РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekiston moda brendi Germaniyada namoyish etildi
12.11.2024

Oʻzbekiston moda brendi Germaniyada namoyish etildi

Oʻzbekiston moda brendi Germaniyada namoyish etildi

Frankfurt-Maynda boʻlib oʻtgan “Golden Grace” xalqaro moda namoyishida “Miras by Banu” brendi ostida oʻzbek milliy liboslarining oʻziga xos uslubi namoyish etildi. Germaniyaning “Fusion Design” dizaynerlar assotsiatsiyasi koʻmagida tashkil etilgan tadbir shaharning yirik xalqaro aeroporti hududida joylashgan “The Square” koʻrgazma zalida uyushtirildi.

Namoyishda 400 dan ziyod mehmon, jumladan mashhur dizaynerlar, madaniyat va sanʼat arboblari, blogerlar, suratkashlar va Yevropa moda sanoati vakillari ishtirok etdi. Trendlar Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Ukraina, Gretsiya, Oʻzbekiston va Latviyadan borgan 15 nafar isteʼdodli dizayner tomonidan taqdim etildi. Mamlakatimiz namoyishda ishtirok etgan yagona Osiyo davlati sifatida uchinchi bor oʻz kolleksiyasini taqdim etdi.

Mehmonlar qoʻl mehnati sanʼati va oʻzbek matolarining jimjimador naqshlaridan bahramand boʻlishdi. Xususan, butun dunyoga noyob matolari bilan mashhur boʻlgan, Buyuk ipak yoʻli boʻylab joylashgan qadimiy shaharlarimiz tarixiy merosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Milliy kiyimlar namoyishi xorijlik tomoshabinlarda oʻzbek madaniyatiga nisbatan zoʻr qiziqish uygʻotdi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan mazkur tadbir oʻzbek dizayni jahon uzra tobora ommalashib borayotganidan dalolatdir.

Mamlakatimiz dizaynerlari “Golden Grace”dagi muvaffaqiyatli ishtiroki tufayli kelasi yil may oyida oʻtkaziladigan “Modenschau-2025” namoyishiga ham taklif qilindi. Bu oʻzbek modasini xalqaro maydonda targʻib qilish uchun yana bir istiqbolli imkoniyat, deyish mumkin.