quyidagilarni taklif qiladi:
- yirik ish beruvchilarga kasbiy pensiya ta’minoti tizimini joriy etishga ruxsat berish, ularni moliya institutlari bilan hamkorlik uchun bog‘lash;
- Xalq bankidagi amaldagi majburiy pensiya jamg‘arma hisobvaraqlari tizimini ixtiyoriy, moslashuvchan va boshqa banklar uchun ochiq shaklga o‘tkazilishini ta’minlash;
- o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan davlat pensiya jamg‘armasiga kiritiladigan badallar miqdorini bir martalik qat’iy belgilangan miqdor o‘rniga daromadlariga bog‘liq qilib belgilash. Ularga oz miqdorda badal kiritishga ruxsat berish;
- har bir pensiya uchun ma’muriy va operatsion xarajatlarni kamaytirish uchun davlat pensiya jamg‘armasi boshqaruvini takomillashtirish. Shaffoflikni oshirish, pensiyaning aniq mezonlarini belgilash va tizimni yanada avtomatlashtirish xarajatlarni kamaytirish imkoniyatini beradi;
- rasmiy bandlik darajasini, shu jumladan, xotin-qizlar o‘rtasida oshirish, bu pensiya ta’minoti tizimiga badallar bazasini va aholini qamrovi darajasini oshirish imkonini beradi;
Jahon banki O‘zbekiston Respublikasining Davlat xarajatlari sharhida mehnatga layoqatsiz yoshdagi odamlarning turmush darajasi pasayib ketishining oldini olish maqsadida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi barcha dasturlarni nazorat qilish bo‘yicha yagona markaz tashkil etishni tavsiya qiladi.
Ma’lumot uchun:
Ayollar uchun pensiya yoshi bugungi kunda 55 yoshni tashkil etadi.
Erkaklar uchun - 60 yosh.
To‘liq pensiya olish uchun zarur bo‘lgan ish staji ayollar uchun 20 yil va erkaklar uchun 25 yil. Qisman pensiya uchun eng kam ish staji, jinsidan qat‘i nazar, istisnosiz barcha fuqarolar uchun 7 yil.