2024-yilgi manikyur trendlari
Doimgi klassik “nyud”, qizil rangli lak va boshqa shu kabi manikyur uslublaridan charchadingizmi? Unda Instagram, Moda haftaligi, shuningdek, qizil gilamlardagi mashhurlarning 2024-yilgi manikyur trenlaridan birini (yoki barchasini) sinab ko‘rishni taklif etamiz. Kelinlar uchun to‘rli manikyur, shirinlikxo‘rlar uchun glazur manikyur yil oxirigacha trend bo‘lib qolishi aniq.
Glazur manikyur
“Glazed donut” manikyur, ya’ni ponchik ustidagi glazur kabi porlaydigan tirnoqlar dunyodagi eng zamonaviy qizlar ro‘yxatiga kiritilgan Heyli Biberga juda yoqadi. Biz ham uning didiga ishonamiz! Qiyomli manikyur nafaqat shirinlik, balki maksimal tabiiylik haqida hamdir: u har qanday shakl va tirnoq uzunligiga mos keladi, shuningdek, yorqin ranglarni uncha xush ko‘rmaydiganlar va doim “nyud” uslubini tanlab, endilikda yangi biror uslubni sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar uchun yaxshi tanlov.
To‘rli manikyur
Ushbu variant kelinlik manikyurini qanday qilishdan o‘ylab charchagan qizlarga yoqishi aniq. Buni ijtimoiy tarmoqlarda #weddingnails heshtegi ostidagi minglab videolar tasdiqlaydi. Agar turmush qurayotganlar toifasida bo‘lmasangiz, bunday to‘rli manikyurni kundalik uslubingizga moslashtirishingiz mumkin.
Mikro-french
Ushbu “qo‘g‘irchoq” manikyurni aktrisa Margo Robbi tufayli manikyur ustalari yaxshi ko‘rib qolgan. “Barbi” filmining premyerasidan so‘ng, Margo doimiy ravishda mikro-french manikyuri bilan yurardi, faqat qoplamasi ranglarini o‘zgartiradi xolos. Bunday manikyurning afzalligi shundaki, u qo‘llarni vizual darajada yaxshi parvarishlangan qilib ko‘rsatadi, lekin klassik french manikyuri kabi uzoq tirnoqlarni talab qilmaydi. Mikro-frenchning original frenchdan asosiy farqi – tirnoqning uchidagi ingichka chiziqdir, uni siz istalgan rangga bo‘yashingiz mumkin.
“Mushuk ko‘zlari” manikyuri
Ushbu uslub – manikyur dizaynidagi universal uslubdir, chunki uni har qanday obrazga moslashtirish mumkin. “Oskar” qizil gilamida ham shunga oʻxshash manikyur qayd etilagndi. Demak, u trendda boʻlib qolaveradi. “Mushuk ko‘zlari”ga qanday ranglar mos keladi? Bunda o‘zingiz yoqtirgan istagan rangni qo‘llashingiz mumkin, bizga esa sariq, zumrad va to‘q ko‘k ranglar ko‘proq yoqadi. Ular shu uslubdagi manikyurda chiroyli ko’rinadi.
Chulkili manikyur
Yoki kapron-manikyur – butun moda olami “shaffoflik” trendidan aqldan ozdi, shundan so‘ng bu trend manikyurchilarga ham o‘tdi. Endi ular 20 denli chulki yoki kapronlar kabi shaffof ko‘rinishga ega bo‘lgan vitrajli laklarni tanlay boshladi. Shaffoflik ranglari xohishingizga ko‘ra bronza, sariq va hatto qizil bo‘lishi mumkin, ular ko‘zga tashlanmasligi va nozikligi bilan farqlanadi.
Aura manikyuri
Manikyur dunyosi tobora ko‘proq yangi trendlarni chiqarayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik isbotlangan “aura” uslubidagi manikyurga sodiq qolmoqda. Yoz kelishi bilanoq, ushbu uslub yana tirnoqlarda yangi versiyalarda ko‘rina boshlaydi. Ammo o‘zgarishsiz qoladigan jihati undagi gradient – to‘q rangli markazdan tobora ocharib boradigan ranglar jilosi. Uning shakli va ranlari esa sizning xohishingiz va ijodkorligingizga bog‘liq.
“Sariyog‘” rangli tirnoqlar
2024-yilning yoz faslida eng kutilgan trend. Sariyog’-limonli, juda sokin va neytral – ko‘pchilikning badiga urgan qaymoq rangning o‘rniga yangicha rang trendi. Manikyurning bu turi har qanday uzunlikdagi tirnoqlarga yarashadi, bizga esa bodom shaklida va cho‘zilgan tirnoqlardagi varianti ko‘proq yoqadi.
Bantikli manikyur
Bantikli manikyur 2024-yilning asosiy trend manikyurlaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi, axir u yanvar oyida trendga aylanib, hali hanuz modadan qolish niyati yo‘q. Bunday uslubning yoqimli tomoni shundaki – siz bantlarni chizib, yopishtirib – qisqacha qilib aytganda istagan ko‘rinishda amalga oshirishingiz mumkin. Shu bilan birga, bantiklar har qanday tirnoq shakli va gel qoplamaning istalgan rangiga mos keladi.
“Sovunli” manikyur
“Soap nails” – 2024-yilning yana bir “ulkan” trendi, aslida bu o‘tgan yilgi “nude” manikyurning yangi versiyasi. Buning uchun bizga yaxshi parvarishlangan qo‘llar, kalta va yaltiragan tirnoqlar kerak. “Sovunli” manikyur uchun eng tabiiy rangli lak: pushti yoki qaymoq ranglardir.