Qanday qilib ongli ravishda kasb tanlash mumkin. Karyera mutaxassisidan layfhaklar
Kasb tanlash va tanlagan ishidan afsuslanmaslik mumkinmi? Karyera bo‘yicha ekspert va proforientolog Yekaterina Borovets sevimli kasbini tanlash bo‘yicha 10 ta ommabop savolga javob berdi.
Odamlar kasb tanlashda qanday xatolarga yo‘l qo‘yadi?
Ko‘pchilik uchun o‘zining xohish-istaklariga tayanish juda qiyin. Ular jamiyat o‘rnatgan stereotiplar asosida kasb tanlashga odatlangan. Shu tariqa noto‘g‘ri tanlov qilishlari mumkin, chunki ular xohishlarini idrok etmaydilar. Ular ota-onalari, do‘stlari maslahat bergan joyga boradi yoki maktabda oson berilgan fanlarga asoslanib, kelajakdagi kasbni tanlaydi.
Tasavvur qiling, siz IT sohasiga kirdingiz, chunki u yerda maoshlar yuqori. Lekin bu kasb sizga mutlaqo yoqmaydi. Agar sizga yoqmasa, martaba oshmaydi, binobarin, yuqori maosh ham bo‘lmaydi. Vazifalarni yaxshi bajarmaysiz, chunki kasbga samimiy qiziqish yo‘q.
Kasb tanlashda nimalarga tayanish kerak?
O‘zingizga — shaxsiy qadriyatlar, qiziqishlar va kuchli tomonlarga. Bunda hayotiy shart-sharoitlarni hisobga olish va mehnat bozoridagi vaziyatni tahlil qilish kerak. Bularning barchasi siz pushaymon bo‘lmaydigan kasbni ongli ravishda tanlashga imkon beradi.
O‘zimni qanday tushunishim kerak?
Shaxsning qadriyatlari, qiziqishlari va kuchli tomonlarini o‘rganishda quyidagilar yordam beradi:
- O‘z-o‘ziga nisbatan halollik. O‘zingiz haqingizdagi savollarga halol javob bering — nima bilan shug‘ullanishni yoqtirasiz, odamlar sizdagi, siz esa ulardagi qaysi fazilatlarni qadrlaysiz, nima qila olasiz va nima qilishni xohlamaysiz.
- Kasbga yo‘naltiruvchi testlar va o‘yinlar. Klassik Golomshtok, Sheyn, Klimov yoki Gollandiya testlaridan boshlashingiz mumkin. O‘yinlar sizga qaysi kasb ko‘proq mos kelishini tushunishda, turli kasblarga sho‘ng‘ishda yordam beradi.
- Kasblarni tadqiq etish. Qiziqish uyg‘otadigan kasblar bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘rganing — tegishli tadbirlarga boring, nashrlarni o‘qing, podkastlarni tinglang, ushbu kasblar bo‘yicha ishlaydigan mutaxassislar bilan muloqot qiling.
- Bepul kurslar. Bugungi kunda ko‘plab ta’lim platformalari u yoki bu kasb bilan tanishish imkonini beruvchi bepul kurslar va butkemplarni taqdim etadi.
- Mutaxassislar bilan maslahatlar. Kasbga yo‘naltirish va karyera bo‘yicha mutaxassislarga yordam so‘rab murojaat qilishdan tortinmang.
Hayotiy sharoit. Nima haqida gap ketyapti va ularni qanday hisobga olish kerak?
Tasavvur qiling, kichik shaharchada yashashni xohlaysiz, lekin katta kompaniyada faoliyat yuritmoqchisiz. Bunday holda sizga faqat masofaviy ish formati bo‘lgan kasb mos keladi. Masalan, jarroh masofadan turib ishlay olmaydi, ishlab chiquvchiga ham bu mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Mehnat bozoridagi vaziyatni qanday to‘g‘ri tahlil qilish mumkin?
