Avval va hozir: “Shaytanat” seriali aktyorlari 26 yil ichida qanchalik oʻzgardi?
Rejissyorlar Jahongir Qosimov va Yodgor Saʼdiyev tandemida ishlangan “Shaytanat” Oʻzbekistondagi eng mashhur teleserial hisoblanadi. 1999-yilgi premyeradan soʻng uning televideniyedagi namoyishiga hech qanday asossiz taʼqiq qoʻyilgandi. Ushbu maqolada serial aktyorlari 26 yil ichida qanchalik oʻzgargani koʻrsatiladi.
“Shaytanat” teleseriali rejissyor Jahongir Qosimov tomonidan 1998-yilda suratga olingan. Kinoloyiha Tohir Malikning shu nomdagi asari asosida ishlangan.
Unda taniqli ijodkorlar Yodgor Saʼdiyev, Behzod Muhammadkarimov, Gulchehra Jamilova, Bahrom Matchonov, Poʻlat Saidqosimov, Xayrulla Saʼdiyev, Raʼno Shodiyeva, Karim Mirhodiyevlar rol ijro etgan.
Toping.uz muharrirlari serial aktyorlarining 26 yil ichida qanchalik oʻzgarganiga qiziqdi va ularning avvalgi hamda hozirgi suratlarini bitta maqolaga jamladi. Kelgusi 10 daqiqa vaqtingizni maroqli oʻtkazasiz, degan umiddamiz.
Yodgor Saʼdiyev (Asadbek) taniqli oʻzbek kino va teatr aktori, rejissyor. Oʻzbekiston xalq artisti (1998-yil). 2024-yilda Tojikiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan. “Shaytanat”ning 7-dan 20-qismigacha Saʼdiyev rejissyorlik ham qilgan.
Behzod Muhammadkarimov (Elchin) Oʻzbekistonlik teatr, kino va dublyaj aktyori. Toshkent teatr va rassomlik sanʼat institutini tamomlagan. 1988-yildan buyon Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritib kelmoqda. U Oʻzbek milliy kino va teleseriallarda koʻplab muhim obrazlarni yaratgan.
Gulchehra Jamilova (Asadbekning ayoli Manzura) 1992-yilda Oʻzbekiston xalq artisti unvonini olgan. Aktrisani tomoshabinlar ijobiy rollarda koʻrib oʻrganib qolishgan. Ammo u aktrisa sifatida ijobiy emas, salbiy rollarni ijro etishni orzu qilgan. Jamilova ayni kunda erkin ijodkor, u 2000-yildayoq teatrni tark etgan. Bunga aktrisaning sohadan jiddiy ranjigani sabab boʻlgan.
Bahrom Matchonov (Anvar Sattorov) “Kichkina tabib”, “Shaytanat” va “Ona” kinoloyihalaridagi rollari evaziga mashhurlikka erishgan. U 2019-yilda, oradan 17 yil vaqt oʻtgach, AQSHdan Oʻzbekistonga qaytgan. Aktyor uzoq yillar davomida saraton bilan kurashgan. U 2000-yillar boshida kino sohasidagi inqiroz sababli Oʻzbekistonni tark etishga majbur boʻlgan.
Poʻlat Saidqosimov (Zelimxon) — Oʻzbekiston xalq artisti (1979). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. 2019-yilda Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida filmga tushayotgan taniqli aktyorning toʻsatdan tobi qochib, shifoxonaga yotqizilgan. Saidqosimov shu yili 87 yoshida vafot etgan.
Xayrulla Saʼdiyev (Asadbekning doʻsti Jalil) 1940-yil 6-dekabrda Toshkentda tavallud topgan. Oʻzbekiston rassomlik sanʼati institutini tugatgan. Maxsus teatrlashgan dasturlarda Afandi, asabiy odam, lektor kabi obrazlar yaratgan. Xayrulla Saʼdiyev, shuningdek, televizion miniatyuralar teatrining doimiy qatnashchisi hisoblanadi.
Raʼno Shodiyeva (Asadbekning qizi Zaynab) oʻzbek kino aktrisasi hisoblanadi. Hozirda aktrisa Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi rahbari sifatida faoliyat yuritadi. Shodiyeva uzoq yillar davomida saraton bilan kurashib, uni yengishga muvaffaq boʻlgan.
Karim Mirhodiyev (Mahmud) 1954-yil 29-iyulda Buxoro shahrida tugʻilgan. 2001-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvonini olgan. Mirhodiyev filmlarda qanday rollarni ijro etsa, hayotda ham xuddi shunday inson ekanini taʼkidlaydi. Rostan ham, aktyorning deyarli barcha rollari mazmunan bir-biriga juda yaqindir.
Yuqorida taʼkidlanganidek, serial 1999-yildan beri oʻzbek telekanallarida qayta efirga uzatilmagan. Faqatgina 2018-yilga kelib, ushbu taʼqiq olib tashlanishi aytilgan. 2020-yil 23-martdan boshlab esa Zoʻr TV telekanalida namoyish qilindi. Serial 20 qismdan iborat boʻlib, uning yakunlovchi 21-qismi haligacha suratga olinmagan.
Ushbu maqola yordamida sizga xotiralar olamiga shoʻngʻishga yordamlasha olgan boʻlsak, oʻz vazifamizni toʻliq bajargan boʻlamiz. Toʻplamni serialni sevib tomosha qilgan yaqinlaringizga ham ulashib, ularni hayratda qoldirishni unutmang. Keyingi maqolalarda koʻrishguncha, oʻzingizni ehtiyot qiling!