Yakkasaroydagi Askiya dehqon bozori qayta quriladi
Loyiha qiymati 150 mln dollarni tashkil etib, u oʻz ichiga ekobozor, sovutgich omborxonasi, avtoturargoh hamda 4 yulduzli mehmonxonani qamrab oladi.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan Askiya dehqon bozori qayta rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda tuman matbuot xizmati xabar berdi.
16-noyabr kuni tumandagi “Ateca Hotel Suites” mehmonxonasida loyiha boʻyicha taqdimot boʻlib oʻtdi. Unda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova Askiya bozorida xaridorlarning kelib ketishiga bir qator noqulayliklar mavjudligini qayd etdi.
Bozorda joylashgan avtoturargoh hajmi kichikligi, ochiq hududda joylashgan bozor noqulay ob-havoda fuqarolarga noqulaylik kelib chiqarayotganligi hamda aholi va tadbirkorlarga yetarli darajada qulaylik mavjud emasligi boʻyicha maʼlumot berildi.
Bugungi kunda eskirgan bozorni yangi koʻrinishda qayta qurish boʻyicha investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ular tomonidan bildirilayotgan takliflar asosida bozor hududini “E-auksion” platformasi orqali investorlarga taklif etish rejalashtirilgan.
Tuman hokimligi sotib olish taklifi bilan chiqqan investorga Toshkent shahar hokimligi, Davaktiv agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Munisipial aktivlarni boshqarish markazi bilan belgilangan talablar boʻyicha kelishilishini qayd etdi.