Avval va hozir: “Jiyda guli” seriali aktyorlari 14 yil ichida qanchalik oʻzgardi?
Rejissyor Ibrohim Rasulov tomonidan 2010-yilda suratga olingan “Jiyda guli” seriali oʻz vaqtining eng hit kinoloyihalaridan biri hisoblanadi. Har bir yangi qism efirga uzatilgandi qoʻshni ayollar bir xonaga yigʻilib, televizor ovozini balandlatib qoʻyishardi. Ushbu maqolada serial aktyorlari 14 yil ichida qanchalik oʻzgargani koʻrsatiladi.
“Jiyda guli” teleseriali rejissyor Ibrohim Rasulov tomonidan 2010-yilda suratga olingan. Kinoloyiha Karimberdi Toʻramurodning “Gung qiz” hikoyasi asosida tasvirga olingan.
Unda taniqli ijodkorlar Anvar Sobirov, Nargiza Abdullayeva, Oydin Yusupova, Erkin Komilov, Nozim Toʻlaxoʻjayev, Gulbahor Dadamirzayeva, Tohir Saidov, Muyassar Berdiqulovalar rol ijro etgan.
Toping.uz muharrirlari serial aktyorlarining 14 yil ichida qanchalik oʻzgarganiga qiziqdi va ularning avvalgi hamda hozirgi rasmlarini bitta maqolaga jamladi. Ayrim sanʼatkorlarni koʻrib, ularga vaqt taʼsir oʻtkaza olmaydi, deb oʻylaysiz.
Anvar Sobirov (Murod) 2002-yildan beri pop yoʻnalishida qoʻshiq kuylaydi. Elimiz suygan sanʼatkor 2024-yilda siyosatda ham koʻrinish berib, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish boʻlimi boshligʻi lavozimida ish boshladi.
“Jiyda guli”da Madina rolini ijro qilgan Nargiza Abdullayeva 1997-yilda “Charxpalak” seriali orqali kino sanʼatiga kirib kelgan. 2016-yilda “Shuhrat” medali sohibasi hisoblanadi. Aktrisa hozirda bir qancha kinoloyihalarda suratga tushmoqda va toʻy-shodiyonalarda boshlovchilik qilib kelmoqda.
Oʻzbek kinosanʼatining eng sevimli va yoqimtoy aktrisalaridan biri Oydin Yusupova (Laylo) bir qancha vaqt filmlarda suratga tushmay qoʻydi. U oxirgi yillarda yana faol tarzda rol ijro etib, muxlislarini xursand qilmoqda. Aktrisaning soʻnggi ishlaridan biri “Toshkent-94” seriali katta mashhurlikka erishdi.
Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov (Shokir ota) oʻzining uzoq yillik faoliyati davomida millionlab muxlislarning koʻnglidan joy olgan. Aktyor “Otalar soʻzi — aqlning koʻzi” koʻrsatuvida 100 dan ortiq rol oʻynagan, 500 dan ortiq film (ayniqsa, multfilm, ertak-filmlar)ni dublyaj qilishda qatnashgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Nozim Toʻlaxoʻjayev (Baxtiyor) bu yil 73 yoshni qarshiladi. Bolalikdan kino olamiga kirib kelgan Nozim Toʻlaxoʻjayevning mashhur sanʼatkor boʻlishiga hech kim shubha qilmasdi. Ammo unga bu baxt 50 yoshdan keyin kulib boqqan.
Oʻzbek onasi obrazini eng koʻp va xoʻp gavdalantirgan aktrisalardan biri Gulbahor Dadamirzayeva (Halima) soʻnggi yillarda kinolarda koʻrinmay qolgandi. U 2024-yil 25-mart kuni premyera qilingan “Ishq va anduh” filmi bilan katta sahnalarga qaytdi. Bu film ham tomoshabinlar tomonidan yuqori baholangan.
Tohir Saidov (Muxtor) ham oʻzining keskin xarakterga ega boʻlgan obrazlari bilan muxlislar xotirasida qolgan. Aktyor soʻnggi yillarda xalqaro loyihalarda koʻproq suratga tusha boshladi. Hozirda Saidov eski maktab vakili sifatida yoshlarga amaliy darslar ham berib kelmoqda. Ijodkor soʻnggi marta “Bahodir Yalangtoʻsh” kartinasida suratga tushdi.
Muyassar Berdiqulova (Xolida) Oʻzbek Milliy Akademik drama teatrida 2007-yilda buyon ishlab kelmoqda. 2013-yil “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻsatgan artist” faxriy unvoni sohibasi boʻlgan. Aktrisa soʻnggi yillarda koʻplab telenovellalarda faol tarzda suratga tushmoqda. U asosan ona yoki qaynona rollarini gavdalantiradi.
Ushbu maqola yordamida sizga nostalgik kayfiyat ulasholgan boʻlsak, oʻz vazifamizni toʻliq bajargan boʻlamiz. Toʻplamni serialni sevib tomosha qilgan yaqinlaringizga ham ulashib, ularni hayratda qoldirishni unutmang. Keyingi maqolalarda koʻrishguncha, salomat boʻling!