Superfud nima va uning organizmga noodatiy kuchi nimada?
Mana bir necha yildirki g‘ayrioddiy yoki superfud deb hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlari trendi ijtimoiy tarmoqlarni zabt etmoqda. Bloggerlar, to‘gri ovqatlanish mutaxassilari hamda dietologlar maslahati superfudlarni ist’emol qilishga undamoqda. Superfudlar haqiqatan ham shunchalik foydalimi yoki yo‘q? Keling, bunga aniqlik kiritib olamiz.
Superfudlar o‘zi nima?
Superfudlar – «Marvel» dagi superqahramonlarning ovqati emas, balki o‘ziga xos ozuqaviy qiymati va foydali tarkibi bilan ajralib turadigan mahsulot. Ammo bu atamaning aniq ta’rifi hali ham y‘oq.
Ilgari, banan (o‘zining po‘stlog‘i yordamida o‘zini bakteriyalardan himoya qilishni bilgani uchun) superfud deb hisoblangan. Endi uning o‘rniga sabzavot, meva, yong‘oq va urug‘lar, dukkakli va donli mahsulotlar kabi ko‘plab turli yangi foydali mahsulotlar paydo bo‘ldi. Qisqacha qilib aytganda, sog‘lom ovqatlanish ro‘yxatiga kiritilgan mahsulotlar endi yangicha Superfudlar deb nom oldi.
Xo‘sh, oziq-ovqat mutaxassislari, marketologlar va bloggerlarning fikriga ko‘ra superfudlarning afzalliklari nimada?
Ba’zi mulohazalar tushunarsiz, ammo juda qiziqarli.
- Ular minimal kaloriyada ko‘plab ozuqa moddalari, vitaminlar, minerallar va aminokislotalarning yuqori konsentratsiyasiga ega;
- Ular o‘zining maxsus kimyoviy birikmalarining tarkibi tufayli oson hazm bo‘ladi;
- Tarkibidagi antioksidantlarning yirik miqdori – miyaning kognitiv funksiyalarini saqlashga yordam beradi;
- Ekologik toza: kimyoviy moddalar, konservantlar, bo‘yoqlar, GMO va boshqa zararli moddalar bo‘lmagan tabiiy mahsulot!
Superfudlarning kamchiliklari nimada va nima uchun hamma ham ularga ishonmaydi?
- Marketologlarning katta-katta va’dalari mavsumiy odatga aylangan. Surunkali kasalliklarga chalingan odamlarga Superfud haqidagi reklamalar sehrli kuchga egaligi, organizmni davolashi, uni tiklashi, shuningdek, parhez qilmasdan, sport bilan shug‘ullanmasdan ozishga ishontiradi. Bu esa nafaqat mutaxassislarni, balki biz, oddiy odamlarni ham chalkashtirib yuboradi.
- Superfudlarni noto‘g‘ri qabul qilish. Ha, ularning ba’zilari foydali qo‘shimcha bo‘lishi mumkin, ammo Superfudlar barcha muammolarning davosi hisoblanmaydi. Ularni qabul qilsangiz sizda energiya, xotirjamlik va a’lo kayfiyat paydo bo‘ladi, lekin faqat sport, to‘g‘ri ovqatlanish va yomon odatlardan voz kechish bilan birgalikda amalga oshirganda natija beradi.
- Eng mashhur superfudlarning aksariyati ekzotik mahsulotlar hisoblanadi. Shu bilan birga shuni aytib o‘tish kerakki, har bir organizm ham Goji rezavorlari, Spirulina va boshqa superfudlarning barcha ozuqaviy elementlarini o‘zlashtira olmaydi.
