РУ
O’Z
UZS
/
/
“Adabiyotni ham qiziqarli tarzda oʻquvchilarga yetkazish mumkin!” Adabiyotshunos bloger Dilnoza bilan suhbat
09.10.2024

“Adabiyotni ham qiziqarli tarzda oʻquvchilarga yetkazish mumkin!” Adabiyotshunos bloger Dilnoza bilan suhbat

“Adabiyotni ham qiziqarli tarzda oʻquvchilarga yetkazish mumkin!” Adabiyotshunos bloger Dilnoza bilan suhbat

Yoshlar kitob oʻqimay qoʻydi, degan gapni koʻp eshitamiz. Ayniqsa, mumtoz ijodkorlar asarlarini oʻqiydiganlar kamayib qolgandek goʻyo.

Ammo aslida ham shundaymi? Bu boradagi savollar bilan adabiyotshunos bloger Dilnoza Ilhomovna bilan suhbatlashdik. Maqolada uning oʻqituvchilik faoliyati, zamonaviy adabiyot haqidagi fikrlari ham keltirib oʻtilgan.

Dilnoza Ilhomovnoa ayni paytda Chirchiq davlat pedagogika universitetining 4-kurs talabasi, oʻzbek tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikat sohibasi hisoblanadi. U hozirda darsdan boʻsh vaqtlarida oʻquvchilarga ona tili va adabiyot fanidan repetitorlik qiladi.

Blogingizni boshlashga nima turtki boʻldi va bu sizning hayotingizni qanday oʻzgartirdi?

Oʻzim oʻrgangan ilmni boshqalarga ham ulashish hissi meni blog yuritishga undadi. Avvaliga oʻz oʻquvchilarimga bilgan narsalarimni oʻrgatgan boʻlsam, keyinchalik bularni kattaroq auditoriya eshitishini xohladim.

Yaʼni men universitetda olayotgan bilimlar shunchaki darsxonada qolib ketadigan narsalar emasdi. Ularning hammasi qiziq maʼlumot boʻlgan. Nega men bilishim kerak, boshqalar bilmasligi kerak, degan oʻy mening fikrimni oʻzgartirdi va shundan keyin blogerlik qila boshladim.

Haqiqatda odamlarimizda boʻlgan ilmga chanqoqlik hissi ularni blogimga jalb qila oldi. Umuman olganda, men videolarimni hech ham montaj qilmayman. Auditoriya yigʻayotgan narsa bu ilm deb bilaman. Ilmga qiziqqan insonlar sekin-sekin mening obunachilarimga aylanmoqda.

Qaysi yozuvchilar yoki asarlar sizning blogerliginziga eng katta taʼsir koʻrsatgan?

Toʻgʻrisini aytsam, deyarli hech bir asar mening blogim bilan uzviy aloqaga ega emas. Ayrim videolarim biror asarga bagʻishlangan boʻlishi mumkin, ammo blogni yuritishga kitob sababchi boʻlmagan.

Kitoblar meni taʼsirlantirgan, qalbimni hayratga solgan, oʻylashga majbur qilgan. Aynan oʻzim ich-ichimdan his qilgan tuygʻularni insonlar bilan boʻlishgim kelgan. Aynan kimning ijodi deydigan boʻlsak, Navoiy deb javob beraman.

Navoiy ochib bergan haqiqatlarni boshqalar ham koʻrishini xohlaganman. Navoiy yaratgan ijod namunalarini boshqalar ham oʻqishini xohlaganman. Men ijodni oʻquvchiga yetkazib turadigan koʻprikman deb ayta olaman.

Pedagoglik kasbi mashaqqatlaridan qoʻrqmaysizmi? Oʻquvchilar sizni qay darajada tinglaydi deb bilasiz?

Oʻqituvchilik mening asosiy kasbim boʻlgani sababli deyarli qiyinchilik his etmayman. Toʻgʻri, avvaliga endi boshlagan yillarim tajriba va mahoratim kamligi sababli biroz qiynalganman. Bora-bora malaka sayqallangan, mana bu yil oʻqituvchi boʻlganimga toʻrt yil toʻladi.

Bolalar bilan ishlash menga juda yoqadi. Ularni ishontirish, qiziqtirish menga yoqadi. Bolalar koʻzida ilmga boʻlgan muhabbatni koʻrgan paytimda oʻrgatgan narsalarimga rozi boʻlib ketaman.

Oliy oʻquv yurtlariga tayyorlaganim uchun asosiy oʻquvchilarim abituriyentlar hisoblanadi. Men ularga doim aytaman: maqsad talaba boʻlish emas, ilm oʻrganish boʻlishi kerak. Bir narsa aniq, abituriyent oʻqishga kira olmaganda taqdirda ham, bu fan unga doim kerak boʻladi. Chunki adabiyot insonni hayotga tarbiyalaydi.

Bu fandan olingan ilm hech qachon hech qayerda qayta berilmaydi. Umuman olganda, agar bolalar sizga mehr qoʻysa, oʻzingiz ham darsga shoshilaverasiz. Koʻpchilik oʻqituvchilar bolalarni bosim ostida ushlash orqali bilim berishga harakat qiladi. Aksincha, bolaga ilmga boʻlgan muhabbatni uygʻotsa olsangiz, unga bosim berishga hojat qolmaydi.

Ayni paytda ijod qilayotgan oʻzbek adiblari ijodini kuzatasizmi? Ulardan kimlarni taniysiz?

Rostini aytsam, zamonaviy adiblarimiz faoliyatini u qadar koʻp kuzatmayman. Lekin ayrim shoirlarimiz haqiqatda oʻquvchi eʼtiborini torta oladi. Ayniqsa, Xayrulla Hamidovning sheʼrlaridan juda qattiq taʼsirlandim.

Nazar Eshonqul hikoyalarini sevib oʻqiyman. Biz oʻzbeklarda bir gap bor, oʻlgandan keyin hurmat qilinadi, oʻlgandan keyin eslanadi va oʻlgandan keyin haykal qoʻyiladi. Balki oramizda Pushkinlar, Navoiylar va Oripovlar bordir, ammo bizning xabarimiz yoʻq.

Shu sabab bugun hayot boʻlib turgan adiblarni qadrlash kerak. Mening yoʻnalishim mumtoz adabiyot boʻlgani uchun asosan shu sohani chuqur oʻrganaman. Baʼzida zamonaviy ijodkorlar falsafasi biroz sayozdek tuyiladi. Chuqur falsafaga koʻnikkan qalb sayoz chizgilarni qabul qila olmaydi.

Biror kitob yozishga qaror qilganingizda, ijodiy jarayon qanday boshlanadi deb oʻylaysiz?

Oʻzimning kitobimni yozishimga sababmi? Menimcha, bunga hayotimda sodir boʻladigan qandaydir katta oʻzgarish turtki boʻladi. Shundagina men bor kuchimni bir joyga jamlab, kitob yoza olsam kerak.

Ungacha yanayam bilmadim. Har holda shunchaki besabab kitob yozishni boshlamasligim aniq. Ichimda voqealarni koʻrgandan keyin qandaydir syujetlar yozila boshlaydi. Ammo bu kitob qilish uchun juda kam deb oʻylayman.

Yana nimadir voqea boʻlishi kerak. Aynan oʻshanda ichimdan fikrlar qaynab keladi. Oʻshanda kitob yozishga qattiq kirishaman, deb oʻylayman.