Toshkentdagi supermarketlarda ayrim mahsulotlar narxi pasaydi
Lavlagi, limon, qizil sabzi, grechka hamda shakar kabi 10 xil mahsulotning minimal narxi arzonlashgan. Shu bilan birga, 10 nomdagi mahsulot narxlari oshgan.
Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.
MHTI mutaxassislari 7-noyabr va 12-dekabr kunlari oʻtkazilgan monitoring maʼlumotlari asosida poytaxtdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oʻzgarishini koʻrib chiqdi.
Natijada 10 nomdagi mahsulot boʻyicha minimal narxlar oʻtgan oydagiga nisbatan pasayganligi aniqlandi. Xususan, lavlagining minimal narxi 21,8%, limon — 16,7%, qizil sabzi — 14,4%, grechka — 10,7%, shakar — 2,8%, guruch — 2,8%, sut — 2,8%, banan — 2%, mol goʻshti — 1,7% hamda bugʻdoy uni 0,6%ga pasaygan.
Bundan tashqari, 10 nomdagi mahsulot boʻyicha minimal narxlar oshgan. Bu boʻyicha oqbosh karam yetakchilik qildi. Shunga qaramay, Toshkentda oqbosh karamning narxi Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxtlari orasida eng past narx ekani qayd etilgan.
Bu mahsulot narxi Dushanbeda 2 baravar, Ostonada 1,7 baravar, Bishkekda 1,2 baravar yuqori. Bodring narxi ham sezilarli darajada oshdi. Ammo oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 4,3%ga arzon. Margarinning eng past narxi oʻzgarishsiz qolgan.