Bozor doimo o‘zgarib turishini hisobga oling. Sizning kelajakdagi kasbingizga talab bo‘lishi kerak — tahlilchilar va ish qidirish xizmatlari sharhlarini o‘rganing, shu mavzudagi ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarga obuna bo‘ling. Karyera bo‘yicha maslahatchilarga murojaat qiling — ular bu masalada yordam beradi va turli variantlarni taklif qiladi.
Menga bir qancha kasblar yoqadi. Nima qilish kerak?
Bu kasblarning har biri bilan tanishib chiqishga harakat qiling. Hozir bepul ma’lumotlar ko‘p — vebinarlarni tomosha qiling, yetakchi fikrlovchilarni kuzating, bepul kurslarga boring. Bu sizga vaziyatni real baholash imkonini beradi. O‘z ishida muvaffaqiyat qozona olmaydigan bir kishining fikriga tayanmang, turli manbalarni o‘rganing va mustaqil qaror qabul qiling.
Agar kasbim yoqsa-yu, lekin pul ishlab topolmasam-chi?
Daromad bu ichki cheklovlarga aloqador. Bugun pul ishlab topilmaydigan soha yo‘q. O‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan yetakchiliklar uchun vaqt ajrating. Faqat pul uchun kasb tanlashingizni maslahat bermayman, chunki bu holda kelajakda rivojlanishingiz qiyin bo‘ladi. Har qanday sohada dastlab kam daromad topishadi, keyinchalik daromad o‘rtadan yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Karyerangiz yoqmasa, o‘z kasbining ustasi bo‘lishingiz qiyin.
Kasbimni sevishim kerakmi?
Kimdir qilayotgan ishiga astoydil ishqiboz bo‘ladi, lekin bu mutlaqo shart emas. Biroq kasb aniq qiziqish uyg‘otishi kerak. Yuqorida ta’kidlanganidek, ishni “yoqtirmasa” rivojlanish va pul topish qiyin bo‘ladi. Agar biron sababga ko‘ra boshqalarnikiga qaraganda asosiy kasbni tanlay olmasangiz, u bilan hayotingiz qanday kesishishi mumkinligini o‘ylab ko‘ring,, misol uchun, xobbi va volontyorlik kabi.
Universitetga kirish shartmi?
Har bir insonning o‘z tarixi bor. Universitet ba‘zilar uchun muhim. Bundan tashqari, oliy ma’lumot majburiy bo'lgan sohalar mavjud. Agar shifokor bo‘lmoqchi bo‘lsangiz yoki davlat idoralarida karyera qurishni istasangiz, universitetsiz buni amalga oshirish imkonsiz.
Shu bilan birga, boshqa sohalarda ish beruvchilar ta’limga tobora kamroq e’tibor qaratmoqdalar — ularni ko‘nikma va tajriba qiziqtirmoqda. Bozorda qisqa vaqt ichida u yoki bu kasbni o‘zlashtirishga imkon beradigan ko‘plab ta’lim platformalari mavjud. Shuningdek, bunday o‘qitish aksariyat hollarda amaliyotga yo‘naltirilgan.
Bir marta va butun umrga kasb tanlash mumkinmi?
Ilgari shunday bo'lgan, ammo bugungi kunda bu ko‘proq stereotipga aylandi. Dunyo o‘zgardi, bozor ham o‘zgarmoqda. Hozirda biz o'zimizga yoqadigan kasbni tanlaymiz va uni hayotimiz davomida bir necha marta o‘zgartirishimiz mumkin.
Agar buni tushunsangiz, unda birinchi marta kasb tanlash qo‘rqinchli bo'lmaydi, uni boshidan zavq bilan qilishni o‘rganing; Kasb tanlashni o‘yin sifatida qabul qiling va ishlash jarayonida sizni qiziqtirgan narsani qidiring. Axir, vaqt o'tishi bilan sizning qiziqishlaringiz o'zgarishi mumkin. Bu normal holat.