“Qaysi mamlakatdan yutishining farqi yo‘q — asosiysi medal Markaziy Osiyoniki bo‘ladi”. Internetda qardosh mamlakatlar sportchilari olqishlanmoqda
Parij-2024 Olimpiadasida kutilmagan Markaziy Osiyo xalqlari orasida katta hodisaga aylandi va doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamladi. Tarmoqlarda muxlislar qoʻshni davlatlar sportchilarini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Bu yilgi yozgi Olimpiada oʻyinlari koʻplab qiziq hodisalari bilan esda qoladigan boʻldi. Biz uchun ushbu musobaqa nafaqat reyting yangilangani, balki Markaziy Osiyo xalqlari orasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlagani bilan ham yodda qoladigan boʻldi.
Hammasi nimadan boshlandi?
Gap shundaki, ushbu Olimpiadada millatlararo totuvlik futbol boʻyicha Osiyo chempionatidan boshlangandi. Oʻshanda Oʻzbekiston oʻzining tarixiy natijasini qayta takrorlab, finalgacha chiqqan. Bu orqali U-23 jamoasi tarixda ilk marta Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Ushbu turnir davomida oʻzbeklardan tashqari, qozoqlar, qirgʻizlar, tojik va turkmanlar ham Oʻzbekiston jamoasini qoʻllab-quvvatladi. Foydalanuvchilar Oʻzbekiston jamoasining har bir yutugʻini oʻzinikidek qabul qilishini yozdi va futbolchilarga keyingi turnirlarda omad tiladi.
Shundan soʻng futbolchilar ortidan boshqa sport turlariga ham koʻchdi. Parij Olimpiadasi boshlangach, Oʻzbekiston medallarga daʼvogarlar qatorida yuqori oʻrinlarda turgandi. Shu va boshqa koʻplab sabablar qoʻshni mamlakatlar aholisining oʻzbek sportchilariga boʻlgan mehrini oshirdi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar kuchi
Haqiqiy rezonans dzyudo ustasi Diyora Keldiyorovaning yaponiyalik azaliy raqibi Uta Abe ustidan qozongan gʻalabasidan keyin boshlandi. Oʻshanda Abening 5 yillik magʻlubiyatsiz karyerasiga chek qoʻyildi. Barcha qoʻshni davlatlar aholisi bu gʻalabani chin yurakdan qabul qilib, oʻzbek sportchisi uchun xursand boʻlishdi.
Bu trend oxirgi yillarda rivojlanganiga asosiy sabablardan biri bu, albatta, ijtimoiy tarmoqlarning ommalashgani hisoblanadi. Hozir har qanday video xalqaro tavsiyaga tushib, koʻplab tomoshabinlarni oʻziga jalb etishi mumkin. Tili va qadriyatlari bir-biriga oʻxshash boʻlgan Markaziy Osiyo aholisi esa shunday katta sport turnirlarida birlashmoqda.
Futbol va dzyudodan tashqari boksda ham doʻstona qoʻllab-quvvatlash kuchli seziladi. Hozirda oʻzbek bokschilaridan uch nafari oltin medalni qoʻlga kiritdi, bugun ham yana ikki nafar sportchi final bahsini oʻtkazadi. Qoʻshnilarimiz bu bahslarning hech birini oʻtkazib yubormasdan, sportchilarimizni ijtimoiy tarmoqlar orqali qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda.
Ayniqsa, ular orasida tajribali bokschi Bahodir Jalolovning yurishlari alohida oʻrin tutadi. Uning professional boksdagi janglarida ham qozoq va qirgʻiz muxlislarining faolligini koʻrish qiyin emas. Bahodir oʻzining qatʼiyati va jiddiy obrazi bilan koʻplab internet foydalanuvchilari koʻnglidan joy olgan. Shuningdek, ushbu bokschi nokauter hisoblanadi va janglarini asosan vaqtidan oldin yakunlaydi.
Madrimov va Krouford jangi
3-avgust oqshomida AQSHning Los-Anjeles shahridagi 22 ming tomoshabin sigʻimiga ega “BMO Stadium” arenasida oʻtgan boks kechasining markaziy jangida super yarim oʻrta vazn toifasida WBA yoʻnalishi chempioni Isroil Madrimov amerikalik Terens Kroufordga qarshi 12 raund jang qilib, hakamlarning ochkolari evazigagina gʻalaba mezbon bokschiga tortiq qilindi.
Oʻzbekistonlik 29 yoshli bokschi yengilmas Kroufordga qarshi oʻziga tegishli WBA kamarini alamli tarzda qoʻldan chiqargan boʻlsada, jangdan soʻng magʻlubiyatni tan olmadi va revansh soʻradi. Isroil Madrimov bahsdan keyin amerikalik va xorijiy jurnalistlar ishtirokida oʻtgan matbuot anjumanida ham qator savollarga javob qaytarib, Kroufordga qarshi yana jang qilishga shayligini maʼlum qildi.
Bu sportchining fikrlari, albatta. Umumiy vaziyatdan xabari boʻlmagan odam ular shovqin koʻtarish uchun oʻzini maqtaydi deyishi mumkin. Ammo jangni toʻliq tomosha qilgan Markaziy Osiyo aholisi ham Madrimovning fikriga qoʻshilmoqda. Ular bahs teng kurashlar ostida oʻtgani, oʻzbekistonlik bokschi bir necha raundlarda ustunlik qilganini yozmoqda. Ammo yakuniy natijaga koʻra, Krouford Mardimovni kichik hisobda magʻlubga uchratdi.
Olimpiadada oʻzbek va qirgʻizlar
Joriy Olimpiadada qirgʻizistonlik bokschi Munarbek Seyitbek oʻgʻliga oʻzbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qildi. Bokschi shu tariqa mamlakat tarixida ilk marta Olimpiya oʻyinlari finaliga yetib kelgan bokschiga aylandi.
Gap shundaki, Munarbekning murabbiyi Beganas Sultanbayev viza va akkreditatsiya ololmagani sababli Fransiyadagi yirik turnirga bora olmagach, oʻzbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov qoʻshni mamlakat sportchisiga Parijda sekundantlik qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda qirgʻizistonlik murabbiy oʻz uyida shogirdining Olimpiadadagi yutuqlaridan quvonch koʻz yoshlarini toʻkkani haqidagi videolar tarqalgach, Qirgʻiziston sport departamenti direktori Aybek Abdimuminov Beganas Sultanbayevning Parijga bora olmagani sababini maʼlum qildi.
“Munarbek Olimpiadaga nisbatan kechroq, iyun oyida litsenziyani qoʻlga kiritdi. Ammo murabbiylarning akkreditatsiya olish muddati mart oyidayoq yopilgani sababli bokschining murabbiyi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya ololmadi”, — deydi u.
Qiyin pallada qoʻshni mamlakat sportchisini qoʻllab-quvvatlagan oʻzbekistonlik murabbiyning bu qarorini ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Markaziy Osiyo birodarligi” deya, olqishlashmoqda.
Qayd etish joiz, Munarbek Seyitbek oʻgʻli bugun, 10-avgust kuni finalda oʻzbekistonlik bokschi Abdumalik Xalokovga qarshi bahs olib boradi. Bu jang esa Markaziy Osiyoni ikki qutbga ajratmadi, balki yanada birlashtirib, endi kim yutsa ham, ikkita medal qardosh xalqlarga tegishli boʻladi deb yozmoqchi muxlislar.