Xoakin Feniks “Split”da bosh rolni oʻynashi kerak boʻlgan
“Oskar” sovrindori Xoakin Feniks M. Nayt Shyamalanning “Split” filmida bosh rolni ijro etishi kerak edi. Suratga olishdan ikki hafta oldin aktyor kutilmaganda filmda qatnashishdan bosh tortgan, uning oʻrniga Jeyms MakEvoy shoshilinch tarzda jalb qilingan.
MakEvoyning aytishicha, u deyarli mashq qilishga vaqt topolmagan. Aktyor hazillashib, baribir Feniksdan yaxshiroq uddalagan boʻlishini aytadi.
“U [Feniks] ajoyib aktyor. U mendan butunlay boshqacha oʻynagan boʻlardi, lekin bu gʻaroyib boʻlardi. Baʼzan eng yaxshisi oxirgi daqiqada kelishdir. Menimcha, u suratga olish boshlanishidan ikki hafta oldin filmdan voz kechgan. Bu haqiqatan ham soʻnggi lahzada sodir boʻldi.
Menda [tayyorgarlik uchun] atigi ikki hafta bor edi. Ssenariy puxta ishlangan edi, shuning uchun men qilmoqchi boʻlgan koʻp narsalar darhol aniq boʻldi. Faqat bir-ikki personajni topish biroz koʻproq vaqt oldi”, — deya eslaydi MakEvoy.
“Split” 2016-yilda ekranlarga chiqqan. Syujet dissotsiativ shaxsiyat buzilishi boʻlgan Kevin ismli odam haqida hikoya qiladi. Uning shaxsiyatlaridan biri Kevinni uchta oʻsmir qizni oʻgʻirlashga majbur qiladi. Haqiqiy dahshat uning ongida 24chi va eng xavfli shaxsiyat — Hayvon uygʻonganida boshlanadi.
Filmda Anya Teylor-Joy ham rol oʻynagan. “Split” dunyo boʻylab 9 million dollarlik budjet bilan 278,5 million dollar daromad keltirdi. Davom filmi “Shisha” 2019-yilda namoyish etilib, 247 million dollar ishlab oldi.
MakEvoy ishtirokidagi “Hech kimga aytma” nomli qoʻrqinchli film — 2022-yilgi xuddi shu nomdagi Daniya filmining qayta ishlangan varianti shu hafta ekranlarga chiqadi. Loyiha allaqachon tanqidchilarning yuqori baholariga sazovor boʻldi.