Endi xorijga chiqish pasportini pochta orqali olish mumkin
Prezident tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.
Oʻzgartirishlarga koʻra, xorijga chiqish pasportini pochta orqali yetkazish haqida soʻrov mavjud boʻlganda, maʼlumotlarni yigʻish punkti xodimi hujjatni pochta xizmati xodimiga topshiradi.
Pochta xodimi xorijga chiqish pasportini fuqaroni yashash manziliga yetkazadi, u uyda boʻlmagan taqdirda hujjatni pochta boʻlimida 10 kun davomida saqlaydi. Mazkur muddat ichida fuqaro hujjatini olib ketmasa, xorijga chiqish pasporti maʼlumotlarni yigʻish punktiga qaytariladi.
Pochta xizmati haqi fuqaro tomonidan toʻlanadi. Shuningdek, endilikda bola uchun xorijga chiqish pasportini olishga soʻrovnomani toʻldirishda voyaga yetmagan shaxsning ota-onalari va qonuniy vakillari bolani xorijda qarovsiz qoldirganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantiriladi.