РУ
O’Z
UZS
/
/
Dam olish kunlarini uyda, afsuslanmagan holda o‘tkazish bo‘yicha 20 ta original g‘oya
24.06.2024

Dam olish kunlarini uyda, afsuslanmagan holda o‘tkazish bo‘yicha 20 ta original g‘oya

Dam olish kunlarini uyda, afsuslanmagan holda o‘tkazish bo‘yicha 20 ta original g‘oya

Ta’tilning jo‘nash va kelish sanalarini rejalashtirish, chiptalar sotib olish, mehmonxonadan joy band qilish, boshqa mamlakatdagi diqqatga sazovor joylarga tashrif buyurish rejasini tuzish va, albatta, to‘plagan barcha pullarni sayohatga sarflash — bularning bari klassik ta’tilga xos. Ammo yaxshi dam olish uchun qayergadir sayohat qilish shart emas: dam olish kunlarini uyda, eng qizig‘i – umuman afsuslanmasdan o‘tkazish mumkin. Biz esa buni qanday amalga oshirish kerakligi haqida qiziqarli tavsiyalar bilan bo‘lishamiz.

Bal-maskarad

Kelayotgan juma kunida qirollar bali, “Marvel” superqahramonlarining ziyofati yoki dunyoning turli mamlakatlari madaniyati mavzusida kecha o‘tkazishga nima deysiz? Bunday kechalarni o‘tkazishda muhim narsalarni — kerakli kostyumlar, menyu va musiqani tashkillashtirishni unutmang.

Uy kinoteatri

Uzoq vaqtdan beri tomosha qilmoqchi bo‘lgan filmlar, seriallar yoki hujjatli filmlaringiz ro‘yxatini oching (bunday ro‘yxat deyarli har bir kinomanda bo‘ladi). Muhitni yanada haqiqiy kinoteatrlardagi kabi qilish uchun yengil tamaddi yoki popkorn oling, yostiqchalarga qulay joylashib olib, kinolardan zavqlaning.

Hobbi uchun vaqt

Tabiat rasmini chizishni, haykaltaroshlik bilan shug‘ullanishni, yog‘och o‘ymakorlik yoki salto qilishni o‘rganishni uzoq vaqtdan beri xohlaysizmi? Ta’tilni uyda o‘tkazish azaliy orzuingizdagi hobbiga erishishda ideal imkoniyatdir. Kim biladi deysiz, ehtimol siz nafaqat o‘zingizdagi yangi iste’dodni, balki pul topish yo‘lining yana bir usulini ham toparsiz.

Bepul onlayn kurslar

Ha, haqli ravishda dam olish kunlarini (hatto uyda bo‘lsa ham) o‘rganishga sarflash adolatsizlik hisoblanadi. Ammo doim yangi ma’lumotlar olishga ishtiyoqmand inson bo‘lib, anchadan beri dizayn yoki zamonaviy san’at bo‘yicha bepul kursni o‘rganishni orzu qilgan bo‘lsangiz, unda bu variant, albatta, siz uchun. Bundan tashqari, bunday onlayn darslar ko‘p vaqt talab qilmaydi va ba’zan bir nechta darslar bilan cheklanadi.

Kompyuter yoki kitob klubi

Tan oling, biror kun albatta butun kunni sevimli kompyuter o‘yinlari dunyosida o‘tkazishni orzu qilgansiz. Uy ta’tili esa bu istakni amalga oshirishning, kerak bo‘lsa, eng qonuniy usulidir. Do‘stlaringizni kitob klubi kechasiga yig‘ib, yilning barcha bestsellerlarini muhokama qilish, aforizmlar bilan bo‘lishish va yangi kitoblarga sharhlar to‘plash ajoyib imkoniyatdir.

O‘zingizni yaxshi tomonga o‘zgartiring

Agar anchadan beri o‘zingizda iroda topib bajarmoqchi bo‘lgan ishlaringiz to‘planib qolgan bo‘lsa, ularni ro‘yobga chiqarish uy ta’tilini yanada qiziqarli qilishi mumkin. Masalan, yomon odatdan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanishni boshlash, ertalab yugurish yoki kuniga 10 ta chet tili so‘zlarini o‘rganish. O‘z muvaffaqiyatlaringizni maxsus ilova yoki kundalikka belgilab borish ham yaxshigina motivatsiya beradi.

“Nonushta” klubi

Ta’tilni uyda o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, kvartirangizni kafega aylantirishingiz mumkin. Ertalab mazali pishiriqlar, quymoqlar va qahva tayyorlab, dasturxoningizni chiroyli bezab nonushta qilishga odatlaning. Hozirgi issiq havoda ayni muddao bo‘ladigan turli yahna ichimliklarni do‘stlaringiz tanlashi uchun menyu tuzing. 

Ijodiy narsalar yasang

Mozaika, pazl yoki konstruktorni yig‘ish kabi asablarni bo‘shashtirishga yordam beradigan mashg‘ulotlardan foydalanish yaxshi fikrdir. Iloji boricha katta hajmlilarini tanlang va ta’tilingizni oxirigacha yig‘ib tugating. Shunda vaqtingiz behuda o‘tmay, chiroyli va katta bir narsani yasay olganingiz uchun o‘zingizni maqtab qo‘yishga arzigulik ish qilganingizni his qilasiz.

