‘‘Dedpul va Rosomaxa’’ haqida dastlabki fikrlar: tomoshabinlar va tanqidchilar nima demoqda?
Yaqinda Rayan Reynolds va Xyu Jekman ishtirokidagi uzoq kutilgan ‘‘Dedpul 3’’ filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Tanqidchilar va tomoshabinlar filmni allaqachon baholab, ijobiy, salbiy va neytral fikrlarini bildirdi. Barcha fikrlarni jamlab, asosiy savolga javob beramiz — ‘‘Dedpul va Rosomaxa’’ tomosha qilishga arziydimi?
‘‘Dedpul va Rosomaxa’’: ijobiy sharhlar
Deyarli barcha tomoshabinlarning e’tiborini tortgan birinchi narsa — harakat va hazilning dinamik uyg‘unligi bo‘ldi. Rejissyor Dedpulning o‘ziga xos uslubini saqlab qolishga erishdi, bu esa franshiza muxlislarini xursand qildi. Ko‘pchilik Rosomaxa va Dedpul qahramonlari o‘rtasidagi ‘‘ajoyib uyg‘unlik’’ni ta’kidladi, buning uchun Reynolds va Jekmanga minnatdorlik bildirish o‘rinli (aytgancha, ular hayotda yaqin do‘stlar).
‘‘Film jang sahnalari ishqibozlariga yoqadi: bu kinematografiya va tomoshaboplik nuqtayi nazaridan eng yuqori mahorat namunasi’’, deb ta’kidladi tarmoqdagi muxlislardan biri.
Tanqidchilar esa film ssenariysi va rejissurasini yuqori baholadi. Ular kutilmagan burilishlar va qiziqarli dialoglardan iborat yaxshi o‘ylangan syujetni ham alohida qayd etishdi. Bundan tashqari, film operatorlarning a’lo darajadagi ishi va maxsus effektlari uchun ijobiy baholarga sazovor bo‘ldi. Shunday qilib, ‘‘non va tomoshalar’’ to‘la-to‘kis ta’minlandi.
‘‘Dedpul va Rosomaxa’’ — salbiy sharhlar
Ba’zi tomoshabinlar ayrim sahnalarning cho‘zilib ketgani, shuningdek, syujetning haddan tashqari murakkabligidan shikoyat qilmoqda. Ba’zi dialoglar oson tushunilsa-da, ko‘pchiligi uzoq va og‘ir tuyulayotgani aytilmoqda. Bu esa filmni tushunishni qiyinlashtirmoqda. Shuningdek, filmning hazil-mutoyibalari ‘‘urfdan qolgan’’, zo‘raki va oldindan aytib bo‘ladigan bo‘lib qolgani haqida fikrlar ham mavjud.
Tanqidchilar ham o‘z baholariga bir qoshiq zahar qo‘shishdi: ayrimlar butunlay farqlanadigan qahramonlarni birlashtirish unchalik o‘rinli g‘oya emasligini ta’kidladi. Aytishlaricha, film Rosomaxa qahramonini hamma sevgan jiddiylik va qorong‘u uslubdan mahrum etgan. Buning o‘rniga ekranda Dedpulning kulgili panoramasi namoyon bo‘lgan. Qonli va boshqa o‘rinsiz sahnalar ham barchaga manzur kelmadi.
‘‘Dedpul va Rosomaha’’ — neytral sharhlar
Tanqidchilar va tomoshabinlarning neytral fikrlari o‘xshash: yomon bo‘lmagan ekshn, sifatli aktyorlik mahorati, biroq filmning umumiy ohangida mukammallik va eng yuqori bahoga loyiqlik yetishmayotgandek. Ayrim tomoshabinlar filmni ‘‘yomon emas’’ deb hisoblasa-da, franshiza ichida eng yaxshisi emasligini ta’kidlashmoqda. Tanqidchilar ham bunga qo‘shiladi: ‘‘Dedpul va Rosomaha’’ kardinal yangilik va hayratlanarli ta’sirsiz ‘‘bir martalik ko‘ngil ochishga’’ arzirli ekanini aytmoqda.
‘‘Dedpul va Rosomaha’’ning umumiy bahosi — tomoshabinlar, tanqidchilar va (kutilmaganda) muallif tomonidan
‘‘Dedpul va Rosomaha’’ turli xil, ammo asosan ijobiy baholarni qo‘lga kiritdi. Tomoshabinlarning aksariyati mamnun va maqtovlarni ayamayapti, tanqidchilar esa ancha vazminroq bo‘lib, e’tirof etishmoqda: film hammaga ham yoqmasligi mumkin, ammo uni albatta ko‘rishga arziydi.
Bunga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. ‘‘Dedpul 3’’ni hech bo‘lmaganda ajoyib saundtreki, boshqa olamlardan super qahramonlarning qaytishi va yangilarining paydo bo‘lishi (masalan, Ledi Dedpul), shuningdek, Jekmenning mukammal pressi uchun ko‘rish kerak. Biroq bu muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.
Maroqli tomosha tilaymiz!