Agar siz sog‘lom turmush tarziga o‘tmoqchi bo‘lib, parhezga superfudlardan qo‘shishga qaror qilgan bo‘lsangiz, buni asta-sekinlik bilan amalga oshirishni tavsiya qilamiz. Mahsulotlarning har birini bosqichma-bosqich qo‘shib, organizmingizning reaksiyasini kuzating – shundagina siz ovqat hazm qilish buzilishi, allergiya yoki undan ham yomon oqibatlarning oldini olishingiz mumkin bo‘ladi.
Eng mashhur superfudlar va ularning foydalari:
Matcha
Yashil choy barglari kukuni matchani deyarli hamma joyda uchratishingiz mumkin – «matcha latte», matchali shokoladlar, batonchiklar va boshqa shu kabi mahsulotlarni qonuniy ravishda qahvaxonalarda ta’tib ko‘rishingiz va do‘konlarda ko‘rishingiz mumkin.
Mahsulotning e’lon qilingan foydalari haqida gapiradigan bo‘lsak, matcha: konsentrasiyani oshiradi, tashvishlarni kamaytiradi, organizmning detoksifikasiya jarayonida faol ishtirok etadi (toksinlar va shlaklardan tozalaydi), vazn yo’qotishga yordam beradi va metabolizmni tezlashtiradi. Agar uning yuqorida aytib o‘tilgan konsentrasiya oshirishi haqidagi xususiyatlarining samaradorligi hali isbotlanmagan bo‘lsa, qolgan xususiyatlari amerikalik olimlar tomonidan tasdiqlangan.
Kinoa
Uglevodli bo‘tqalarga foydali alternativ hisoblangan ushbu mahsulot sog‘lom turmush tarzi tarafdorlarining sevimli garniri. Kinoani don deb bo‘lmaydi, u tarkibida ko‘p miqdordagi oqsillar, aminokislotalar, magniy, temir va kletchatka bo‘lgan Janubiy Amerikadan olingan urug‘. Foydali mahsulot!
Kinoaning foydalari haqida ko‘p gapirishadi. Ushbu «don» da glyuten yo‘q, u past glisemik indeksga ega (55 dan kam) – demak, uni qandli diabetga chalinganlar ham iste’mol qilishi mumkin. «Don» tarkibida yog‘li kislotalarining foydali konsentrasiyasi ham bor.
Kinoa bilan bog‘liq tadqiqotlar juda kam bo‘lsada ular bor. Masalan, shunday tadqiqotlardan birida superfudni (18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lganlar) har kuni bir oy davomida iste’mol qilganlarning qonida zararli xolesterin miqdorini kamaygani qayd etilgan.
Chiya urug‘i
Meksika urug‘lari blogerlarning sevimli ziravoriga aylanib, to‘g‘ri ovqatlanish retseptlarining mashhur tarkibiy qismiga aylandi: chia pudingi, chia urug‘i qo‘shilgan suli yormasi, smuzi – va bu ulkan gastronomik aysbergning kichik ustki qismi xolos.
Chia tarkibidagi to‘yinmagan Omega-3 (yog‘ kislotalari) miqdori bo‘yicha mutloq chempion. 100 grammi urug‘dagi Omega-3 miqdori qizil baliqdan sakkiz baravar ko‘p! Shu bilan birga chianing narxi ancha arzon. Biroq, chia kislotalari qizil baliq kislotalaridan farqlanadi. Chia kislotalari organizm uchun odatiy bo‘lmagan tarkibga ega bo‘lib, ba’zi odamlarda hazm qilish bilan bog‘liq qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkin.
Chia urug‘lari vazn yo‘qotishga, qon bosimini normallashtirishga, shuningdek, organizmni energiya bilan to‘ydirishga yordam beradi. Ammo uning nojo‘ya tomoni ham bor – chia tarkibidagi uglevodlar normadan ortiq darajada ko‘p.
