Yangi “Super Mario aka-ukalari” treyleri chiqdi
“Galaktikada Super Mario aka-ukalari” multfilmining yangi treyleri tarmoqda paydo bo‘ldi. Animatsion blokbasterning navbatdagi qismi 2026-yil aprel oyida chiqishi rejalashtirilgan. Taqdim etilgan lavhalarda asosiy qahramonlar galaktika bo‘ylab yangi sarguzashtlarga otlangani aks etadi.
Tasma 2007-yilda chiqqan mashhur video o‘yinga asoslangan. Unda Kris Pratt, Anya Teylor-Djoy, Charli Dey, Jek Blek va Bri Larson kabi mashhur aktyorlar ovoz bergan. Rejissorlikni “Kinoda aka-uka Super Mario” filmining mualliflari — Aaron Xorvat va Mixael Yelenik amalga oshirgan.
Yangi loyiha Super Mario olami doirasini yanada kengaytirib, qahramonlar duch keladigan kulgili va hayajonli voqealarni ko‘rsatishga va’da beradi. Treylerda kuchaytirilgan animatsiya, yorqin effektlar va franshizaga xos dinamika aks etgan.
Super Mario o‘yinining avvalgi ekranlashtirilgan versiyasi 2023-yil bahorida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilib, dunyo bo‘ylab 1,36 milliard dollar daromad to‘plagan edi. Yangi qism ham shunga o‘xshash yirik muvaffaqiyat qayd etishi kutilmoqda.