Dildora Niyozova oilasiga oid katta sirni oshkor qildi


Taniqli qoʻshiqchi Dildora Niyozova oilasi atrofidagi gap-soʻzlarga oydinlik kiritdi.
Xonanda Dildora Niyozova “Daryo”ga bergan intervyusida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan shaxsiy hayoti va turmush oʻrtogʻining xiyonatini kechirgani haqida gapirdi.
— Oilamdagi nizolardan soʻng xalqning yonida ham koʻrinishni istamay qoldim. Oradan ancha vaqt oʻtdi, koʻp haqiqatlarni tushunib yetdim. Turmush oʻrtogʻimning xiyonatini kechirdim, koʻnglimda unga ham va u ayolga ham hech qanday yomonligim yoʻq.
Haligacha odamlar orasiga kirib borsam, “Siz shunchalik mashhur ayol boʻlib turib turmush oʻrtogʻingizni kechirib yashayapsizmi?” deyishadi. “Nima qilibdi, Yaratgan shuncha gunohlarimizni kechiradiku”, deyman. Bu hayotda koʻp ayollarni koʻrdim. Bitta xiyonatga uchrasa, qasd olmagunga qadar tinchishmaydi. Ammo bu bilan inson oʻzini ham, atrofdagilarni ham qiynaydi. Inson kechirolsa, yashasin, agar unday qilolmasa, yaxshisi, u insondan voz kechgani maʼqul.
Bu voqealardan keyin juda koʻp ayollar ijtimoiy tarmoqlardan aloqaga chiqib, mendan maslahat soʻrashdi. Shunda bildimki, oramizda bunday insonlar koʻp. Ammo bu muammo emas, hech bir anduhni dilda saqlamay, shunchaki chiqarib yuborish kerak.

Agar hozirgi aqlim avvalroq kirganida, men ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilmasdim. Ayolligimga bordim va emotsiyaga berilib turli gaplarni gapirib yubordim. Bu uchun turmush oʻrtogʻimdan ham koʻp marta uzr soʻradim. Har bir inson sevishni va sevilishni xohlaydi. Unga buyruq berib boʻlmaydi, deydi Dildora Niyozova.
Xonanda maʼmurlik vazifasini turmush oʻrtogʻi bajarmayotgani va u eski kasbiga qaytgani haqida gapirdi.
— Turmush oʻrtogʻimga suyanib qolgan ekanman. Keyinchalik tushundimki, ayol faqatgina Yaratganga suyanishi va oʻz imkoniyatlariga qarab harakat qilishi kerak ekan. Muxlislarim turmush oʻrtogʻimga nisbatan biroz adolatsizlik qilishdi. Alfons degan gaplar uning koʻngliga ogʻir botdi. Nazarimda, ayolining ortidan kun koʻradigan erkaklar boshqacha boʻladi, turmush oʻrtogʻim undaylar toifasiga kirmaydi.
Bunday gap-soʻzlardan keyin u eski ishiga qaytishga qaror qildi. Hozir u Andijonda tibbiyot klinikasining qurilishida ishlayapti. Yaqinda borib koʻrib keldim, ustalar qanday ahvolda ishlashsa va yashashsa, u ham xuddi shunday mehnat qilyapti. Yaxshi sharoitdan keyin bu ahvolda ishlolmaydi, deb oʻylagandim. Ammo u inson sevimli ishi bilan shugʻullanyapti. Uzoqda boʻlsada, farzandlari haqida qaygʻuryapti.
Yashirmayman, avvallari turmush oʻrtogʻimga ishonib mashina ham boshqarmasdim. Roʻzgʻor, ijoddagi tashkiliy ishlar ham mening zimmamda emasdi. Yolgʻizlik insonni pishitar ekan, hammasiga asta-sekin oʻrganyapman. Yolgʻiz ayollarga Allohdan kuch-quvvat tilayman, deydi Dildora Niyozova.