“Oʻzgidromet” tezkor gidrometeorologik axborot eʼlon qildi
Harorat yana pasayadi. 30-noyabr–1-dekabrda ayrim joylarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin. Togʻli hududlarida sel xavfi bor.
“Oʻzgidromet” direktori tezkor gidrometeorologik axborot eʼlon qildi.
Unga koʻra, 29-noyabr–2-dekabr kunlari Oʻzbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.
29-noyabr–1-dekabrda respublika boʻyicha vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi. 30-noyabr–1-dekabrda ayrim joylarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin.
Havo harorati asta-sekin pasayadi va 1–2-dekabrga kelib, 3 daraja sovuq-2 daraja iliqni, kunduz kunlari 3-8 daraja iliqni, shimolda kechalari 3-8 daraja sovuqni, kunduz kunlari 2 daraja sovuq-3 daraja iliqni tashkil etadi.
Oʻzbekistonning togʻoldi va togʻli hududlarida 29-noyabr-1-dekabr kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Respublika hududi boʻyicha yomgʻir suvlari toʻplanishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.