Uyingizda jihozlar o‘rnini almashtiring

Agar uyingizni yuqori xarajatlarsiz ta’mirlamoqchi, interyerni biroz yangilamoqchi bo‘lsangiz, unda jihozlar o‘rnini almashtirish eng maqbul variant bo‘ladi. Mebel o‘rnini, pardalar yoki devorlardagi suratlarni o‘zgartiring – atrofdagi har qanday o‘zgarish sizni quvontiradi.

Ishlatmaydigan narsalardan voz keching

Anchadan beri ishlatmaydigan narsalaringiz — eski plastinkalar, kiyim-kechak, taqinchoqlar, poyabzal yoki idishlar to‘plami kabi narsalarni tartibga keltiring. Do‘stlaringizni yig‘ib keraksiz narsalarni maqbul narx asosida “garage sale” uslubida soting. Muhimi ko‘p pul ishlab olish emas, balki quvnoq muhitda do‘stlaringiz bilan vaqt o‘tkazishdir.

Parij balkonlari

Balkonni launch-zona, ya’ni dam olish zonasi, gulzorli fransuz terrasasiga aylantirish aslida murakkab ish emas. Buning uchun balkonga kichkina stol va bir nechta stullar qo‘yish, gullar, adyol va yostiqchalar bilan bezatish kifoya. Hammasi tasavvuringizga bog‘liq.

Velosipedda sayr qiling

Bu nafaqat ta’tilda yaxshi vaqt o‘tkazish, balki sifatli mashg‘ulot hamdir. Bunda istalgan manzilni tanlashingiz, shaxsiy velosipedingiz bo‘lmasa, uni ijaraga olishingiz mumkin. Har ehtimolga qarshi, o‘zingiz bilan yengil tamaddi va suv olishni unutmang, balki bu mashg‘ulot sizga yoqib bir necha soat sayr qilishingiz mumkin.

Parkda romantik piknik uyushtiring

Oshiqlar uchun eng zo‘r g‘oya. Sendvich tayyorlang, meva va rezavorlar xarid qiling, termosga choy damlab oling, so‘ng hammasini savatchaga joylang. Juftingiz bilan chiroyli va so‘lim manzarada yolg‘iz qolib, samimiy suhbat ostida ovqatlanishingiz mumkin.

Pazandalik iste’dodingizni oshiring

Agar pazandalikka qiziqadigan bo‘lsangiz, u holda ta’tilni uyda o‘tkazish sizga faqat foydali bo‘ladi. Axir internetdan yoki buvingizning retsepti asosida yangi taomlarni pishirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Kuniga bitta yangi karbonara taomi, sushi yoki krambl deserti kabilarni pishirishingiz yoki nonushta, tushlik va kechki ovqat tayyorlashingiz mumkin. Ammo o‘zingizni toliqtirib qo‘ymang, har qalay siz ta’tildasiz.

Turistik vaybda bo‘ling

Eng qiziqarli joylar (yoki yangi manzillar) ro‘yxatini tuzing va shahringiz bo‘ylab sayohatga chiqing. Yaxshisi, shahar ekskursiya uchun gid yollab, muzeydagi yangi ko‘rgazma, diqqatga sazovor joylarga birga tashrif buyuring va esdalik uchun o‘zingizga yangi magnit sotib olishing. Ta’tilni uyda o‘tkazgan kunlardan esdalik bo‘lib qoladi.

Yaqin qarindoshlaringiznikiga boring

Agar anchadan beri amaki, xola, buvingiz yoki uzoq qarindoshlaringizga tashrif buyurmagan bo‘lsangiz, unda ta’til kunlari qarindoshlaringiz davrasida vaqt o‘tkazish uchun ajoyib vaqt hisoblanadi. Agar ular boshqa shaharda yashasa, unda qiziqarli kichik sayohat uyushtirishingiz mumkin.

Safar

Safarni chodirlar, gitara va o‘choqda pishiriladigan ovqatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Xohishingizga ko‘ra, shahar tashqarisida chiroyli manzilni tanlang yoki toqqa chiqing. Ammo uzoq va chekka joylarga bormoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz bilan tajribali instruktorni olganingiz ma’qul.

Uy sharoitida SPA

O‘zingizga uy sharoitida go‘zallik kunini uyushtiring. Sochingizga niqob qiling, ko‘pik va dengiz tuzi solingan vannada yoting, yangi sivorotkali krem/emulsiyani yoki badaningizga yangi skrab ishlatib ko‘ring – uy sharoitida SPA uyushtirish mumkin emas deb kim aytdi?

Bola kabi quvoning

Buning uchun o‘z farzandingiz yoki jiyaningizni olib ko‘ngilochar parkka, hayvonot bog‘iga yoki tirga boring. Bolalikda istaganingizdek paxta-holva va muzqaymoqni to‘yib yeyishni ham unutmang.

Mehmonxonada tunash

O‘z kvartirasidan charchagan va hech bo‘lmaganda bir kun davomida yon atrofini o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar uchun yaxshi variant. Tasavvur qiling: oppoq to‘shaklarda uyg‘onasiz, xonangizga nonushta buyurasiz, keyin basseynga suzishga borasiz yoki jakuzida dam olasiz — bularning barchasi kundalik hayotdagi uy tozalash, pishirish va kir yuvish kerak degan hayollarsiz o‘tadi.