РУ
O’Z
UZS
/
/
Hafta insoni: Mashhur reper Shaka
25.09.2024

Hafta insoni: Mashhur reper Shaka

Hafta insoni: Mashhur reper Shaka

“Hafta insoni” ruknining bu safargi mehmoni — mashhur reper va shoir Shaka. Biz xonanda bilan sanʼat sohasidagi faoliyati, rep janrining oʻziga xosliklari va yaqin kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.

Shahriyor Karshiyev 1992-yilda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tavallud topgan. U harbiy musiqiy maktab-internatda tahsil olgan.

Rep bilan shugʻullanishga qachon qaror qabul qilgansiz?

Rep bilan esimni taniganimdan beri shugʻullanaman. Eminemning kassetasidan ilhomlanib, 2000-yillar boshlarida kassetalarga oʻzimning shu yoʻnalishdagi qoʻshiqlarimni yoza boshlaganman.

2013-yilda ish qidirib Dubayga ketganman. Birinchi ijod namunalarimni aynan shu yerda turib, chiqara boshlaganman. U paytlarda koʻpchilik yoʻnalishimni tushunmasdi, hozirga kelib eshitadiganlar ancha koʻpayib qolgan.

Rep oʻzbek mediasida qachondir meynstrim janrga aylanishi mumkinmi?

Rep dunyoda allaqachon meynstrimga aylangan. Oʻzbekistonda ham eng ommabop yoʻnalishga aylanishi kerak edi. Lekin bizda sanʼatning oqsab qolgani tufayli bu jarayon kechga qolyapti.

Aniq ayta olaman, hozir Oʻzbekistonda rep janri 10 yil avvalgidan ancha yaxshiroq rivojlangan. Bunga asosan reperlarning koʻpayganini sabab qilib keltirish mumkin. Shoxrux va Shaxriyor davrlarida shou-biznes richagi toʻgʻri ishlagani uchun ular muvaffaqiyat qozona olgan.

Ammo mening oʻzim rep yoʻnalishini katta auditoriya toʻplash uchun tanlamaganman. Hip-hopda “Keep it real” degan atama bor. Yaʼni siz kim boʻlsangiz, oʻzingizni shunday koʻrsatishingiz kerak. Koʻpchilikka yoqaman deb shaxsiyatni oʻzgartirish toʻgʻri emas.

Falsafa, fizika, adabiyot: Shaka turli jumboqli qatorlari bilan tinglovchilarga aynan qanday gʻoya yoki fikrlarni yetkazmoqchi boʻladi?

Biz qattiq zamonlarda katta boʻlganmiz. Ilgari istagan gapingizni nafaqat qoʻshiqlarda, balki yolgʻizlikda qolganda ham ayta olmasdingiz. Abdulla Oripovlar ham sobiq tuzum davrida shunday qilishgan.

Masalan, Baxtiyor Rahmonov bilan birgalikda kuylangan “Yulduzimsan” qoʻshigʻining har bir qatorida alohida maʼnolar yashirilgan. U asli 16 yoshdagi sevgimga bagʻishlangan. Ammo soʻzlardan birdan buni tushunib olish qiyin.

Yashirin maʼnolarda kuylash, birinchidan, oʻtmishdan qolgan meʼros, ikkinchidan, shunchaki oʻzimga yoqadi. Fizikaga ham bolalikdan qiziqaman. Falsafani oxirgi yillarda oʻrgana boshladim, bu borada hali havaskorman.

10 yildan keyin ham ijod qilasizmi?

Qancha vaqt yashasam, shuncha ijod qilaman. Ijod men uchun pul topish yoki tanilish vositasi emas. Bu soat toʻqqizdan oltigacha ishlab, keyin nafaqaga chiqadigan ish emas. Ijod — mening borligʻim. Oʻzimni majburlasam ham toʻxtay olmayman.

Buni bir ummonga qiyoslash mumkin. Qanchalik oʻrtasiga suzib borganingiz kabi undan chiqish imkonsiz boʻlib boraveradi. Hali qilinmagan ishlar, aytilmagan gaplar koʻp. Shu sabab ijodni qachondir toʻliq tashlab ketaman deb umuman oʻylamayman.

Yaqin orada yangi premyeralar yoki duetlarni kutsak boʻladimi?

Tayyor kompozitsiyalarim talaygina. Birin-ketin eʼlon qilinadi. Uning ustiga, men daho deb bilgan ustoz Mirzabek Xolmedov bilan ham duet kutilmoqda.

Demak, muxlislarimizni anchagina koʻp yangiliklar kutib turibdi. Faqatgina ozroq sabr va hammasi galma-gal premyera qilinadi. Qoʻshiqlar esa bir-biridan farqli mavzularda deya olaman.

Reperlik bu alohida kasbmi yoki asosiy ish bilan birga olib ketiladigan hobbi?

Reperlikni hobbi deya olmayman. U hobbidan ustunroq. Repdan tashqari, albatta pul topadigan boshqa ishlarim ham bor. Bu paxta sanoati va qurilishdir. Shu sababli ijodga ham, ishga ham bemalol vaqt qoladi.

Ammo ayni paytda ijodga unchalik koʻp eʼtibor bera olmayapman. Oʻzbekistonga qaytgach, ish tartibim ancha oʻzgarib ketdi. Shu bois rep bilan jiddiy shugʻullanishga ulgurmayotgan boʻlsam kerak deb oʻylayapman.

Musiqa sanʼati bu men uchun qimmat rohatdir. U bilan shugʻullanishni doim xohlayman. Lekin yaxshi musiqa yozish uchun boshqa ishlar bilan shugʻullanib, pul ishlashim kerak. Koʻproq pul topsam, vaqtim bemalol boʻladi. Shundagi musiqa bilan ham hech qanday oʻylarsiz shugʻullana olaman.

Blits-savollar:

Top-3 oʻzbek reperlari

Radius 21, Shoxrux, Shaka!

Negadir eng zoʻr reperlarning ismlari Sh dan boshlanadi:

  • Shahriyor — Shaka;
  • Shoxrux;
  • Sharif — Konsta;
  • Shokir — Millymalymoe;
  • Shuhrat — Massa;
  • Shahzod - Radius 21.

Top-3 oʻzbek va jahon kinosi durdonalari

  • “Shoushenkdan qochish”;
  • “Interstellar”;
  • “Jinoiy asar”.

Top-3 oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari

  • Gyote — Faust;
  • Dostoyevskiy — Jinoyat va jazo;
  • Abdulla Qodiriy — Oʻtkan kunlar.