Yandex Uzbekistan Toshkentda Lavka tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi
Yandex Go ilovasida Lavka tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushdi. Buyurtmalar, jumladan, qahva, fastfud, yangi sabzavot va mevalar oshxonalari bo‘lgan uchta ombordan yetkazib beriladi. Lavka 2025-yil oxirigacha shaharda 12 tagacha shunday darkstorlar ochishni rejalashtirmoqda.
Yandex Uzbekistan yangi Lavka tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
Xizmat yordamida endi Toshkent shahrida 15 daqiqa ichida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar va tayyor ovqatlarni yetkazib berish xizmatiga buyurtma berish mumkin. Hatto yangi qaynatilgan qahvani ham buyurtma qilish imkoniyati mavjud, deyiladi xabarda.
“Hozirda unda 3000 dan ortiq mahsulot va 50 ta tayyor issiq ovqatlardan iborat tanlov taqdim etilgan. Xizmatning o‘ziga xos jihatlari — mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari hamda buyurtma bajarilishining har bir bosqichida sifat nazoratini ta’minlovchi texnologiyalar bilan ta’minlanganligida”, — deya qayd etdi kompaniya.
Yangi xizmat Yandex Go ilovasini to‘ldiradi. Buyurtmalar Toshkentdagi Nukus hamda Arnasoy ko‘chalari va Chilonzor massivida joylashgan uchta darkstor ― kichik omborlar orqali yetkazib beriladi. Ular har biri darkkitchenlarga ― yetkazib berishdan oldin issiq ovqatlar tayyorlanadigan oshxonalarga ega.
Hozirda bir necha turdagi xot-doglar, burgerlar va issiq zakuskalar taklif qilinmoqda. Lavka xizmatidan ponchiklar, milksheyklar va issiq qahva ham sotib olish mumkin. 2025-yil oxiriga qadar Lavka Toshkent shahrida yana 12 ta darkstor ochishni rejalashtirmoqda.
Yandex Lavka mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qiladi: “xizmatdagi mahsulotlarning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilarniki bo‘lib, bu ko‘rsatkich yanada ortib boraveradi”. Masalan, Lavka’da Essi sut mahsulotlari va Rozmetov kolbasa mahsulotlarini buyurtma qilish mumkin. Shuningdek, xizmatda yangi sabzavot va mevalar ham mavjud.