РУ
O’Z
UZS
/
/
Foto: 2024-yilda farzandli boʻl(adi)gan oʻzbek shou-biznesi vakillari
13.10.2024

Foto: 2024-yilda farzandli boʻl(adi)gan oʻzbek shou-biznesi vakillari

Foto: 2024-yilda farzandli boʻl(adi)gan oʻzbek shou-biznesi vakillari

Farzand xonadonga quvonch, baraka va ota-onaga cheksiz baxt olib keladi. Bu yil oʻzbek shou-biznesining koʻplab vakillari ham bu baxtga erishdi.

Oybek va Nigora

Uzoq yillardan beri muxlislar eʼtiboridan tushmay kelayotgan xonandalar oilasi bu yil ham oʻz auditoriyasini hayotiy yangiliklar bilan quvontirdi. Nigora 5-iyun kuni 4-farzadini dunyoga keltirdi.

Bu safar qizaloq dunyoga keldi. Unga Aliya deb ism qoʻyilgan. Chaqaloqni tugʻuruqxonadan olib chiqishga koʻplab mashhurlar, jumladan, Dilsoʻz, Umidaxon va Muhabbat Hamroyevalar kelgan.

Zohid Risqiyev

“Ummon” guruhining sobiq aʼzosi, xonanda Zohid Risqiyev qiz farzandli boʻldi. U ayoli va qizini 21-avgust kuni tugʻuruqxonadan olib chiqqan.

Juftlik chaqaloqqa Sayha deb ism qoʻygan. Bu Zohid va Kamolaning ikkinchi farzandi hisoblanadi. Ular bundan bir yil oldin oʻgʻil farzandning ota-onasiga aylangandi.

Mahliyo Omon

Yana bir yulduzli juftlik sentyabr oyida ilk bor ota-onalik baxtiga muyassar boʻldi. Farzandga Muhammadali deb ism qoʻyildi. Mahliyo Omon 28-may kuni ona boʻlishi haqida post qoldirgandi.

Ular bu haqda katta shov-shuv qilishmadi. Mahliyo faqatgina ikkita post bilan farzandli boʻlganini maʼlum qildi. Muhammadalining yuzi koʻringan suratlari ham hozircha eʼlon qilinmagan.

Dilshoda Rustamjonova

Blogerlar oilasi shu yil yozda, 16-avgust kuni ilk bor farzandli boʻlishdi. Ular endi qizaloqning ota-onasi va unga Bibisora deb ism qoʻyishgan. Ular chaqaloqning ulgʻayishini oʻziga xos tarzda nishonlamoqda.

Dilshoda Bibisoraning oyoqchasiga qizil rangli boʻyoq surtadi, turmush oʻrtogʻi Shaxboz esa uni 2-oy deb yozilgan qogʻozga bosadi. Shu orqali ular farzandining oʻsib-unishini tarixga muhrlab borishmoqchi.

Yorqinxoʻja Umarov

Yosh xonanda 2023-yil 19-sentyabr kuni Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning uchinchi qizi Zinnuraga uylangandi. Toʻyga oʻzbek shou-biznesining eng mashhur yulduzlari kelib, soʻnggi hit taronalarini ijro etgan.

Juftlik 2024-yil 15-iyun kuni oʻgʻil farzandli boʻldi. Unga Abdulazizxoʻja deb ism qoʻyildi. Chaqaloqning qulogʻiga azonni Muhammad Solih qori Toshkandiy aytgan.

Munisa Rizayeva

Xonandaning farzand koʻrishi yilning eng kutilgan voqealaridan biriga aylandi. U turmush oʻrtogʻi Arseniy Moroz bilan Argentinaga uchib ketdi. Rizayeva ilk farzandini shu yerda dunyoga keltirishni rejalashtirmoqda.

Bunga bir nechta sabab bor. Birinchidan, Argentinaning tibbiyot darajasi dunyo boʻyicha 33-oʻrinda turadi. Keyingi oʻrinlarda esa turli madaniyatlar qorishmasi va Messini uchratib qolish imkoniyati qoʻshilgan.

Oydin Yusupova

Uzoq yillardan beri oʻzbek kinolarida koʻrinish bermayotgan aktrisa ayni paytda rus kinoijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan serialda rol ijro etmoqda. U sentyabr oyi boshida homilador ekanini maʼlum qilgandi.

Yusupova ijobiy homiladorlik testini koʻrsatib, sevimli insonidan ekanini yozgan. Bu esa muxlislarning qiziqishiga sabab boʻlgan. Aktrisa bu inson kim ekaniga va u bilan oila qurgan yoki qurmaganligiga oydinlik kiritmagan.