Goji rezavorlari
Ushbu rezavorlar Xitoy madaniyatida mashhur bo‘lib, yuzlab yoki hatto ming yillar davomida tibbiyotda ishlatilgan. Keyinchalik superfud sousi sifatida Yevropa iste’molchilarigacha yetib borgan. Sog‘lom turmush tarzi tarafdorlari ularni shirinliklar, yormalar va yogurtlarga qo‘shib iste’mol qilishadi. Ularning fikricha, goji rezavorlari saraton va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi, immunitetni mustahkamlaydi va hujayralar qarishdan himoya qiladi.
Biroq goji rezavorlarining foydasi haqida ham, zarari haqida ham xali hech kim hech qanday tadqiqot o‘tkazmagan.
Kakao loviyasi
Kakao va hatto uning chiqindilari (ya’ni uning quyqasi) trendi sayyoramizni zabt etishda davom etmoqda. Markaziy Amerika olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, hindularda kakao iste’moli sabab yurak-qon tomir kasalliklari, insult, onkologiya va hatto depressiya xavfi kam ekanligi aniqlangan.
Kakao loviyasi rostan ham foydalimi? Ha, kakao qon bosimini pasaytiradi (bir bo‘lak qora shokolad layfhaki esingizdami?), ammo saraton kasalligining oldini olish bo‘yicha tadqiqotlar qilinmagan. Shu bilan birga, kakao – temir, magniy, fosfor va ruxning rasmiy manbai ekanligi isbotlangan.
Spirulina
Meksika suv o‘simligi bo‘lgan spirulina – biologik faol qo‘shimchalar ro‘yxatiga kiritilgan superfud hisoblanadi. spirulina muxlislari orasida dunyo tanigan yulduzlar, xususan, aktrisa Gvinet Peltrou bor. Hatto Uels malikasi Keyt Middlton ham spirulinani yaxshi ko‘radi.
Xo‘sh, spirulinaning foydasi nimada? Aytishlaricha, u ishtahani «kesadi», qondagi qand miqdorini normallashtirishi isbotlangan, ichak mikroflorasini oziqlantiradi, qondagi temir miqdorini oshiradi va tanadan toksinlarni chiqaradi. Spirulinaning aynan shunday xususiyatlari sabab u NASA astronavtlarining ovqatlanish tartibiga kiritilgan.
Spirulinaning bitta kamchiligi bor – hidi. U o‘ziga xos. Shuning uchun tabletka shaklida ishlab chiqariladi.
Chaga qo‘ziqorini
G‘alati va hatto vizual jihatdan yoqimsiz ko‘rinishga ega ushbu superfud odatda antioksidant, yallig‘lanish va xolesteringa qarshi kurashishda ittifoqchi deb tan olingan yog‘ochli qora qo‘ziqorin. U organizmni bakteriyalar va viruslardan himoya qiladi. Chaga kukuni ko‘pincha smuzilarga qo‘shiladi yoki undan choy tayyorlanadi.
Superfudning afzalliklariga kelsak, to‘g‘ri ovqatlanish mutaxassilari xalq tabobatida chaga oshqozon-ichak traktida yuzaga keladigan barcha jarayonlarni normallashtirib, organizmdagi xatarli neoplazmalar xavfini kamaytirishini aniqlagan. Biroq, mutaxassislarga ko‘ra, chagani faqatgina shifokor maslahati bilan oziq-ovqat qo‘shimcha sifatida iste’mol qilish kerakliginin ta’kidlaydi.
Superfudlar foydalimi o‘zi?
Sog‘lom ovqatlanish bilan birga, ya’ni superfudlar boshqa foydali mahsulotlar – sabzavotlar, mevalar, donli va dukkakli ekinlar, shuningdek oqsillar bilan aralashtirib iste’mol qilganda sog‘liq uchun foydali.
Ammo siz ularni barcha kasalliklaringizga davo sifatida qabul qilmasligingiz hamda ularni pizza, burger, yoki tort va gazli ichimliklaridek iste’mol qilishingiz kerak emas. Asosiysi to‘g‘ri muvozanatlik ovqatlanishga e’tibor qaratish kerak.