РУ
O’Z
UZS
/
/
Tana, miya va qomat uchun eng foydali yong‘oq turlari
08.07.2024

Tana, miya va qomat uchun eng foydali yong‘oq turlari

Tana, miya va qomat uchun eng foydali yong‘oq turlari

Turli xil yong‘oqlarning har birida o‘zida xos xususiyatlari borligini bilarmidingiz: ba‘zilari uyqusizlikdan xalos etadi, boshqalari ozishga yoki homiladorlikka tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi. E’tiboringizga inson organizmi uchun eng foydali yong‘oq turlari ro‘yxatini taqdim etamiz.

Bodom 

Bodom ovqat hazm qilish tizimi uchun foydali – u ichak mikroflorasining holatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, uni parhez paytida tamaddi sifatida iste’mol qilish tavsiya etiladi, chunki unda oqsil miqdori ko‘p, shakar esa kam. Ammo ushbu yong‘oq kaloriyali ekanini unutmagan holda, uni me’yorida iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bodomda temir moddasi ko‘pligi sababli, u temir tanqisligi anemiyasini davolash paytida buyuriladi. Bodomli shirinliklar esa uning o‘ziga xos ta’mi va xushbo‘yligi tufayli shirinlik sevuvchilar tomonidan juda qadrlanadi. 

Yong‘oq 

Foydali yong‘oqlar ro‘yxatiga o‘rmon yong‘og‘i ham kiradi. Chunki undagi Omega-3 miqdori qizil baliqdagi kabi ko‘p miqdorda mavjud. Bu yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun juda muhimdir. Yong‘oqning yana bir qiziqarli xususiyati miya ko‘rinishidagi shaklidir. Bu esa bekorga emas, u xotirani kuchaytiradi, konsentratsiyani oshiradi va miya faoliyatini faollashtiradi. 

Pista 

Pista juda foydali yong‘oq turlarining TOP pog‘onasida turadi. U foydali “quruvchi” aminokislotalar bilan to‘ldirilgan eng past kaloriyali yong‘oqdir. Bundan tashqari, u tezda ishtahani susaytiradi va ish kuni davomida ideal tamaddi bo‘lishi mumkin. Aytgancha, pistani tuzsiz variantini iste’mol qilgan ma’qul, aks holda natriy normasini oshirib, shishishdan azob chekishingiz mumkin. 

Keshyu

Organizm uchun juda foydali bo‘lgan keshyu yong‘og‘ini PP, ya’ni to‘g‘ri ovqatlanish tarafdorlari yaxshi ko‘radi, vegetarianlar va veganlar uni go‘sht yoki sut mahsulotlari o‘rnida foydalanadi. Buning sababi esa uning tarkibida oqsil miqdori ko‘pligidadir. Shuning uchun do‘konlarda keshyuli pishloq yoki sutni ko‘rib qolsangiz, hech ajablanmay, tatib ko‘ring, ular juda mazali bo‘ladi. 

Braziliya yong‘og‘i 

Kremli va mayin Braziliya yong‘oqlari bizning sevimli va organizm uchun eng foydali yong‘oqlar ro‘yxatidagi eng asosiy yong‘oqlardan biri. U aql bovar qilmaydigan darajada oziqlantiruvchi, immunitetni kuchaytiruvchi, Alsgeymer va demensiya xavfini, stressdan keyingi sindromni kamaytiruvchi xususiyatlarga ega. Shu bilan birga, Braziliya yong‘oqlarining mazasi shunchalik shirinki, ular konfetlar o‘rnida iste’mol qilinishi ham mumkin. 

Kedr yong‘og‘i 

Yong‘oqlar ichida eng yog‘li, lekin inson organizmi uchun yaxshigina foydali — kedr yong‘og‘idir. O‘zining “kamtarona” o‘lchami tufayli u salat, bo‘tqa va hatto pitssa uchun ideal qo‘shimcha hisoblanadi. Kedr yong‘og‘i tarkibida kaltsiy ko‘p miqdorda bo‘lgani uchun u suyaklar va bo‘g‘imlarimiz uchun foydalidir, shuningdek tana hujayralarining asosiy himoyachisi E vitaminiga ham boy. 

Funduk 

Sevimli “Nutella” shokoladli pastasini ishlab chiqarishda ishlatiladigan funduk, organizm uchun juda foydali. U xolesterin darajasini pasaytiradi, yallig‘lanishni yengillashtiradi, shuningdek, qon tomirlarini mustahkamlaydi. Unda magniy shunchalik ko‘pki, uyquni yaxshilaydi va uyqusizlikning ilk alomatlarida yordam beradi. Umumiy qilib aytganda, u boshni “tetiklashtirish”ga xizmat qiladi.

Pekan 

Bayramlarda pishiriladigan pekanli shirin bulochka va piroglarni barchamiz yaxshi ko‘ramiz. Yong‘oqning o‘zi va uning organizm uchun foydalari haqida gapiradigan bo‘lsak, pekan antioksidantlar va vitaminlarga boy, unda shakar miqdori kam. Bundan tashqari, u universal bo‘lgani sababli uni istagan taomga qo‘shish mumkin yoki krem sho‘rva tayyorlashda ishlatish mumkin. 

Makadamiya 

Ushbu ekzotik va nihoyatda suratbop ko‘rinishga ega yong‘oq yurak va qon tomirlari, shuningdek jigar (yomon xolesterin darajasini pasaytiradi) uchun “tabib” hisoblanadi. Yaqinda olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda esa makadamiya yong‘oqlari nafaqat organizm uchun foydali, balki diabetga chalinganlar uchun ham zarur mahsulot ekanini isbotladi – u qondagi qand miqdorini pasaytiradi. 

Bonus: Yeryong‘oq 

Aslida yong‘oq emas, balki dukkaklilar oilaning a‘zosi. Shuning uchun ham uning tarkibida yuqori miqdorda oqsillar mavjud. Shuningdek, yenryong‘oqda B vitaminlarining odatda defitsit bo‘lgan turlari bor: masalan, foliy kislotasi – homilador ayollar va buni rejalashtirayotganlar uchun zarur. Ammo yeryong‘oqlar kuchli allergen ekanini inobatga olgan holda iste’mol qilish tavsiya etiladi.