РУ
O’Z
UZS
/
Pul
/
O‘zbekistonda qosh ustasi 1000 dollardan ko‘proq daromad olishi mumkin
04.09.2024

O‘zbekistonda qosh ustasi 1000 dollardan ko‘proq daromad olishi mumkin

O‘zbekistonda qosh ustasi 1000 dollardan ko‘proq daromad olishi mumkin
Muallif
Leyla Li

Yosh ona va qosh ustasi Elina Menseitova o‘ziga yoqqan ishga qanday kelgani, O‘zbekistonda qosh ustalari qancha maosh olishi mumkinligi haqida ma’lumot berdi. Yelina atigi 25 yoshda bo‘lsa-da, u allaqachon 10 yilga yaqin umumiy ovqatlanish sohasida ishlagan, xostes darajasigacha ko‘tarilgan va go‘zallik industriyasida o‘z o‘rnini topgan.

O‘smirlik chog‘imdanoq o‘z shaxsiy daromadimga ega bo‘lishni istardim

— 9-sinfni tugatishim bilanoq, endigina 15 yoshga to‘lgan paytimda, ota-onamga yordam berish va mustaqil bo‘lish istagi tufayli birinchi ishimni topdim. O‘sha yozda restoranda ofitsiantlik qila boshladim. Bu 2015-yil edi, o‘z shaharim Chirchiqda ishlab, oyiga 25 000 so‘m maosh olardim. O‘sha paytda hatto shu pulni ham katta yutuq deb bilardim.

Keyin men kollejga kirdim, buxgalterlik bo‘yicha ta’lim oldim, lekin o‘shanda ham bu kasbning menga to‘g‘ri kelmasligini tushunardim.  O‘qish bilan bir paytda kechqurunlari muntazam ravishda o‘sha joyda - restoranda ishlab, qo‘shimcha daromad topardim.

18 yoshida u viloyatdan Toshkentga ko‘chib o‘tdi

— Men ko‘plab ovqatlanish muassasalarini o‘zgartirdim. So‘nggi yillarda xostes bo‘lib ishladim va bu sohada ancha ulg‘ayganimni his qilib, yana yuqoriga intilishim kerakligini tushundim.  Uzoq vaqt o‘zimga yoqadigan ish izladim, shunchaki majburiyatdan emas, menga zavq bag‘ishlaydigan ish topgim kelardi.

Taqdir taqozosi bilan, restorandan ishdan chiqqanimdan so‘ng darhol qosh ustasini uchratdim va undan bu sohani o‘rganishni xohlayotganimni his qildim. Bundan hech pushaymon bo‘lmadim va to‘g‘ri tanlov qildim deb hisoblayman. Hozirda qizlarni baxtli va chiroyli qilishdan zavqlanaman.

Go‘zallik sohasidagi daromad ovqatlanish sohasiga qaraganda ancha yuqori

—  Katta mijozlar bazasiga ega bo‘lganingizda – muntazam ravishda keladigan 30-50 kishi va doimiy yangi keluvchilar bo‘lsa, oyiga 1000 dollardan ko‘proq pul topishingiz mumkin. Albatta, bunga erishish uchun o‘z rivojlanishingiz va ta’limingizga sarmoya kiritsangiz, doimiy ravishda rivojlanib, o‘sib, o‘z o‘rningizga ega bo‘lishingiz kerak. Ishonchim komilki, bundanda yuqori daromadga ham erishish mumkin,  hammasi xohishingizga bog‘liq.

Agar mutaxassis kasbiy mahoratdan tashqari boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lsa, o‘z studiyasini ochishi mumkin. Ishonchim komilki, buni ko‘pchilik orzu qiladi. Ammo bu ko‘p vaqt va mas’uliyatni, jamoa bilan muloqot qilish, biznes-jarayonlarni qurish, tadbirkor hisobga olishi kerak bo‘lgan ko‘plab ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda turli ssenariylarni rejalashtirish va prognozlash qobiliyatini talab qiladi.

Viloyat va poytaxt qizlari bir narsani — chiroyli bo‘lishni istaydi

— Hozir ikki shaharda ishlayman: Chirchiq va Toshkentda. Har bir qiz chiroyli bo‘lishni istaydi va men bu borada yordam berishga harakat qilaman.

Hozir yaxshi parvarish qilingan yengil qoshlar trendda

— Bunday trend qoshlarga laminatsiya usuli orqali erishish mumkin. Laminatsiya yordamida qosh burchaklarini ko‘tarish yoki, aksincha, qosh shaklini tekisroq qilish mumkin. Shunday muolajadan so‘ng ba’zi qizlarning yuz tuzilishlari butunlay boshqacha bo‘lgan hollar ham mavjud.

Qoshlar — sizning yuzingiz demakdir. Axir, biz doimo birinchi navbatda insonning tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratamiz. Tartibga solingan va nafis bo‘yalgan qoshlar qizga ishonch baxsh etadi va uni yanada jozibadorroq qiladi.

Yosh ona uchun bu ish – ajoyib variant

— Kichkina qizim bor va u bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni istayman. Bu borada go‘zallik sferasida ishlash mukammal kasb hisoblanadi. Shu bilan birga daromad ham, aytganimdek, boshqa kasblarga qaraganda ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Albatta, ishidan zavq olish ham muhim rol o‘ynaydi: ijobiy fikr-mulohazalar olganimda yoki muolajadan so‘ng qizlarning porlagan ko‘zlarini ko‘rganimda, yanada ko‘proq ishlashga va rivojlanishga motivatsiya olaman.